Aralash ovqatlantirish: ona suti bilan emizgan holda aralashmalarni berish
Emizishning siz va chaqalogʻingiz uchun koʻp foydalari bor. Biroq sizning sutingizdan tashqari, bolaga maʼlum miqdordagi aralashma talab qiinadigan holatlar mavjud. Bu odatda chaqaloqning sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar (vaqtidan oldin tugʻilish, kasallik) boʻlganda yoki yetarli darajada vazn qoʻshilmasligi kuzatilganda kerak boʻladi.
Agar chaqalogʻingiz kasallik tufayli emolmasa, lekin sizning sutingiz bilan oziqlansa, u ona suti beradigan barcha moddalar bilan tabiiy ravishda oziqlanadi.
Chaqaloqqa ona suti oʻrnini bosuvchi aralashmani berishdan oldin shifokor yoki hamshiraga murojaat qiling va maslahat oling. Baʼzida bolaning yaxshi rivojlanayotganini aniqlash uchun tez-tez vaznini oʻlchash va kuzatish kerak boʻladi. Bu albatta sabrli boʻlishni talab qiladi! Sut ishlab chiqarilishini koʻpaytirish va bolani koʻkrakka tutish hamda emizish uchun qulay holatni topish boʻyicha yordam va maslahat soʻrang.
Emizgan holda aralashmalarni berish odatda vaqtinchalik boʻlib, qisqa muddatga beriladi. Koʻp onalar, xususan, birinchi marta farzand koʻrganlar agar bola emizganidan koʻp oʻtmay yigʻlasa yoki koʻkragi boʻshab qolsa, sut yetarli emasmi deb tashvishlanadi. Aslida, onada sut oz miqdorda ishlab chiqarilishi kamdan kam kuzatiladi.
Bolaning yetarlicha emayotganini qanday qilib bilishni va u koʻrsatadigan harakatlarni tushunishni oʻrganish muhimdir.
Agar shifokor tavsiyasiga koʻra, ona suti oʻrnini bosuvchi aralashmani berish kerak boʻlsa, u bilan quyidagi savollar boʻyicha maslahatlashing:
- Qanday aralashmalarni qancha miqdorda berish kerak?
- Siz ona suti oʻrnini bosuvchi aralashmani qanday berasiz (yaxshisi, piyolada)?
- Bolangizga ona suti oʻrnini bosuvchi aralashmani qachongacha berishingiz kerak?
Siz chaqaloq axlatining rangi, hidi va tashqi koʻrinishi oʻzgarganini sezasiz.
Aralash ovqatlantirishda kutiladigan xavflar:
- Chaqalogʻingiz shishadan sut ichish emishdan koʻra osonroq ekanligini bilib oladi, shuning uchun u emishni rad qilishi mumkin.
- Koʻkrak bezi toʻlishishi va ogʻriqli boʻlishi mumkin, bu esa sut ishlab chiqarilishini toʻxtatishi ehtimoli bor.
- Koʻkrak bezida sut ishlab chiqarilishini qoʻzgʻatuvchi omil yoʻqligi sababli sut miqdori asta-sekin kamayishi mumkin.
Emizishda ona suti oʻrnini bosuvchi aralashmani kiritishning sabablari va ehtimoliy oqibatlari
- Baʼzi onalar bolani talab qilinadigan darajada tez-tez ovqatlantirmaydi (24 soat davomida 10–12 martagacha boʻlishi kerak), kechasi emizishni juda erta tugatadi, emizishga yetarli vaqt ajratmaydi.
- Bolaga shishachadan ovqatlanish osonroq boʻladi, bu esa koʻkrak sutidan bosh tortishiga sabab boʻladi, shuning uchun birinchi va ikkinchi oylarda shisha ishlatish tavsiya etilmaydi.
- Kichkintoyning koʻkrak oldiga notoʻgʻri qoʻyilishi yoki tutilishi.
- Ona baʼzida oʻzini charchagan, boʻshashgan his qiladi, muntazam ovqatlanmaydi.
- Sabr qilmagan onalar chaqaloqning belgilarini payqamaydi va uning ehtiyojlarini bajara olmaydi, tezda shishacha oqali ona suti oʻrnini bosuvchi aralashmani beradi, bu esa bolaning ona sutidan bosh tortishiga sabab boʻladi.
Aralashmani qanday qilib rad etish kerak?
Agar aralashmani kiritishning sabablari bartaraf etilgan boʻlsa yoki siz bolangizni faqat oʻz sutingiz bilan boqishga qaror qilsangiz:
- Asta-sekin aralashmadan voz kechish mumkin.
- Sut ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun bolaga emishi va koʻkrakni boʻshatishi uchun koʻproq vaqt bering.
- Har kuni bitta aralashmaning miqdorini sekin-asta 10 ml ga kamaytiring yoki bitta ovqatlantirishni oʻtkazib yuboring.
Sabr qiling va aralashmani kiritishga shoshilmang. Esingizda boʻlsin, baʼzi chaqaloqlar tabiiy vazn yoʻqotishni faqat ikki hafta ichida qoplaydilar va bolaning ehtiyojiga qarab sut ishlab chiqarish asta-sekin oʻsib boradi. Agar aralashma zarur boʻlsa, u chaqaloqning ehtiyojlarini qondirish uchun juda kam miqdorda va iloji boricha qisqa boʻlishi kerak. Aralashmani keraksiz kiritish ona suti bilan emizishni muvaffaqiyatsizlikka olib kelishi mumkin.
Hech kim sizni aralashma chaqaloq uchun sutingiz kabi foydali ekanligiga ishontirishiga yoʻl qoʻymang!