Ikkinchi tilda qoʻshiq aytish: 0–6 yoshli bolalar uchun mashgʻulotlar

Qoʻshiq aytish – farzandingiz ikkinchi tilni oʻrganishi va ikki tilni oʻzlashtirishiga yordam beradigan qiziqarli usul. Yosh bolalar uchun oddiy va tanish qoʻshiqlarni tanlang. Kattaroq bolalar uchun ikkinchi tilda pop qoʻshiqlarini qidirishingiz mumkin.
Body

Ikkinchi tilda qoʻshiq aytish: bolalar uchun afzalligi

Ikki tilni oʻzlashtirish – ikki tilni tushunish va gapirish bolalarning rivojlanishida juda foydalidir. Qoʻshiq aytish – farzandingiz soʻzlar va jumlalar tuzilishini ikkinchi tilda oʻrganishi va eslab qolishiga yordam beradigan qiziqarli usul.

Farzandingiz soʻzlari yoki naqaroti takrorlanib kelgan qoʻshiqlarni kuylaganida yangi soʻzlar va jumlalar tuzilishini bilib oladi. Bu farzandingiz yangi soʻzlarni eslab qolishiga yordam beradi.

Madaniy yoki shaxsiy ahamiyatga ega boʻlgan qoʻshiqlar – masalan, oilangizda avloddan avlodga oʻtib kelayotgan qoʻshiqlar – farzandingiz uchun qoʻshimcha maʼnoga ega boʻlishi mumkin.

Farzandingiz bilan ikkinchi tilda kuylashingiz uchun nimalar kerak?

Farzandingiz bilan birga aytish uchun sizga ikkinchi til hisoblanadigan tildagi oddiy qoʻshiqni tanlang.

Agar yaxshi qoʻshiqlarni bilmasangiz, CD yoki DVD dan yoki Internetdan qidirib topishingiz mumkin.

Farzandingiz bilan ikkinchi tilda qanday kuylashingiz mumkin?

Farzandingiz bilan qoʻshiq kuylashingizga yordam beradigan baʼzi gʻoyalar:

  • Qoʻl harakatlari ishlatiladigan qoʻshiqlarni tanlang yoki oʻzingiz harakatlar oʻylab toping. Qoʻl harakati farzandingizga qoʻshiq nima haqida ekanini tushunishga yordam beradi, hatto u hamma soʻzlarni tushunmasa ham.
  • Farzandingizga qoʻshiq kuylab bering. Qanday kuylayotganingiz haqida qaygʻurmang. Qanday kuylashingizdan qatʼi nazar, farzandingizga sizning ovozingiz yoqaveradi.
  • Farzandingiz oʻz ona tilida biladigan qoʻshiqlarni tanlang, masalan “Tugʻilgan kuning bilan”.
  • Qoʻshiq aytayotganda yuzingiz va ovozingizga koʻproq ifoda bering.
  • Farzandingiz qoʻshiq soʻzlarini aytganda yoki harakatlarni takrorlaganda uni maqtang. Farzandingiz boshida faqat bitta yoki ikkita soʻzni eslab qolishi mumkin.
  • Qoʻshiq nima haqida ekanini tushuntiring. Har bir soʻzni tarjima qilishingiz shart emas.
  • Farzandingiz bilan kundalik suhbat davomida qoʻshiqlardan baʼzi soʻz va iboralarni ishlatishga harakat qiling. Agar suhbatingiz mavzusiga mos keladigan boʻlsa, qoʻshiqning ayrim qismlarini kuylash qiziqarli boʻlishi mumkin.

Ikkinchi tilda qoʻshiq aytish: turli yoshdagi bolalarni moslashtirish

Siz kichkintoyingizga tugʻilishi bilan, hatto undan ham oldin turli tillarda qoʻshiqlar kuylab berishingiz mumkin. U gapira boshlashini yoki bitta tilda ravon gaplasha olishini kutishning hojati yoʻq. Bolalar bir vaqtning oʻzida ikki yoki undan ortiq tilni oʻrganishlari mumkin.

Qiziqarli pop qoʻshiqlardan esa kattaroq yoshli farzandingiz til oʻrganishda samarali foydalanishi mumkin. Bola faqat bitta yoki ikkita soʻz yoki iborani tushuna oladi, lekin agar unga yoqsa, koʻproq narsani tushunmaguncha tinglashni davom ettiradi. Mazmuni bolaga mos yoki yoʻqligini bilish uchun qoʻshiq matnini tekshirishingiz mumkin.