Qizilcha

Qizilchaning belgilari – isitma, limfa tugunlarining kattalashishi va butun tanada och pushti toshmalar toshishi. Qizilchaning asosiy xavfi ayol homiladorlik paytida zararlanganda, bachadonda rivojlanayotgan bolaga jiddiy zarar yetishidir. Farzandingizga qizilcha yuqqanidan tashvishlansangiz yoki homilador boʻlsangiz va qizilcha bilan kasallandim deb oʻylasangiz, shifokorga murojaat qiling. Qizilchaning oldini olishning eng yaxshi usuli bolangizni emlashdir.
Body

Qizilcha haqida

Qizilcha – havo-tomchi yoʻli bilan oʻtadigan oʻtkir yuqumli kasallik. Uni qizilcha virusi keltirib chiqaradi. Bu virus kasallangan bemor bilan aloqa paytida, yoʻtal va aksirish orqali yuqadi.

Qizilchaning belgilari

Qizilcha virusi odatda bolalarda kasallik alomatlari paydo boʻlishidan 14–21 kun oldin yuqqan boʻladi.

Qizilchaning dastlabki belgilari yengil shamollash alomatlariga oʻxshaydi. Ular isitma, tomoq ogʻrigʻi va boʻyindagi limfa tugunlarining kattalashishini oʻz ichiga oladi.

2–3 kundan keyin toshma paydo boʻladi. Bu och-pushti dogʻlar boʻlib, ular bosilganda oqaradi. Toshmalar yuzdan boshlanadi va koʻkrakka, qoringa va orqa tomonga tarqaladi. Asta-sekin bu toshmalar birlashib, dogʻ hosil qiladi. Dogʻlar 3–5 kun davomida turadi, keyin yoʻqoladi.

Qizilcha bilan kasallangan bolalar toshma paydo boʻlishidan besh kun oldin va oxirgi toshmadan kamida toʻrt kun oʻtgunga qadar virusni boshqalarga yuqtirishi mumkin.

Qizilcha yuqishi xavfi

Qizilcha odatda bolalarda yengil kechadi.

Qizilcha kasalligining eng jiddiy asoratlaridan biri homilador ayolning rivojlanayotgan homilasiga zarar yetishidir. Agar emlanmagan homilador ayol qizilcha virusi bilan kasallansa, homilasi tushishi yoki bola tugʻilishi bilanoq oʻlishi mumkin. Bundan tashqari, u qizilcha virusini qornidagi bolasiga yuqtirishi, unda esa jiddiy tugʻma nuqsonlar rivojlanishi mumkin, masalan:

  • yurak rivojlanishi nuqsonlari;
  • eshitish va koʻrish qobiliyatining yoʻqolishi;
  • aqliy qoloqlik;
  • jigar yoki taloqning zararlanishi.

Agar ayol homiladorlikning boshida, ayniqsa, birinchi uchoylikda qizilchani yuqtirsa, jiddiy tugʻma nuqsonlar koʻproq uchraydi. Bu nuqsonlar “tugʻma qizilcha sindromi” deb ataladi.

Bolaga qizilcha yuqsa, shifokorga murojaat qilish kerakmi?

Ha. Agar farzandingiz qizilcha bilan kasallanganidan xavotirda boʻlsangiz, shifokorga borishingiz kerak.

Qizilcha kasalligiga yoʻliqqan bolalarni homilador ayollardan uzoqroq tutish kerak. Agar siz homilador boʻlsangiz va qizilcha bilan kasallandim deb oʻylasangiz, shifokor yoki akusher bilan gaplashing.

Qizilchani davolash

Qizilchani davolash uchun hech qanday dori-darmon yoʻq, lekin boladagi kasallik alomatlarini yengillashtirish mumkin:

  • Haroratni pasaytirish va bezovtalikni kamaytirish uchun bolaga shifokor tavsiya etgan dozalarda paratsetamol yoki ibuprofen bering.
  • Bolani koʻp suv ichishga va koʻproq dam olishga undang.

Qizilcha bilan kasallangan bolalar shifokor ruxsat bermaguncha bogʻchaga, maktabgacha taʼlim muassasasiga yoki maktabga bormasligi kerak.

Qizilchaning oldini olish

Qizilchadan, xususan, “tugʻma qizilcha sindromi”dan saqlanishning eng yaxshi usuli bolani emlash hisoblanadi.

Qizilchaga qarshi emlash 2 marta oʻtkaziladi – 12 oylikda va 6 yoshda. U bolani qizamiq, tepki va qizilchadan himoya qiladigan koʻp komponentli (KPK) vaksina tarkibida yuboriladi.