Muntazam tibbiy koʻrik: 12–15 oy ichida
Farzandingiz atrofidagi muhitni zabt etmoqda: u oʻzi oʻtirib, uy mebellari yonida yurib, birinchi mustaqil qadamlarini qoʻyishni boshlaydi. U oila aʼzolarining ismlarini, atrofdagi baʼzi jismlarning nomlarini biladi va ehtimol, soʻzlarning maʼnosini bilib aytadi. U oʻz qiziqishlarini siz bilan baham koʻrishga intiladi. Siz esa uning rivojlanishini yaxshiroq kuzatib borish imkoniga ega boʻlasiz va uni qoʻllab-quvvatlaysiz.
Koʻrikka tayyorgarlik
Odatiy narsalardan tashqari quyidagilarni olib kelishni unutmang:
- farzandingizning sevimli oʻyinchogʻi;
- toza suv solingan idishcha;
- pediatrga beradigan savollaringiz roʻyxati.
Muntazam tibbiy koʻrikning maqsadi
- Rivojlanishni baholash.
- Oʻsishni kuzatish: tana uzunligi / boʻyi, tana vazni va bosh aylanasini oʻlchash.
- Dastlabki suhbat va maslahat: ushbu yoshda siz shifokor bilan muhokama qilishni istagan bir qator mavzular bor, ular orasida eng asosiysi – bolaning rivojlanishi mavzusi. Siz bolangiz haqida gapirib berasiz: bola qanday harakat qiladi; buyruqlarni qanday tushunadi va oʻzi istagan narsani qanday qilib soʻraydi; siz bilan qanday oʻynaydi; u oʻz-oʻziga yordam berish koʻnikmalarini qanday oʻzlashtirdi: qoʻli bilan ovqat yeydimi, qoshiq, piyoladan foydalanishni oʻrgana boshladimi va hokozo. Shuningdek, oila dasturxonidan ovqatlanishga oʻtish, bolalar xavfsizligi va ularni jarohatlardan himoya qilish, bolalar oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatishiga tayyorgarlik koʻrish va hokazo mavzularda ham suhbatlashish mumkin.
- Tibbiy koʻrik va rivojlanishni baholash: pediatr bolani sizga tanish boʻlgan tartibda muntazam ravishda klinik tekshiruvdan oʻtkazadi. Shifokor bolaga biron-bir buyumni taklif qiladi va uning xatti-harakatlarini hamda sizga nisbatan xatti-harakatlarini kuzatadi.
- Sogʻlom turmush tarzi: tibbiyot xodimi sizga tamaki tutuni, mobil telefon, planshet, televizorning erta zararli taʼsirining oldini olish haqida, bolani yotoqxonaga shishacha bilan, ayniqsa, ichida aralashmasi boʻlgan shishacha bilan yotqizmaslik haqida, quyosh nurlarining xavfsiz taʼsiri va avtomobilda bolangizni qanday qilib xavfsiz tashish kerakligi haqida gapirib beradi. Bundan tashqari, tibbiyot xodimi bola oila bilan birga ovqatlanishi qanday afzalliklarga ega ekani haqida gapiradi. Tishlar va ogʻiz boʻshligi gigiyenasi masalalari ham muhokama qilinadi.
Emlash
- Shifokor farzandingiz hozirgi kunga qadar qaysi emlamalarni olganini tekshiradi.
- Agar bola amaldagi emlash taqvimiga muvofiq barcha kerakli emlamalarni olgan boʻlsa, shifokor / hamshira quyidagilarni tekshiradi: oʻtkazilgan emlashlarga qanday javob reaksiyasi kuzatildi? Farzandingizda biror-bir dori vositasi yoki oziq-ovqatga allergiya kuzatilganmi? U dori ichyaptimi? Uning immun holati sustlashganmi? Oilada immun tizimi sustlashgan odam bormi?
- 12–18 oylikkacha (har bir davlatning milliy emlash jadvaliga qarab) bolalar quyidagi emlashlarni oladi:
– 12 oylikda qizamiq, epidemiologik parotit va qizilchaga qarshi emlash (KPK-1).
– 12 oylikda Streptococcus pneumoniae bakteriyasiga qarshi qayta emlash (Pnevmo-3).
– 16 oylikda koʻkyoʻtal, boʻgʻma, qoqsholga qarshi revaksinatsiya (AKDS-4) va poliomiyelit kasalligiga qarshi emlash (OPV-4).
- Hamshira kerakli emlamalarni oʻtkazadi va sizga emlashdan keyingi ikki haftada bolada tana haroratining koʻtarilishi, ozroq toshma toshishi kabi yengil reaksiyalar kuzatilishi, koʻpincha bu holat oʻz-oʻzidan oʻtib ketishi mumkinligini tushuntiradi.
Xulosa
- Koʻrik yakunida shifokor sizga bolangizning sogʻligʻi bilan bogʻliq maʼlumotlarni va kerakli tavsiyalarni beradi.
- Bolaning qon tahlilini tekshirish uchun laboratoriyaga yoʻllanma olasiz.
- Agar boshqa tor mutaxassis yoki rivojlanish boʻyicha maslahat markazining mutaxassisi koʻrigidan oʻtish zarurati boʻlsa, shifokor tegishli koʻrsatmalar beradi.
- Keyingi tashrif sanasi toʻgʻrisida koʻrik soʻngida xabar berishadi.
Esda tuting, muntazam tibbiy koʻrik bolangizning oʻsishi, rivojlanishi va sogʻligʻini tekshirish, uning rivojlanishini yanada qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tavsiyalar olish imkoniyatidir. Ushbu imkoniyatni boy bermang!