Maktabga chiqishdan oldin pediatr oʻtkazadigan muntazam tibbiy koʻrik
Koʻrikka tayyorgarlik
- Bolangiz bilan yaqinda pediatr qabuliga borishingiz haqida suhbatlashing. Maktabga toʻgʻri tayyorgarlik koʻrish va tibbiy koʻrikdan oʻtish nima uchun muhimligini unga tushuntiring.
- Navbat kutish paytida farzandingizni band qilish uchun yaxshi koʻrgan kitobini yoki yoqtiradigan oʻyinchogʻini olib keling.
- Pediatr koʻrigiga ketishdan oldin bolangizning tibbiy hujjati borligini tekshiring.
Muntazam tibbiy koʻrikning maqsadi
Oʻsish monitoringi
Tana uzunligi / boʻyi va vazn oʻlchovlari bola yechintirilib, ichki kiyimida qoldirilib olinadi. Oʻlchov natijalari oʻsish jadvallariga (xaritalariga) kiritiladi. Ushbu yoshda tana vazni indeksi hisoblanishi, tana vaznining tana boʻyiga nisbati baholanishi va bu oʻsish jadvaliga ham kiritilishi mumkin.
Dastlabki suhbat va maslahat:
- Pediatr bolangizning oʻsishini tekshiradi va uni oʻsish egri chizigʻiga mos ravishda baholaydi.
- Pediatrni bolaning ovqatlanishi, jismoniy faoliyati, qiziqishlari, xulqi va hokazolar qiziqtiradi.
- Bolaning sogʻligʻi boʻyicha ehtimoliy xavflarni muhokama qilish juda muhim, chunki bu bolaning xatti-harakatlarida oʻzgarishlar boʻlganda foydali tavsiyalar olish uchun imkoniyatdir.
Pediatr koʻrigi va rivojlanishni baholash
- Pediatr bolangizni odatdagi tartibda muntazam koʻrikdan oʻtkazadi: teri qoplamlari, bosh, burun, ogʻiz, boʻyin, boʻyin limfa tugunlarini koʻzdan kechiradi; soʻng yurak va oʻpkani tinglaydi, qorinni paypaslaydi, jinsiy aʼzolar holatini va qaddi-qomatni tekshiradi. Qon bosimini oʻlchab, elektrokardiogramma oʻtkazadi.
- Tekshiruv davomida siz kuzatub turishingiz, savollar berishingiz va maslahatlar olishingiz mumkin.
Qoʻshimcha tekshirishlar
- Ayni paytda sezgi aʼzolari holatini batafsilroq tekshirish kerak: koʻrish, eshitish, nutqiy rivojlanish, tishlarning holati va qaddi-qomatni tekshirish. Shu maqsadda pediatr bolani quloq, tomoq va burun (LOR) mutaxassisi, koʻz shifokori (oftalmolog), nutq shifokori (logoped), stomatolog va ortopedga yoʻnaltiradi.
- Pediatr bolaga umumiy qon va peshob tahlilini buyuradi.
- Agar siz tor mutaxassislarga va tahlillarga yoʻllanmani oldingi koʻrikda olgan boʻlsangiz, tor mutaxassislarning xulosalari va tahlil natijalarini tekshiruvga olib keling.
Emlash
Bu yoshda (6 yoshda) farzandingiz qizamiq, epidemiologik parotit va qizilchaga qarshi kombinirlangan vaksinaning ikkinchi dozasini oladi (KPK-2). 7 yoshda ADS-M-5 anataksini (tozalangan, adsorblangan va antigen miqdori kamaytirilgan – boʻgʻma, qoqsholga qarshi ikkinchi revaksinatsiyasi) oʻtkaziladi va OPV-5–poliomiyelit kasalligiga qarshi emlanadi.
Yakunlovchi xulosa
Boshlangʻich maktabning birinchi sinfiga chiqish uchun yakuniy xulosa va sogʻligʻi haqida maʼlumotnoma pediatr tomonidan kasallik tarixi, klinik tekshiruvlar, mutaxassislarning xulosalari, laboratoriya tahlil natijalari va emlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida beriladi.
Toʻliq tekshirish vaqtida odatdagi koʻrsatkichlardan farqlar kuzatilgan taqdirda, pediatr bola maktab shifokoriga oʻtguniga qadar bolaning rivojlanishini kuzatishni va tekshirishni davom ettiradi.
Farzandingiz hayotga katta qadam tashlamoqda. Uni tushunishga harakat qiling, hissiyotlarini hurmatlang. Xavotirlaringizni bildirmang, unga dalda berib, qoʻllab-quvvatlang. Agar sizni shubhalantirgan jihatlar boʻlsa, koʻrik payti tibbiy xodim bilan fikr almashing.