Passiv chekish
Agar homiladorlik paytida cheksangiz yoki passiv chekishga duch kelsangiz, yaʼni atrofingizda chekuvchilar boʻlsa, tanangiz kislorod yetishmasligidan qiynaladi – uning oʻrnini zaharli is gazi egallab oladi.
Tamaki tutuni bor xonada qolish soatiga bitta sigaret chekish bilan barobar!
Sizga taʼsir qiladigan HAMMA ZARARLI MODDALAR yoʻldosh orqali homilaga oʻtadi!
Onaning qontomirlari torayishi chaqaloqni kislorod va ozuqa moddalari bilan taʼminlashning susayishiga olib keladi. Tamaki tutunidan kelib chiqadigan oʻzgarishlarni yoʻldoshda ultratovush (UTT) tekshiruvi yordamida koʻrish mumkin.
Agar siz cheksangiz va / yoki tez-tez va uzoq vaqt tamaki tutuni taʼsiriga duch kelsangiz, homiladorlikda quyidagi salbiy oqibatlar yuz berishi ehtimoli ortadi:
- homila tushishi;
- homila oʻsishi va rivojlanishining sekinlashishi;
- kamvazn boʻlib tugʻilish;
- muddatidan erta tugʻilish;
- tugʻilgandan keyin bu bolalarning yashash qobiliyati uzoq vaqt davomida zaiflashadi;
- bolalardagi toʻsatdan oʻlim sindromi.
Dunyodagi bolalarining deyarli yarmi tamaki tutuni bilan ifloslangan havodan nafas oladi!
Erta bolalik davrida tanadagi barcha jarayonlar, shu jumladan, toʻqimalarga qon orqali kiradigan foydali va zararli moddalarning soʻrilishi ham jadalroq kechadi. Shunday qilib, surunkali ravishda tamaki tutuniga duchor boʻladigan bolalarda quyidagilar kuzatilishi mumkin:
- oʻrta quloq infeksiyasi;
- nafas yoʻllari kasalliklari;
- astmaning boshlanishi va kuchayishi;
- allergik kasalliklar;
- feʼl-atvor bilan bogʻliq muammolar va oʻqishdagi qiyinchiliklar;
- meningit;
- bolalardagi toʻsatdan oʻlim sindromi.
Shuningdek, baʼzi tadqiqotlar passiv chekish va bolalarda baʼzi xavfli kasalliklarning paydo boʻlishi oʻrtasida bogʻliqlik borligini koʻrsatmoqda.
Tamaki tutuni tufayli kelib chiqadigan kasalliklar natijasida har yili 65 000 ga yaqin bola oʻladi.
Tamaki tutunining xavfsiz darajasi yoʻq!
- Hech kimga (hatto oʻzingizga ham) uyingizda chekishga ruxsat bermang!
- Avtomobilingizni tamaki tutunidan xoli joyga aylantiring!
- Oʻyin xonalari, bogʻlar va farzandlaringiz vaqt oʻtkazadigan boshqa joylarda chekish taqiqlanganiga ishonch hosil qiling!
- Bolalar bilan sayrga chiqish uchun tamaki chekilmaydigan restoran va kafelarni tanlang. Hatto chekish rasman taqiqlangan joylar ham tamaki tutunidan toʻliq himoyalanmaydi!