Uydan tashqarida emizish
Uyda bolangiz bilan birgalikda emizish maromini oʻrnatib oldingiz, emizish odatiy holga aylandi va endi siz uydan tashqarida uzoqroq vaqt oʻtkazish haqida oʻylayapsiz. Deylik, oilangiz bilan uzoqroq sayr qilishni, doʻkonlarda xarid qilishni yoki dugonangiz bilan koʻrishib, qahva ichishni xohlaysiz. Onalar va bolalar ham boshqalar kabi turli mashgʻulotlarni bajarib zavqlanishni xohlaydi. Agar zamonaviy tavsiyalarga amal qilsangiz va bolangizga 6 oylikkacha boshqa oziq-ovqat yoki suyuqlik bermasangiz, qoʻshimcha ovqatlar kiritilgandan keyin ham emizishni davom ettirmoqchi boʻlsangiz, uyda boʻlmagan vaqtingizda ham bolani emizishingiz kerak. Agar bu jarayon siz uchun noqulay boʻlsa, kundalik hayotda koʻplab cheklovlarga duch kelasiz.
Yaqin vaqtgacha deyarli aqlga sigʻmaydigan va jamoatchilik tomonidan muhokama qilinadigan holat, xayriyatki, bugun ijtimoiy meʼyorga aylanib bormoqda. Koʻpgina supermarketlarda, bolalar doʻkonlarida, savdo markazlarida va boshqa jamoat joylarida bolani emizishga moʻljallangan xonalar, burchaklar tashkil etilgan. Onalar baʼzida jamoat joylarida emizishni maʼqullamaydigan nigohlardan va gap-soʻzlardan xijolat tortishadi yoki tashvishlanadi. Afsuski, bu qarash haligacha saqlanib qolmoqda.
Jamoat joylarda emizishni qulayroq qilish uchun oʻnta maslahat:
- Siz oʻz huquqlaringizni bilishingiz kerak. Jamoat joylarida emizishga ruxsat beriladi; siz nafaqat bolangizga eng yaxshi ozuqani berasiz, balki hozircha farzandsiz ayollar va erkaklarga bunday vaziyatda qanday emizish kerakligini koʻrsatasiz ham.
- Agar koʻkragingiz koʻrinib qolishidan xavotirda boʻlsangiz, uyda oyna oldida mashq qiling; bola koʻkragingizning katta qismini qoplaganini koʻrasiz. Liboslaringizdan qaysi biri toʻgʻri kelishini tekshirib koʻring.
- Oʻzingizni qulay his qiladigan kiyimni tanlang.
- Bolani olib yurishda adyol, choyshabdan foydalaning.
- Osonlik bilan yechsa boʻladigan koʻkrakbogʻdan foydalaning.
- Oʻzingizga mos keladigan joyni tanlang. Ikki narsa muhim: hammaga orqa oʻgirib, qulay oʻtirish va boshqa odamlar bilan imkon qadar kamroq muloqot qilish.
- Bolani koʻkrakka tutayotganda orqaga buriling; shu paytda badanning koʻproq qismi koʻrinadi; bola emishni boshlaganda esa u koʻkrakni deyarli toʻsadi.
- Agar oʻzingizni noqulay his qilsangiz, koʻkrak atrofini yoʻrgak yoki roʻmol bilan oʻrab oling, bolani koʻrib turing va bola ham sizni koʻrishiga imkon bering.
- Tabassum qiling!
- Yuzaga kelishi mumkin boʻlgan noqulayliklarga tayyor boʻling – restoran menejeri yoki savdo markazining qoʻriqchisi sizni ogohlantirishi mumkin. Javobingizni oldindan tayyorlang!
Agar bolangizni uydan tashqarida emizish uchun tayyor boʻlmasangiz, umr yoʻldoshingiz, doʻstingiz, singlingizdan sizga hamroh boʻlishni iltimos qiling. Qoʻllab-quvvatlash har doim yoqimli. Jamoat joylarida emizish koʻkrak suti bilan boqish amaliyotini qoʻllab-quvvatlaydi.