Bolalar uchun sunʼiy aralashma

Chaqaloq sunʼiy sut aralashmalari ona suti bilan boqilmaydigan bolalar uchun yagona xavfsiz tanlovdir. Birinchi 12 oy davomida chaqaloqlar uchun toʻgʻri sunʼiy sut aralashmasidan foydalanish tavsiya etiladi. Sigir sutini berishni bolangiz bir yoshga toʻlganda boshlashingiz mumkin.
Body

Hamma bolalar ham ona sutidan bahra olish baxtiga ega emas! Kamdan kam hollarda baʼzi ayollarda koʻkrak suti boʻlmaydi (5% dan kam). Koʻp hollarda onalar kasallik tufayli emizishni vaqtincha yoki doimiy ravishda toʻxtatishga majbur boʻladi.

Agar chaqaloqni oziqlantirish uchun sut aralashmasini tanlagan boʻlsangiz, bu sizning shaxsiy tanlovingizdir. Lekin biz yana bir bor eslatib oʻtmoqchimiz: ona suti bolaning barkamol oʻsishi va rivojlanishini taʼminlaydi, butun hayoti davomida sogʻlom boʻlishining asosi hisoblanadi! Ona sutidan har doim foydalanish mumkin, u gigiyenik jihatdan xavfsiz, kerakli haroratda va bepul boʻladi. Hayotning dastlabki olti oyida u bolaga kerak boʻlgan yagona oziq-ovqat va suyuqlikdir.

Ona suti yoʻqligida nega chaqaloqqa sigir suti emas, moslashtirilgan sunʼiy sut aralashmalari kerak?

Chaqaloq uchun sunʼiy sut aralashmalarining aksariyati sigir sutidan tayyorlanadi, ular chaqaloqning ehtiyojlariga mos ravishda oʻzgartirilgan; oqsillar, yogʻlar va uglevodlar kabi asosiy tarkibiy qismlarining miqdori va sifati imkon qadar ona sutining tarkibiga moslashtiriladi; vitaminlar, minerallar, yogʻlar va boshqa koʻplab moddalar qoʻshiladi, shuning uchun sunʼiy sut aralashmasi chaqaloqning ehtiyojini qondiradi.

Baʼzi sunʼiy sut aralashmalariga ona suti tarkibiga iloji boricha yaqinlashtirish maqsadida omega-3 yogʻ kislotalari, antioksidantlar, prebiotiklar va probiyotiklar kabi boshqa qoʻshimchalar qoʻshiladi. Ushbu tarkibiy qismlar ona sutidagi moddalar bilan bir xil taʼsirga ega boʻlishiga ishonch yoʻq.

Agar farzandingiz ona suti bilan oziqlantirilmasa, uni hayotining birinchi yilida moslashtirilgan sunʼiy sut aralashmalari bilan boqing. 12 oylik boʻlgunga qadar bolaga sigir sutini asosiy ovqat sifatida bermang (oz miqdorda sutsiz ovqat tayyorlashda qoʻshish mumkin). Xuddi shu tavsiya qoʻy yoki echki sutiga ham tegishli.

Quruq sut, yogʻsiz sut yoki quyultirilgan sutni chaqaloqqa oziq-ovqat sifatida berish tavsiya etilmaydi! Sut oʻrnini bosuvchi, soya, guruch, bodom yoki kokos yongʻogʻi kabilardan olingan sutlar bilan bolani ovqatlantirmang.

Agar bolangizni ona suti yoki sunʼiy sut aralashmasi oʻrniga boshqa sut bilan boqishni rejalashtirayotgan boʻlsangiz, pediatr bilan maslahatlashing!

Sunʼiy sut aralashmasining turlari

Bolalar sunʼiy sut aralashmalari xalqaro va milliy sifat standartlarining qatʼiy talablariga javob berishi kerak. Ular bir xil sifat va ozuqaviy qiymatga ega va koʻpchilik bolalarga mos keladi. Baʼzi aralashma turlari boshqalariga nisbatan qimmatroq boʻlishi mumkin, ammo bu har doim ham bolangizga kerak degani emas. Agar yangi tugʻilgan chaqaloq tugʻuruqxonada maʼlum bir sunʼiy sut aralashmasi bilan ozuqantirilsa, bu sunʼiy sut aralashmasi oʻz-oʻzidan eng yaxshisi ekanini anglatmaydi.

Birinchi sunʼiy sut aralashmalari (1) bolani 6 oygacha boqish uchun tavsiya etiladi. Birinchi yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqaruvchilar bolaning keyingi oʻsishini qoʻllab-quvvatlaydigan (2) sunʼiy sut aralashmalarini tavsiya qiladilar. Garchi 1- va 2-sunʼiy sut aralashmalarining tarkiblarida farqlar mavjud boʻlsa-da, bola oʻsishi bilan ona suti oʻzgargani kabi bola 6 oylik boʻlishi bilanoq, ayniqsa, birinchi sunʼiy sut aralashmasi tugamagan paytda “ikkinchi”siga oʻtish shart emas.

Aralashma ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, 12 oydan katta bolalar sunʼiy sut aralashmalarini ham taklif qiladi (3-sunʼiy sut aralashmalari deb nomlanadi).

Bir yoshdan katta bolaga sunʼiy sut aralashmalari kerak emas.

Maxsus sunʼiy sut aralashmalari

  • Hipoallergik sunʼiy sut aralashmalarida sigir suti oqsillari oʻrniga kichik qismlarga boʻlingan gidrolizlangan oqsillar mavjud; maqsad – bu oʻzgartirishlar yordamida sigir sutiga allergiya rivojlanishi xavfini kamaytirish. Ushbu sunʼiy sut aralashmalari boʻyicha mutaxassislarning fikrlari ikkiga boʻlinadi. Baʼzilar hipoallergik sunʼiy sut aralashmalari bilan oziqlantirish bolalarda allergiya paydo boʻlishining oldini olishi haqida hech qanday dalil yoʻq deb hisoblasa, boshqalari agar zarur boʻlsa, bolaga birinchi boʻlib berish kerak boʻlgan sunʼiy sut aralashma hipoallergik boʻlishi kerakligini tavsiya qiladi.
  • Sigir suti oqsillariga allergiyasi borligi isbotlangan bolalarga bolalar gastroenterologi tavsiyasi va nazorati ostida toʻliq gidrolizlangan sunʼiy sut aralashmalari beriladi.
  • Muddatidan ilgari tugʻilgan chaqaloqlarni va maʼlum kasalliklarga chalinganlarni boqish uchun maxsus sunʼiy sut aralashmalari mavjud; bu bolalarning ovqatlanishi har doim shifokorning tavsiyasi va nazorati ostida boʻlishi kerak.
  • Qusish, qorindagi ogʻriq yoki ich qotishi kabi turli, vaqtinchalik kuzatilib, oʻtib ketuvchi funksional muammolari boʻlgan bolalar uchun sunʼiy sut aralashmalarining boshqa koʻplab turlari mavjud.

Farzandingiz foydalanishi kerak boʻlgan sut aralashmasining turini pediatr belgilaydi. Aralashmaning turini mustaqil ravishda oʻzgartirish tavsiya etilmaydi. Sunʼiy sut aralashmasini oʻzgartirish bola uchun baʼzi muammolarni ham keltirib chiqarishi (qorindagi ogʻriq, ichqotish, dam boʻlish, qusish) yoki sut taʼmi oʻzgargani sababli chaqaloqning ovqatlanish tartibi buzilishiga olib kelishi mumkin. Agar shifokor sunʼiy sut aralashmasining turini oʻzgartirsa, koʻrsatmalarni diqqat bilan oʻqing, chunki oʻlchov qoshiqlari hajmi va turli sunʼiy sut aralashmalarini tayyorlash usuli farq qilishi mumkin.