Gijjalar

Odatda 5–10 yashar bolalarda oddiy gijjalar koʻp uchraydi. Baʼzan bolalarda orqa chiqaruv teshigi atrofida qizarish va qichishish paydo boʻladi. Oila aʼzolarining barchasini gijjaga qarshi dorilar bilan davolash tavsiya etiladi. Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish va uyni toza tutish gijja yuqishining oldini olishi mumkin.
Body

Bolalardagi gijjalar

Oddiy gijjalar (ostritsalar) – parazitlarning bir turi. Ular enterobioz kassalligini chaqiradi. Boshqa gijjalar orasida tarqalish darajasiga koʻra birinchi oʻrinni egallaydi.

Oddiy gijjalar bolalarda eng keng tarqalgan gijja turidir. Yodda tuting, oddiy gijjalar odamdan odamga juda oson yuqadi.

Agar gijja tuxumlari tasodifan bolalar qoʻliga tushsa va bola ularni yutib yuborsa, kasallik kelib chiqadi. Agar bolalar gijjalarni yuqtirgan odamlar, tuproq, oʻyinchoqlar va yotish joyidagi choyshablar bilan aloqada boʻlsa, kasallik yuqishi mumkin.

Bola gijja tuxumlarini yutib yuborgandan keyin ular ingichka ichakka tushadi va u erda tuxumdan chiqib yetiladi, soʻng orqa сhiqaruv teshigi (anus) atrofida koʻp miqdorda tuxum qoʻyadi. Bu bolaning orqa сhiqaruv teshigi qichishiga sabab boʻladi. Baʼzida gijjalar qizlarning qiniga tushadi va bu joy ham qichishadi. Agar bola orqa сhiqaruv teshigini qashisa, keyin qoʻlini ogʻziga solsa, gijja tuxumini yana yutib yuborishi mumkin, bu esa jarayonning takrorlanishiga olib keladi.

Agar bolalar qoʻllarini yuvmasdan uy-roʻzgʻor buyumlarini ushlasa, kasallik uydagi boshqa oila aʼzolariga ham oʻtishi mumkin.

Bolalardagi gijjalar: belgilar

Koʻp holatlarda gijjalar bilan kasallanish qandaydir aniq belgilarning namoyon boʻlishi bilan kechmaydi. Ammo baʼzi bolalarda quyidagilar kuzatilishi mumkin:

  • odatda kechasi kuchayadigan orqa сhiqaruv teshigi (anus) va / yoki qin atrofidagi qichishish;
  • orqa сhiqaruv teshigining (anus) atrofi qizarishi;
  • bezovtalik.

Baʼzi holatlarda quyidagi belgilar uchraydi:

  • koʻzga koʻrinadigan, kichik, uzunligi 8–13 mm oq gijjalar (koʻpincha hojatxona qogʻozining qoldigʻi deb qabul qilishadi!);
  • qorin ogʻrigʻi;
  • qizlarda qindan ajralmalar kelishi;
  • koʻngil aynishi va qusish.

Bolada gijja aniqlansa, shifokorga murojaat qilish kerakmi?

Agar bolada gijja yuqqanligini bildiruvchi belgilardan birortasi boʻlsa, shifokorga murojaat qiling.

Bolalarda gijjalarni tekshirish

Koʻpincha tashxis qoʻyishda ota-ona bergan ogʻzaki maʼlumotlar yetarli boʻladi, biroq shifokor gijjalar yoki ularning tuxumlari borligini aniqlash uchun najasni tekshirishi yoki orqa chiqaruv teshigidan surtma olishi mumkin.

Bolalardagi gijjalarni davolash usullari

Bolada gijjalar kamqonlik, teri va ichak muammolari, uyqu buzilishi, tungi siydik tuta olmaslik, ruhiy zoʻriqish (stress), rivojlanishdan ortda qolish va boshqa oqibatlarga sabab boʻladi.

Shifokor bolaga dorixonalarda retseptsiz sotiladigan parazitlarga qarshi dori berishingizni tavsiya qilishi mumkin.

Agar farzandingizda gijjalar aniqlangan boʻlsa, gijjaga qarshi dorini uydagi boshqa oila aʼzolari ham ichishi tavsiya etiladi. Bu oila aʼzolari orasida gijjalarning tarqalishini toʻxtatadi.

Esingizda boʻlsin, gijja tuxumi oson tarqaladi. Agar tozalikka rioya qilinmasa, gijjalar tez-tez qayta yuqishi mumkin.

Bolalarda gijjalar yuqishining oldini olish

Gijjalar tarqalishining oldini olish uchun bir qancha usullar mavjud:

  • Hojatxonaga borgandan keyin, ovqat tayyorlashdan va ovqatlanishdan oldin qoʻlingizni sovunlab yuving.
  • Tirnoqlarni muntazam ravishda olib turing va ularning ostidagi kirlarni tozalab yuving.
  • Bolani orqa сhiqaruv teshigini (anusni) qashimaslikka va barmoqlarini soʻrmaslikka oʻrgating.
  • Agar oilada kimdadir gijja aniqlansa, gijjaga qarshi dorilar bilan oilaning barcha aʼzolarini davolash kerak.
  • Agar sizda yoki farzandingizda gijjalar boʻlsa, davolanishdan keyin muntazam ravishda har kuni kiyim va choyshabni issiq suvda (60°C va undan yuqori) sovun bilan bir necha kun davomida yuving.
  • Hojatxona oʻrindiqlari va bolalar tuvaklarini muntazam ravishda tozalang va yaxshilab yuving.
  • Farzandingizni har kuni dush qabul qilishga yoki choʻmilishga oʻrgating (agar bu ertalab bajarilsa, gijja tuxumlarining yoʻqolishiga yaxshi yordam beradi).