Farzandingizga kiyinishni oʻrgating
Farzandingiz nima uchun kiyinishni oʻrganishi kerak?
Kiyinishni oʻrganish farzandingizning oʻziga boʻlgan ishonchini va mustaqilligini oshiradi, unga muvaffaqiyat tuygʻusini beradi. Farzandingiz mustaqil kiyinishni oʻrgangandan soʻng farzandingizning parvarish jarayonidagi ishingiz bittaga kamayadi.
Kiyinish farzandingiz boshqa koʻplab koʻnikmalarni rivojlantirishiga ham yordam beradi, jumladan:
- mayda motorikasi rivojlanadi, chunki u tugma va zanjirsimon yopqich (molniya)larni taqishni oʻrganadi;
- yirik motorikasi rivojlanadi, chunki u shimini kiyish uchun bir oyogʻida turadi;
- kognitiv koʻnikmalari rivojlanadi, chunki u kiyimning qaysi qismi birinchi boʻlib kiyilishini eslab qoladi va vazifani bajarish uchun sabr-toqat va eʼtiborni oshiradi;
- nutqi rivojlanadi, chunki kiyim-kechak turlari, ranglari va oʻlchamlarini tilga oladi;
- vaqt va makonni anglay boshlaydi, chunki u qandaydir munosabat bilan yoki ob-havo sharoitiga qarab kiyinishni oʻrganadi.
Kiyinishni oʻrgatishni boshlash
Koʻpincha yosh bolalar paypoq, poyabzal yoki bosh kiyim kabi oson yechiladigan kiyimlarni yechish orqali kiyim-kechaklarni oʻrganishni boshlaydilar. Baʼzan ularni yana kiyishga harakat qiladilar. Farzandingiz yechgan kiyimlarning nomini aytish va qaysi tana aʼzosiga kiyimning qaysi qismi kiyilishini aytish orqali kiyimlarni yanada ertaroq va yaxshiroq bilib olishiga erishishingiz mumkin.
Cheklangan miqdordagi kiyimlarni berish va kiyintirish payti kiyimlarning nomini aytish orqali katta farzandingiz yoki kichkintoyingizni kiyinishga jalb qilishingiz mumkin.
Agar farzandim bu koʻnikmalarni oʻrganishi uchun vaqt keldi deb hisoblasangiz, yengil kiyimlarga ega boʻlishingiz maqsadga muvofiqdir. Bularga quyidagilar kirishi mumkin:
- erkin bichimdagi, beli rezina tasmali shimlar;
- tugmasi va tugma uchun teshigi katta boʻlgan kiyimlar;
- farzandingiz kiyimning orqa va old tomonini farqlashni oʻrganishi uchun old tomonida rasmlari boʻlgan jemper, futbolka va ichki kiyimlar;
- farzandingiz kiyib olishi oson va qulay boʻlgan kiyimlar.
Kiyinish: bosqichma-bosqich bajarish
Kiyinish juda koʻp bosqichlarni oʻz ichiga olishi mumkin. Bunda uni kichikroq bosqichlarga boʻlish yordam beradi. Masalan, oldin ichki kiyim, keyin futbolka, shorti, paypoq va poyabzal kiyish zarur.
Siz bolaning mahoratiga va yoshiga qarab kiyinishni bosqichlarga boʻlishingiz ham mumkin. Masalan, shorti kiyishni quyidagi bosqichlarga boʻlsangiz boʻladi:
- Shortini oʻngiga tuting.
- Belbogʻning old qismini ushlab turing.
- Shortini ushlab turgan holatda avval bir oyogʻini, keyin ikkinchisini teshiklarga kirgizing.
- Shortini yuqoriga torting.
Farzandingiz bilan har bir bosqichni muhokama qilish nima qilish kerakligini tushunishiga yordam beradi. Dastlabki bosqichlarda oddiy soʻzlar yoki iboralardan, masalan, “koʻylak” soʻzidan foydalanganingiz maʼqul. Farzandingizning nutqi qay darajada rivojlanganini hisobga olgan holda gapirasiz. Masalan, “qoʻlingni yengga kirgaz” deyishingiz mumkin.
Farzandingiz kiyinishni deyarli oʻrganib boʻlgach (odatda uch yosh va undan kattalar), undan: Eng oldin nima kiyasan?” deb soʻrab, ketma-ketlikni qay darajada tushunishini tekshirishingiz mumkin. Agar eslay olmasa, eslatib yuborib, boshlashiga yordam berishingiz mumkin.
Kiyinish: oxiridan boshlab oʻrgatish
Farzandingizga qanday kiyinishni oʻrgatishning eng yaxshi usuli – har bir ishni kichik bosqichlarga ajratish va birinchi navbatda unga oxirgi bosqichni oʻrgatish. Farzandingiz topshiriqning oxirgi bosqichini bajara olgach, unga oxiridan ikkinchi, keyin oxiridan uchinchi qadamni oʻrgating.
Masalan, shorti kiygizganingizda farzandingizga shortini toʻgʻri ushlab, tortishga, rezina tortilgan joyidan ushlab turib, oyoqlarini oyoq uchun moʻljallangan teshiklarga kirgazishga yordam berishingiz mumkin. Keyin farzandingizga oxirgi qadamni oʻrgating – farzandingiz shortini oʻzi tortib kiysin.
Farzandingiz buni qila olgach, unga oyoqlarini oyoq uchun moʻljallangan teshiklaridan oʻtkazib, yuqoriga tortishni oʻrgating. Farzandingiz hammasini oʻzlashtirib olmaguncha bosqichma-bosqich oxiridan oldinga qarab harakat qilishingiz mumkin.
Ushbu yondashuvning katta afzalligi bor: koʻpincha maqsadga vazifaning soʻngida erishiladi va farzandingiz oxirgi qadamni birinchi boʻlib bajarish natijasida maqsadga tezroq erishadi, soʻng qolgan bosqichlarni ham mamnuniyat bilan oʻzlashtiradi.
Agar farzandingiz muammoga duch kelsa, yordam berishga oshiqishingiz mumkin. Ammo farzandingiz buni oʻzi hal qilishiga imkon bering va harakat qilayotganida uni qoʻllab-quvvatlang. Ishni mustaqil bajara olsa, oʻziga boʻlgan ishonchi kuchayadi. Farzandingiz haqiqatan ham yordamingizga muhtoj boʻlgan paytdagina yordam berishga harakat qiling.
Farzandingiz kiyinishni oʻrganishiga yordam beradigan maslahatlar
Agar pozitiv boʻla olsangiz va kerak payti qoʻllab-quvvatlay bilsangiz, farzandingiz siz bilan hamkorlik qilishi ehtimoli koʻproq boʻladi. Demak, bu vaziyatda maqtovning koʻp boʻlishi katta ahamiyatga ega, hatto farzandingiz ishtonini teskari kiyib olgan boʻlsa ham.
Vaqt ajratish
- Kiyinishga real vaqt bering.
- Agar ertalablari koʻpincha shoshsangiz, kiyimni farzandingiz bilan kechki payt tanlashingiz mumkin.
- Shoshayotgan paytingiz farzandingiz oson vazifalarni bajarishiga ruxsat bering va qiyin ishlarda unga yordamlashing.
- Siz va farzandingiz shoshmagan yoki charchamagan vaqtda kiyinishni mashq qiling.
Munosib kiyim tanlash
- Kichik farzandingiz bir necha variantlardan birini, masalan, ikkita futbolkadan birini tanlasin. Kattaroq yoshdagi farzandlaringiz esa oʻz kiyimlarini oʻzlari tanlashlari mumkin.
- Farzandingiz bilan kiyim tanlayotganingizda ob-havo haqida gapiring. Farzandingizdan havo issiq yoki sovuqligini, kun yomgʻirli yoki quyoshli ekanini soʻrang.
- Farzandingizga kir va toza kiyimlar orasidagi farqni oʻrgating. Masalan, “Kir kiyimlarni kir kiyimlar solinadigan savatga solish kerak. Ular tortmaga qaytgach, ularni yana kiyishing mumkin”, deng. Farzandingizga har kuni toza ichki kiyim va paypoq kiyish kabi oddiy koʻrsatmalar berishingiz mumkin.
Kiyinish jarayonini osonlashtirish
- Farzandingizga oʻtirib kiyinishni taklif qiling. Ayrim bolalarga karavot yoki stulga oʻtirishdan koʻra yerga oʻtirish qulayroq boʻlishi mumkin.
- Kiyimlarni farzandingiz osonlikcha olishi mumkin boʻlgan tortma va shkaflarda saqlang. Kiyim tortmasiga unda qanday kiyim borligini bildiruvchi rasm yoki soʻzni yopishtirib qoʻyishingiz mumkin.
- Old va orqasini ajratish uchun aniq koʻrsatmalar, masalan, oldida rasmi, orqasida belgisi bor kiyimlar kiygizishga harakat qiling.
- Avval yechinishni oʻrgating, chunki yechinish kiyinishdan koʻra osonroq. Oʻzi mustaqil yechinishni bilish farzandingizda oʻziga ishonchni oshiradi.
Poyabzal bogʻichlarini bogʻlashni besh yoshli bolalarning koʻpchiligi haligacha oʻrganayotgan boʻladi.
Imkoniyati cheklangan yoki rivojlanishida kechikish boʻlgan bolalarni kiyinishga oʻrgatish
Baʼzi imkoniyati cheklangan yoki rivojlanishida kechikish boʻlgan bolalar kiyinishga qiynalishi mumkin. Autizm spektrining buzilishi (ASD) boʻlgan baʼzi bolalarning sezuvchanligi yuqoriligi sabab ayrim matolar ularning terisiga tekkanda gʻashini keltirishi mumkin.
Agar imkoniyati cheklangan yoki rivojlanishi kechikkan farzandingizga kiyinishni oʻrgatishda qiynalayotgan boʻlsangiz, sizga bolalar bilan maxsus ishlaydigan professional terapevt yordam berishi mumkin. U farzandingizga kiyinishni oʻrgatish boʻyicha strategiya yoki jarayonni osonlashtiradigan uskunalarni taklif qilishi mumkin.
Kiyinish koʻnikmalarini rivojlantirish
Turli yoshda kiyinish koʻnikmalarini rivojlantirish uchun taxminiy qoʻllanma taqdim etilyapti. Yodda tuting: har bir bola oʻziga xos va turli koʻnikmalarni har xil tezlikda rivojlantiradi.
Bir yoshli bolalar odatda:
- qoʻllarini yengga kirgizish uchun uzatadilar va oyoqlarini poyabzal kiyish uchun koʻtaradilar;
- qoʻllarini yengga, oyoqlarini esa shimga kirgizadilar;
- paypoq va poyabzalni yecha oladilar.
Ikki yoshli bolalar odatda:
- tugmalari qadalmagan paltoni yecha oladilar;
- bogʻichlari yechilgan poyabzallarini yecha oladilar;
- ishtonlarini tushirishga yordam beradilar;
- futbolkada yeng oʻymasini topa oladilar.
2,5 yoshli bolalar odatda:
- beli rezinali shimni yecha oladilar;
- paypoq kiyishga harakat qiladilar;
- oldi tugmachali koʻylaklarni tugmachalarni qadamasdan kiya oladilar;
- katta tugmachalarni yecha oladilar.
Uch yoshli bolalar odatda:
- kichik yordamingiz bilan futbolkalarini kiya oladilar;
- bogʻichsiz yoki qisqichsiz poyabzalni kiya oladilar – ularni poyma-poy kiyib olishlari mumkin;
- paypoq kiya oladilar, lekin tovonlarini joylashtirishga qiynalishlari mumkin;
- shimlarini yecha oladilar;
- zanjirsimon yopqich (molniya)ni tagidan birlashtirmagan yoki ajratmagan holda taqadilar va yecha oladilar;
- futbolkalarni boshqalarning yordamisiz yecha oladilar;
- katta old tugmalarni yecha oladilar.
Toʻrt yoshli bolalar odatda:
- futbolkalarni oʻzlari yecha oladilar;
- poyabzal yoki kamar qisqichini yecha oladilar;
- kurtkalarining zanjirsimon yopqichlarini birlashtirib taqa oladilar;
- paypoqni toʻgʻri kiya oladilar;
- boshqalarning yordamisiz poyabzallarini kiya oladilar;
- kiyimning old va orqa qismini ajrata oladilar.
4,5 yoshli bolalar odatda:
- shimini kiyib, yuqoriga torta oladilar;
- kamarni taqa oladilar.
Besh yoshli bolalar odatda:
- yordamingiz va nazoratingizsiz kiyina oladilar;
- futbolka yoki jemperlarni har safar toʻgʻri kiya oladilar.