Quyosh urishi va uning oldini olish usullar
Quyosh urishi kutilmaganda, ayniqsa, agar bola quyoshda uzoq vaqt qolsa sodir boʻlishi mumkin, lekin ularda quyosh urishi belgilari koʻpincha biroz keyinroq, quyosh taʼsiridan bir necha soat oʻtgach – kechqurun yotishdan oldin yoki uxlash vaqtida paydo boʻladi.
Quyosh urishi belgilari
Quyosh urishi belgilari erta yoki kechroq namoyon boʻlishi mumkin. Quyosh urishining erta belgilariga quyidagilar kiradi:
- bolaning toʻsatdan holsizlanishi;
- bosh aylanishi;
- bosh ogʻrigʻi;
- koʻngil aynashi;
- qusish/qayt qilish;
- uyquchanlik;
- yuqori harorat/isitma;
- koʻp terlash;
- titrash/qaltirash.
Bola qanchalik kichik yoshda boʻlsa, bu belgilar shunchalik aniq kechadi va asoratlarning kelib chiqish ehtimoli yuqori boʻladi.
Quyosh urishi belgilarining kechikib namoyon boʻlishi kuchli kechmaydi, lekin uzoq davom etadi. Bola isib ketadi va qizaradi; uning holati virusli kasallikka oʻxshaydi, shuning uchun ota-onalar koʻpincha buni shamollashga oʻxshatishadi. Yosh bolalar juda injiq boʻlib qolishadi, hech qanday sababsiz yigʻlaydilar. Katta yoshli bolalarda odatda koʻngil aynishi (baʼzida qusish), kayfiyat oʻzgarishi va uyqusizlik kuzatiladi. Aksariyat holatda tana harorati koʻtariladi.
Quyosh urishining oldini qanday olish mumkin?
- Kichkina bolalar quyoshda faqat ertalab soat 10:00 gacha va kechki payt 17:00 dan keyin boʻlishlari kerak va yoshiga qarab quyoshdan yuqori himoya qiluvchi, suv oʻtkazmaydigan maxsus krem surtish lozim.
- Quyosh koʻp nur sochadigan vaqtda farzandingiz bilan soyada yoki yetarli darajada salqin xonalarda qoling.
- Farzandingizga tabiiy matolardan tikilgan och rangli kiyimlarni kiydiring.
- Uning boshiga bosh kiyimini (panama) kiydiring.
- Farzandingizga kun davomida koʻp miqdorda suyuqlik (sovuq boʻlmagan suv) bering.
- Unga yengil taomlarni tez-tez bering.
- Agar siz kunning eng issiq vaqtida koʻchada boʻlsangiz, farzandingiz qizib ketmasligi uchun uning koʻp yugurmasligi va sakramasligiga ishonch hosil qiling.
- Vaqti-vaqti bilan bolani salqin suv bilan sovitib oling – yuzini yuving, boshini, oyoqlarini va qoʻllarini namlang.