Qoqshol
Qoqshol tayyoqchasi bakteriyasi tabiatda hamma joyda: tuproqda, hayvonlarning ichaklarida uchraydi. U bolaga ifloslangan teri shikastlanishi, hayvon tishlashi yoki kuyish natijasida yuqishi mumkin. Hozirgi kunda bolalar bu kasallikka qarshi muvaffaqiyatli emlanayotgani uchun qoqshol kasalligi deyarli yoʻqolgan.
Kasallikning belgilari
Odatda kasallik yuqqanidan 1–2 hafta oʻtib namoyon boʻladi. Qoqshol infeksiyasi butun tanada kuchli ogʻriq va talvasani keltirib chiqaradi. Mushaklarning ogʻriqli tirishishi (spazmlar) yuz qismidan boshlanadi, keyin boʻyinga, tana va oyoqlarga tarqaladi. Yuz va boʻyin mushaklari zararlanganda yutish va nafas olish bilan bogʻliq muammolar paydo boʻladi. Emlash davridan oldin bu kasallik koʻp hollarda oʻlimga olib kelgan (oʻlim darajasi 80%).
Quyidagi holatlarda shifokor bilan maslahatlashish kerak:
- hayvon tishlaganda;
- bolada iflos yara, chuqur kesilgan jarohat, pichoq bilan kesilgan yara yoki iflos jismlardan tirnalish boʻlsa;
- tugʻuruq toza sharoitda olib borilmagan boʻlsa, yangi tugʻilgan chaqaloqqa kasallik yuqishi mumkin.
Qoqsholni davolash
Qoqsholni davolash murakkab boʻlib, kasalxona sharoitida amalga oshiriladi.
Qoqsholning oldini olish
Qoqshol tag-tugi bilan yoʻqotish mumkin boʻlmagan kasallik hisoblanadi, chunki qoqshol bakteriyalari tabiatda hamma joyda mavjud. Bolani bu kasallikdan himoya qilishning eng yaxshi usuli – uni oʻz vaqtida emlashdir. Emlash kalendariga koʻra, qoqsholga qarshi emlash quyidagi yoshda amalga oshiriladi: birinchisi 2 oylikda, ikkinchi va uchinchi emlash 3–4 oylikda, toʻrtinchisi 16 oylikda. Qoqsholga qarshi emlash odatda boʻgʻma, koʻkyoʻtal, gepatit B va B tipdagi gemofil tayoqchasi keltirib chiqaradigan kasalliklarga qarshi emlash bilan birgalikda amalga oshiriladi (Penta vaksina).
Terining ochiq shikastlanishida jarohatni ehtiyotkorlik bilan tozalash va undan yot narsalarni olib tashlash muhim ahamiyatga ega. Agar bolangiz toʻliq emlanmagan boʻlsa yoki toʻgʻri emlangan boʻlsa-yu, vaksinaning oxirgi dozasidan 5 yildan koʻproq vaqt oʻtgan boʻlsa, bola kasallikdan himoyalanmagan boʻlishi mumkin. Bunday paytlarda emlash holatini tekshirish va bola vaksina, baʼzi hollarda esa qoqsholga qarshi odam immunoglobulini olishi kerakmi, yoʻqmi aniqlash uchun shifokorga murojaat qilish kerak.
Maxsus tibbiy yordamsiz tugʻilgan, qoqshol tayyoqchasi bakteriyasi bilan kasallanish xavfi boʻlgan chaqaloq darhol qoqsholga qarshi odam immunoglobulinini olishi kerak.