Bola rivojlanishi uchun ota-onalar ruhiy salomatligining ahamiyati

Perinatal buzilishlar homila rivojlanishiga tugʻilishdan oldin salbiy taʼsir koʻrsatishining bir qancha sabablari bor: homilador ayollardagi stress gormonlari (masalan, kortizol) platsentadan oʻtib, homila miyasining rivojlanishiga taʼsir qiladi; depressiyali homilador ayol kam holatlarda sogʻlom turmush tarzini olib boradi, kam holatlarda tugʻuruqdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtadi, kasal boʻlganida kam holatlarda davolanadi va kam holatlarda onalikka tayyorlanadi; depressiya homilador ayolning immunitetiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin; chaqaloq muddatidan oldin yoki kam vazn bilan tugʻilishi mumkin.
Body

Homiladorlik va hatto undan oldingi davrda ota-onaning jismoniy va ruhiy salomatligi kichkintoyning muvaffaqiyatli rivojlanishining dastlabki asoslaridir. Koʻpincha sogʻliqni saqlash tizimi er-xotinning ruhiy salomatligi va xotirjamligiga emas (garchi homilaga ular jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa ham), balki homilador va tugʻuruqdan keyingi ayollarning qon bosimi va tana vaznini oʻlchash kabi tibbiy maʼlumotlarga koʻproq eʼtibor qaratadi.

Koʻplab ilmiy tadqiqotlar natijasidan bizga maʼlumki, zoʻriqish, xavotir, ortib borayotgan bezovtalik, stress va depressiya holati onaning qonida kortizol darajasini oshiradi va platsentaning himoya funksiyasi pasayadi, bu esa kortizolning bola miyasiga kirishiga imkon beradi. Tadqiqotlar bu tez rivojlanayotgan homilaning miya tuzilishiga salbiy taʼsir qilishini koʻrsatmoqda.

Bundan tashqari, zoʻriqish, xavotir, ortib borayotgan bezovtalik, stress, depressiya va boshqa psixik buzilishlardan aziyat chekadigan homilador ayolga zarur boʻlgan sogʻlom turmush tarzi tamoyillariga rioya qilish qiyin koʻrinadi (sigaret, alkogol va spirtli ichimliklarni isteʼmol qilmaslik, parhez, yengil jismoniy mashqlar, muntazam hamda uzoq uyqu va dam olish), sogʻligʻidagi muammolarni yengillatish yoki davolash uchun oʻz vaqtida murojaat qilmaydi.

Shu sabablarga koʻra, ota-onalardagi perinatal ruhiy buzilishlar, ayniqsa, agar ular oʻz vaqtida va toʻgʻri davolanmasa, bolaning tugʻilganidan keyingi samarali tarbiyasining koʻp jihatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi yoki nojoʻya oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bularga quyidagilar kirishi mumkin:

– bola bilan munosabatlarning rivojlanishi, yaʼni ota va onaning bola bilan hissiy aloqada boʻlishi, uning birinchi reaksiyalaridan zavqlanishi va bir-biri bilan hissiy almashinuvni oʻrnatish qobiliyati buzilishi mumkin.

– er-xotin va boshqa oila aʼzolari oʻrtasidagi munosabatlar ham buzilishi mumkin.

– ota-onalarning “tinglash” va idrok etish qobiliyati (bolaning reaksiyasini qoʻzgʻatish hamda uning harakatlari va signallariga toʻgʻri munosabat bildirish qobiliyati) ham zaiflashishi mumkin. Rivojlanish ota-onalar va bolalar oʻrtasidagi iliq, hozirjavob va gʻamxoʻr munosabatlar negizida ancha yaxshi ragʻbatlantiriladi. Reaksiyaning yetishmasligi yoki uning nomuvofiqligi (masalan, oldindan aytib boʻlmaydigan) goʻdakning stressga fiziologik reaksiyasini faollashtiradi.

– tushkunlikka tushgan ota yoki ona baʼzida bolaning oʻz yoshiga doir nima koʻrsatishi yoki nima qilishi mumkinligini koʻra olmaydi va tushunmaydi; ular rivojlanish va motivatsiya bosqichlarini bilishmaydi (masalan, ular bir oylik chaqaloq nima uchun tuni bilan uxlashga imkon bermasligini tushuna olmaydilar, hatto chaqaloq “ataylab” yigʻlayapti deb oʻylashlari mumkin).

– ota-onalardagi oʻz bolasining ijobiy tomonlarini koʻrish qobiliyati pasayadi.

– farzandlariga zarur boʻlgan narsalarni baholash ham (sogʻlik, xavfsizlik va gʻamxoʻrlik nuqtayi nazaridan) ishonchsiz boʻladi.

– atrof-muhitga nisbatan otalik yoki onalik bagʻrikengligi pasayadi, befarqlik va bolaga boʻlgan hissiy munosabat yoʻqolishi kuchayadi,

– chaqaloq va yosh bolalarning oʻsishi, rivojlanishi va xulqi ularga gʻamxoʻrlik qilayotgan shaxslarning xulqi bilan chambarchas bogʻliqdir.

Ota yoki onaning depressiyada boʻlishi bola miyasining rivojlanishiga, bu esa oʻz navbatida ijtimoiy-hissiy va kognitiv rivojlanishning barcha sohalari, shu jumladan, koʻnikmalar va ijro funksiyalarining rivojlanishiga ham jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatyaptiki, ota va onaning depressiya va xavotirlari bola rivojlanishidagi muammolar bilan bogʻliq va vaziyatga koʻra ijtimoiy-hissiy hamda kognitiv faoliyatga, rejalashtirishga, tashkillashtirishga va xulq-atvorni nazorat qilishga taʼsir oʻtkazadi. Shuningdek, tadqiqotlar natijasidan maʼlumki, perinatal kasalliklar bilan ogʻrigan ayollarning bolalari ijtimoiy-hissiy va kognitiv rivojlanish, rejalashtirish, uyushqoqlik va vaziyatga qarab xulq-atvorni nazorat qilishda ham muammolarga koʻproq duch kelishadi.