Poliomiyelit

Poliomiyelit bu – poliomiyelit virusi keltirib chiqaradigan yuqumli virusli kasallik. Organizmga ogʻiz orqali kirib, ichakda koʻpayadi, u yerdan asab tizimiga oʻtadi va mushaklar falajiga olib kelishi mumkin.
Body

1988-yilda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) poliomiyelitni yoʻq qilish tashabbusini ilgari surdi. Shunga qaramay, 2019-yilda dunyo boʻyicha hali ham ushbu kasallik qayd etilgan.

Odam poliomiyelit virusining yagona infeksiya manbai hisoblanadi. Najas va / yoki nafas chiqarishdagi ajralmalar bilan aloqa tufayli yuqadi. Virus organizmga kirganidan keyin 3 kundan 21 kungacha vaqt oraligʻida kasallik belgilari rivojlanadi.

Virus bilan zararlangan odam kasallikning birinchi belgilari paydo boʻlishidan 7–10 kun oldin uni boshqalarga yuqtirishi mumkin, lekin virus kasallik boshlanganidan keyin uch-olti hafta davomida najas bilan chiqarilishi mumkin.

Kasallikning belgilari

Aksariyat kasallangan bolalarda hech qanday belgi boʻlmaydi yoki yengil shaklda namoyon boʻladi. Poliomiyelitning belgilari isitma, charchoq, bosh va mushak ogʻrigʻi hisoblanadi. Ushbu grippga oʻxshash alomatlar odatda bir hafta davom etadi. Infeksiya yuqqan har 100 boladan birida meningit belgilari – boʻyinning qattiq tortishishi va qusish kuzatiladi, 200 boladan bittasida asab tizimining shikastlanishi va oyoq mushaklarining tuzalmas falaji kuzatiladi. Falaj nafas olish mushaklarini ham zararlashi mumkin, shuning uchun bunday bolalarning 2% dan 5% gacha qismi vafot etadi, kattalarda esa bu koʻrsatkich yuqori boʻlib, 15–30 foizni tashkil qiladi.

Poliomiyelitga yoʻliqqan odamlarda 15–40 yildan keyin yangi ogʻriqlar va falaj paydo boʻlishi mumkin, bu “poliomiyelitdan keyingi sindrom” deb ataladi.

Poliomiyelitni davolash

Poliomiyelitning davosi yoʻq. Grippga oʻxshash alomatlar odatda oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi. Mushaklarda noqulaylik va ogʻriqlar boʻlsa, shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi. Bolani koʻproq suyuqlik ichishga va yetarlicha dam olishga undash kerak. Kasallikning paralitik shakli bilan ogʻrigan baʼzi bolalar maxsus davolanishga muhtoj boʻladi.

Poliomiyelitning oldini olish

Garchi mamlakatda poliomiyelit bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan boʻlsa ham, virus poliomiyelit saqlanib qolgan boshqa mamlakatlardan kirib kelishi mumkin. Shuning uchun emlash orqali bolani bu kasallikdan himoya qilish muhim ahamiyatga ega. Poliomiyelitga qarshi emlashning ikki turi mavjud:

  1. Poliomiyelitga qarshi emlashning inyeksiya usuli (IPV) – tarkibida poliomiyelitning oʻldirilgan viruslari bor vaksina mushak orasiga inyeksiya yoʻli bilan yuboriladi.
  2. Poliomiyelitga qarshi ogʻiz orqali emlash usuli (OPV) – zaiflashtirilgan tirik poliomiyelit virusini ogʻizga tomchilar orqali yuborish.

Poliomiyelit vaksinasining birinchi dozasi 2 oylikda, keyingi dozasi 3–4 oylikda, revaksinatsiya esa 16 oylikda va 7 yoshda qilinadi.

Muhim himoya choralaridan biri – “iflos qoʻllar” orqali kasallik oʻtishning oldini olish uchun qoʻllarni muntazam yuvishdir.