Muntazam tibbiy koʻrik: toʻrtinchi yil
Koʻrikka tayyorgarlik
- Farzandingizning yangi tibbiy hujjatlari boʻlsa, pediatrga koʻrsatish uchun ularni oʻzingiz bilan olib boring.
- Farzandingiz yaxshi koʻrgan oʻyinchoq yoki kitobni olib keling, navbat kutish paytida u oʻyindan yoki oʻqishdan zavqlansin.
Muntazam tibbiy koʻrikning maqsadi
Oʻsish monitoringi
Hamshira bolangiz bilan iliq munosabat oʻrnatib, uning boʻyini ichki kiyimida oʻlchaydi va oʻsish jadvallariga (grafik) tana boʻyi va vazn oʻlchovlarini kiritadi.
Dastlabki suhbat
Pediatr qabuli har doim tegishli suhbat bilan boshlanadi. U oldingi tashrifdan keyin bola qanday oʻsgani, qanday ovqatlanayotgani, jismoniy faolligi, qanday uxlayotgani, qanday oʻyinlarni oʻynashni yoqtirishi, oilaviy muhitda biror-bir oʻzgarishlar yuz bergan yoki yoʻqligi, bolalar bogʻchasiga borish-bormasligi va hokazolarni tekshiradi.
Pediatr tekshiruvi va rivojlanishni baholash
- Shifokor yoki hamshira bolaga biron-bir buyumni taklif qiladi va uning xatti-harakatlarini hamda sizga nisbatan xatti-harakatlarini kuzatadi. Pediatr bolangizni sizga tanish boʻlgan tartibda muntazam tekshiruvdan oʻtkazadi. U quyidagilarni tekshiradi: teri qoplamlari, bosh, burun, ogʻiz boʻshligi, boʻyin, boʻyin limfa tugunlarini koʻzdan kechiradi, keyin yurak va oʻpkani eshitib koʻradi, qorinni paypaslaydi, agar zarur boʻlsa, jinsiy aʼzolarni, skeletning holatini ham tekshiradi. Soʻng qon bosimini oʻlchaydi.
- Siz bolangizning rivojlanishini aniqroq kuzatib borishni oʻrgandingiz, shuning uchun bolaning rivojlanishi va oʻzini tutishi haqidagi kuzatuvlaringizni pediatr bilan baham koʻrishingiz, kerakli maslahatlarni olishingiz mumkin.
Qoʻshimcha tekshirishlar
- Farzandingiz yetarlicha yaxshi muloqot qilgani sababli shu yoshda uning koʻrish qobiliyatini aniqlash mumkin. Shu bois pediatr uni oftalmologga yuboradi. Shuningdek, nutq rivojlanishini tekshirish uchun logopedga, agar zarur boʻlsa, suyak va boʻgʻim bilan bogʻliq muammolarini oʻz vaqtida aniqlash va hal qilish uchun bola kerakli mutaxassisga yoʻnaltiriladi. Pediatr stomatolog qabulida boʻlishingiz kerakligini ham eslatadi.
- Pediatr baholash natijalariga qarab bolani boshqa mutaxassislarga yoki maslahat uchun maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan tibbiy xodimlarga (rivojlanish boʻyicha maslahat boʻlimida) yuboradi.
- U farzandingizga umumiy qon tahlilini buyuradi.
Emlash
Ushbu yoshda rejalashtirilgan emlash yoʻq, ammo bolaning emlash holati tekshiriladi va agar emlama oʻtkazib yuborilgan boʻlsa, emlanadi.
Xulosa
Tekshiruv yakunida pediatr sizni tekshirish natijalari bilan tanishtiradi va keyingi bosqichlarni sarhisob qiladi. Farzandingizning keyingi rivojlanishini taʼminlash va qoʻllab-quvvatlash uchun sizga yozma materiallar berilishi mumkin. Keyingi muntazam koʻrik sanasi toʻgʻrisida ham maʼlum qilinadi.
Hayotning toʻrtinchi yilidagi muntazam tibbiy koʻrik bolangizning oʻsishi va rivojlanishini batafsilroq baholash uchun yana bir imkoniyat; bu davr oʻtkazib yuborilgan bosqichlar oʻrnini toʻldirish, kechikishni bartaraf etish yoki kamaytirish mumkin boʻlgan vaqtdir. Ushbu imkondan foydalaning!