Kindik parvarishi
Farzandingizning kindik qoldigʻi: nimani kutish kerak?
Farzandingiz tugʻilgandan keyin uning kindigi kesiladi. Doya kesilgan kindik qoldigʻini plastik qisqich bilan qisib qoʻyadi yoki bogʻlab qoʻyadi. Bir-ikki kundan soʻng kindik qoldigʻi qurib, tortilgach, qisqich olib tashlanadi.
Tugʻilgandan keyingi dastlabki kunlarda kindik qoldigʻi qorayadi, quriydi va oxir-oqibat oʻzi tushib ketadi. Baʼzan bunga bir yoki ikki hafta kerak boʻladi. Agar 3 haftadan koʻproq vaqt oʻtgandan soʻng ham kindik qoldigʻi tushmasa, hamshira yoki pediatr bilan maslahatlashing.
Kindik qoldigʻi quriyotganda va tushgan paytda kindik atrofida suyuq ajralmani koʻrishingiz mumkin. Ajralmalar tiniq, yopishqoq va jigarrang boʻlishi, shuningdek, kiyimda yoki taglikda dogʻ qoldirishi mumkin. Bundan tashqari, hidi boʻlishi ham mumkin. Bu bitish jarayonida uchraydigan odatiy holat, xavotirlanishingizga oʻrin yoʻq.
Farzandingizning kindigini parvarish qilish
Kindik qoldigʻini tozalashdan oldin qoʻlingizni yuving va iloji boʻlsa, unga tegmaslikka harakat qiling.
Farzandingizning kindigini toza saqlash uchun suvdan foydalaning. Uni tozalash uchun sovun, krem, antiseptik yoki spirtdan foydalanish, shuningdek, kindikni bogʻlab qoʻyish kerak emas.
Choʻmilgandan keyin kindik qoldigʻi toʻliq qurishini nazorat qiling. Kindik qoldigʻi iloji boricha koʻproq ochiq qoldirilsa, shuncha tez quriydi va oʻrni bitadi. Uni suyuqlikni shimimaydigan ishtoncha yoki taglik bilan yopmaslikka harakat qiling. Imkoni boricha taglik tasmasini kindikdan pastroqqa tushiring.
Agar kindik qoldigʻiga siydik yoki najas tegsa, uni toza suvda neytral kislotali bolalar sovuni bilan yuving.
Kindik qoldigʻini hech qachon oʻzingiz uzib olishga urinmang, garchi u uzilay deb turgan boʻlsa ham.
Kindik granulomasi
Kindik qoldigʻi tushganidan soʻng, baʼzi chaqaloqlarda kindik granulomasi paydo boʻlishi mumkin. Bu odatda qizil yoki pushti rangdagi qattiqroq hosila boʻlib, kindik oʻrnida shakllanadi. Baʼzan bu yerdan ajralma ajralishi mumkin.
Kindik granulomasi odatda zararsiz, lekin pediatr yoki hamshira uni koʻrib qoʻyishi kerak.
Kindik churrasi
Agar farzandingizning kindigi atrofida shish yoki oʻsma paydo boʻlsa, bu kindik churrasi boʻlishi mumkin. Agar unda kindik churrasi boʻlsa, najas chiqarishda yigʻlaydi yoki kuchanadi. Odatda bu xavfli emas va bolaga zarar yetkazmaydi.
Kindik churrasi hayotning dastlabki ikki yilida oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketishi mumkin, lekin baʼzilari bola 4 yoshga kirguncha va undan koʻproq vaqtda ham yoʻqolmaydi.
Kindik qoldigʻining yalligʻlanishi bu – jiddiy asorat, shuning uchun agar chaqaloqning kindik atrofi ushlaganingizda issiq boʻlsa, qizarsa yoki shishib ketsa va/yoki bolaning tana harorati koʻtarilsa yoki oʻzini yomon his qilsa yoki kindik tushganidan bir necha kun oʻtgach ham yopishqoq ajralmani koʻrsangiz, iloji boricha tezroq shifokorga murojaat qiling.