Kerakli sut miqdori
Agar quyidagilar kuzatilsa, bola yetarli miqdorda sut oladi:
- kuniga kamida 10–12 marta emsa;
- qisqa tanaffuslar bilan ritmik tarzda emsa, jagʻning harakatlarini koʻrish mumkin, yutish eshitiladi;
- 24 soat ichida tagliklar 6 va undan koʻp marta och sariq siydik bilan hoʻllansa;
- odatda 24 soat ichida 3–6 marta najas ajralsa;
- bolaning vazni hayotining dastlabki 4 oyida haftasiga oʻrtacha 150–240 g ortib borsa;
- emizishlar oraligʻida tetik, faol boʻlsa.
Agar unda quyidagilar kuzatilsa, chaqalogʻingiz sutga ehtiyojini qondira olmayapti:
- energiyani tejash uchun uzoq vaqt davomida uxlaydi (4 soatdan ortiq);
- zaif ovozda yigʻlaydi;
- najasi kam miqdorda yoki umuman yoʻq;
- juda tez emadi;
- yetarli vazn qoʻsha olmaydi;
- siydik ajratishi juda kam – tagliklar 6 martagacha hoʻl boʻladi, ular ogʻir emas, siydik toʻq sariq rangda, gʻisht rangidagi dogʻlarni koʻrish mumkin.
Fiziologik vazn yoʻqotish
Tugʻilgandan keyingi birinchi kunlarda yangi tugʻilgan chaqaloqning vazn yoʻqotishi odatiy holdir. Bu birinchi najasning (mekoniyning) va ortiqcha erkin suyuqlikning ajralishi bilan bogʻliq. Agar ona jarrohlik yoʻli bilan tugʻish paytida tomiridan suyuqliklar olgan boʻlsa, bolada erkin suyuklik miqdori koʻp boʻladi; ushbu chaqaloqlar birinchi 24 soat ichida koʻp vazn yoʻqotishi mumkin.
Bularning barchasi tugʻilgandagi vazn oʻrtacha 7% yoʻqotilishiga olib keladi. Eng koʻp fiziologik vazn yoʻqotish – 10% ni tashkil etadi. Agar bola vaznining 10% yoki undan koʻp qismini yoʻqotsa, emizish texnikasini, u faol emayotgani yoki yoʻqligini, sogʻligʻida muammolar bor yoki yoʻqligini tekshirish kerak. Ushbu sabablarning barchasi inkor etilsa va bola vazn qoʻshmasa, qoʻshimcha ovqatlantirish masalasini koʻrib chiqish kerak. Agar dastlabki bir necha kun ichida farzandingiz koʻproq vazn yoʻqotsa, koʻkrak suti bilan emizishni qoʻllab-quvvatlash va zarur yordam olish uchun tugʻuruqxonada yana bir necha kun qolish tavsiya etiladi; tugʻuruqxonadan chiqqach, bolani kuzatib borish va 3–5 kundan keyin vaznini qayta tekshirish kerak.
Tana vaznining qoʻshilishi
- Laktatsiya yoʻlga qoʻyilib, emizish yaxshi boshlanganda bola vazniga kuniga oʻrtacha 25–30 gramm qoʻsha boshlaydi. Hayotning 10- va 15-kunlari orasida tugʻilishdagi vazniga qaytishi kutiladi.
- Qoʻshilishi kerak boʻlgan meʼyor – oyiga kamida 600 g. Albatta, baʼzi bolalar ancha koʻp vazn qoʻshadilar; agar chaqaloq faqat emizilsa, ortiqcha vazn haqida qaygʻurmasangiz ham boʻladi.
- Agar goʻdak 400–600 g gacha vazn qoʻshgan boʻlsa, qoʻshimcha kuzatuv zarur va 5 kundan soʻng emizishning yaxshilanganini tekshirish kerak; emizishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish bilan bir hafta ichida kamida 180 g vazn ortishi kutiladi.
Yengish mumkin boʻlgan toʻsiqlar
Koʻkrak suti bilan emizishda qiyinchiliklar asosan tugʻuruqdan keyingi dastlabki oylarda yuzaga keladi, аgar:
- Bolangizni tez-tez ovqatlantira olmasangiz (dastlab 24 soat ichida 10–12 martadan kam boʻlmaslgi kerak), tungi vaqtda emizishni juda erta toʻxtatsangiz, emizish uchun yetarlicha vaqt ajratmasangiz.
- Shisha va soʻrgʻichlar bolani chalkashtirib yuboradi, shuning uchun ulardan foydalanish tavsiya etilmaydi.
- Notoʻgʻri emizish ham laktatsiyaning oʻrnatilishiga xalaqit beradi.
- Otalikning birinchi oylari ishonchsizlik, kuchli charchoq, notoʻgʻri ovqatlanish bilan birga kechadi.
Agar sabrsiz boʻlsangiz va oʻzingizga ishonchingiz boʻlmasa, bolaning oziqlanishiga sunʼiy aralashmani kiritasiz, natijada istisnosiz koʻkrak suti bilan boqish istagini yoʻqotasiz yoki hatto bundan voz kechasiz! Shishachadan sunʼiy oziqlantirish sut ishlab chiqarishni jiddiy susaytirishi mumkin, baʼzan u butunlay toʻxtaydi. Bunday holda istisnosiz koʻkrak suti bilan emizishga qaytish oson emas!
Yetarlicha uxlashga, dam olib hordiq chiqarishga harakat qiling. Doʻstlaringiz va oilangizdan bir-ikki soat vaqt taqdim etishlarini soʻrang, shunda ana shu imkondan foydalanib bir piyola qahva ichishingiz yoki sayrga, sartaroshga chiqib kelishingiz mumkin. Bu harakatlar aslida bola uchun.
Sunʼiy aralashma farzandingiz uchun ona suti kabi foydali ekaniga ishontirishlariga mutlaqo yoʻl qoʻymang!
Agar sizda koʻkrak sutini ishlab chiqarish boʻyicha savollaringiz yoki shubhalaringiz boʻlsa, shifokoringiz yoki oila hamshirasiga murojaat qiling, ular sizga maxsus yordam va maslahatlar beradi. Tinchlanishga ham yordamlashadilar. Bundan tashqari, emizish haqida qoʻshimcha maʼlumot olish uchun “Bebbo” ilovasidan foydalaning.