Muntazam tibbiy koʻrik: 18 oyligida

Ushbu yoshdagi bolalarni muntazam tibbiy koʻrikdan oʻtkazish oʻsish, rivojlanish va farzandingizning sogʻligʻini tekshirishni oʻz ichiga oladi.
Body

Farzandingiz allaqachon yura oladi, sayr qilishga oʻyinchoqlarini ham birga olib chiqadi. Endi u ogʻzaki murojaatni ishorasiz ham tushunadi va muloqot uchun koʻproq soʻzdan foydalanadi. U xatti-harakatlaringizga taqlid qilishi va sizni oʻyinga jalb qilishga urinishi ham mumkin. U oʻz xohishini yanada yaqqolroq ifoda eta boshladi va baʼzida sizning murojaatingizga boʻysunishni istamaydi. U koʻp narsalarni oʻrgandi, lekin ularni har doim ham namoyish etavermaydi.

Koʻrikka tayyorgarlik

  • Bolaning odatdagi shaxsiy buyumlaridan tashqari shifokorga koʻrsatish uchun kerakli tibbiy hujjatlarni ham oling.
  • Bolaning sevimli oʻyinchogʻi yoki kitobini va ichish uchun suv olib keling.
  • Shifokordan soʻrash uchun savollar tayyorlang.

Muntazam tibbiy koʻrikning maqsadi

  • Navbatni kutish vaqtida rivojlanishni baholash boʻyicha soʻrovnoma berilishi mumkin. Uni toʻldirib berasiz.
  • Oʻsishni kuzatish: tana uzunligi/boʻyi, tana vazni va bosh aylanasini oʻlchash.
  • Dastlabki suhbat va maslahat: shifokor oʻtgan vaqt oraligʻida bola qancha oʻsganini va ovqatlanish bilan bogʻliq muammolar bor-yoʻqligini tekshiradi. Koʻrik bolaning jismoniy faolligi va u harakatsiz oʻtirishga, uyquga qancha vaqt sarflashi kerakligi, bolani jarohatdan qanday himoya qilish, bola maktabgacha taʼlim muassasasiga borish-bormasligini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyatdir. Shifokor / hamshira bolaga kitob oʻqib berish, uyda va uydan tashqarida oila aʼzolari bilan birga oʻynashning ahamiyati haqida gapirib beradi.
  • Kommunikatsiya qobiliyatlarini baholash (autistik buzilishning dastlabki belgilarini istisno qilish uchun).
  • Tibbiy koʻrik va rivojlanishni baholash: shifokor bolangizni muntazam ravishda klinik tekshiruvdan oʻtkazadi, u bilan suhbatlashadi va oʻzini qanday tutishini nazorat qiladi.
  • Sogʻlom turmush tarzi: tibbiyot xodimi sizga tamaki tutuni, mobil telefon, planshet, televizorning erta zararli taʼsirining oldini olish haqida, bolani yotoqxonaga shishacha bilan, ayniqsa, ichida aralashmasi boʻlgan shishacha bilan yotqizmaslik haqida, quyosh nurlarining xavfsiz taʼsiri va avtomobilda bolangizni qanday qilib xavfsiz tashish kerakligi haqida gapirib beradi. Bundan tashqari, tibbiyot xodimi bola oila bilan birga ovqatlanishi qanday afzalliklarga ega ekani haqida gapiradi. Tishlar va ogʻiz boʻshligi gigiyenasi masalalari ham shu paytda muhokama qilinadi.

Emlash

  • Shifokor / hamshira farzandingiz hozirgi kunga qadar qaysi emlamalarni olganini tekshiradi. Agar bola amaldagi emlash taqvimiga muvofiq barcha kerakli emlamalarni olgan boʻlsa, tibbiyot xodimlari oʻtkazilgan emlashlarga qanday javob reaksiyasi kuzatilganini va shu vaqt ichida biror-bir dori vositasi yoki oziq-ovqatga allergiya kuzatilganini tekshirishadi.
  • 12–18 oylikkacha bolalar quyidagi (har bir davlatning milliy emlash jadvaliga qarab) emlamalarni oladilar:

– 12 oylikda qizamiq, epidemiologik parotit va qizilchaga qarshi emlash (KPK-1).

– 12 oylikda Streptococcus pneumoniae bakteriyasiga qarshi qayta emlash (Pnevmo-3).

– 16 oylikda koʻkyoʻtal, boʻgʻma, qoqsholga qarshi revaksinatsiya (AKDS-4) va poliomiyelit kasalligiga qarshi emlash (OPV-4).

Xulosa

  • Koʻrik davomida olingan barcha maʼlumotlarga asoslanib, shifokor farzandingizning oʻsishi, rivojlanishi va sogʻligʻi toʻgʻrisidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashadi.
  • Agar baʼzi rivojlanish sohalari mutaxassislar yordamiga koʻproq muhtoj boʻlsa, bolangiz boshqa mutaxassis maslahatiga yuboriladi.
  • Bola hayotining uchinchi yilida, taxminan 30-oyligida keyingi tashrifni rejalashtirish toʻgʻrisida sizga maʼlumot beriladi.

Esda tuting, muntazam tibbiy koʻrik bolangizning sogʻligʻini tekshirish, rivojlanishini kuzatib borish va uni doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkaziladi. Imkonni boy bermang!