Muntazam tibbiy koʻrik: uchinchi yilda

Ushbu yoshdagi muntazam tibbiy koʻrikning maqsadi bolangizning oʻsishi, rivojlanishi va sogʻligʻini tekshirish, uning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun qoʻshimcha tavsiyalar berishdir.
Body

Farzandingiz uyda ham, uydan tashqarida ham borgan sari faollashmoqda. U yuradi, yuguradi, barcha joylarga suqilib kiradi va sizning doimiy eʼtiboringizni talab qiladi. Ehtimol, u rolli oʻyinlarni oʻynashni yoqtiradi va tasavvurini rivojlantiradi. U nutqida tobora koʻproq soʻzlarini ishlatadi va ikki-toʻrt soʻzdan iborat jumla tuzadi.

Koʻrikka tayyorgarlik

  • Farzandingizning pediatrga koʻrsatish kerak boʻlgan tibbiy hujjatlari bormi – tekshiring.
  • Farzandingiz yaxshi koʻradigan oʻyinchoq yoki kitobni va ichish uchun suv olib kelishni unutmang.
  • Tibbiy koʻrik va rivojlanishni baholash: shifokor bolangizni muntazam ravishda klinik tekshiruvdan oʻtkazadi, u bilan suhbatlashadi va oʻzini qanday tutishini tekshiradi.

Muntazam tibbiy koʻrikning maqsadi

  • Rivojlanishni baholash.
  • Oʻsishni kuzatish: tana uzunligi/boʻyi, tana vazni va bosh aylanasini oʻlchash.
  • Dastlabki suhbat: shifokor oʻtgan vaqt oraligʻida bola qancha oʻsganini tekshiradi. U bolaning ovqatlanishi, jismoniy faolligi, uyqusi, oʻynashi, oʻrganishi, maktabgacha taʼlim muassasasiga borish-bormasligiga qiziqadi. Shuningdek, shifokor / hamshira bolaning oʻqishi, oʻynashi, shu jumladan, oʻz tengdoshlari bilan birga oʻynashi muhimligi haqida gapiradi. Velosipedni haydash vaqtida bolaning sogʻligʻiga xavf solishi mumkin boʻlgan xatarlarni, boshga kiyadigan dubulgʻadan foydalanish boʻyicha koʻrsatmalarni muhokama qilish muhimdir. Esda tuting, ushbu koʻrik foydali tavsiyalar olish uchun imkoniyatdir.
  • Tibbiy koʻrik va rivojlanishni baholash: shifokor bolangizni tekshiradi: ogʻiz boʻshligʻi, burun, quloqlarni koʻzdan kechiradi; yurak va oʻpkani eshitib koʻradi; oshqozonini paypaslab koʻradi; qaddi-qomatini tekshiradi. Koʻrikni oʻtkazish paytida siz ham jarayonni kuzatishingiz, savollar berishingiz va baʼzi shubhalaringizga tushuntirishlar soʻrashingiz mumkin. Shuningdek, bu paytda shifokor bilan bolaning rivojlanishini muhokama qilish, bola turli yoʻnalishlarda qanday rivojlanayotganini baholash imkoniga ham egasiz.
  • Ushbu tekshiruv paytida koʻrish va eshitish qobiliyatini baholash ham oʻtkazilishi mumkin.
  • Sogʻlom turmush tarzi: tibbiyot xodimi sizga tamaki tutuni taʼsirining oldini olish, kuniga 2 soatdan kam vaqtgacha mobil telefon, planshet, televizorning taʼsirini cheklash, bolani yotoqxonaga shishacha bilan, ayniqsa, ichida aralashmasi boʻlgan shishacha bilan yotqizmaslik haqida, quyosh nurlarining xavfsiz taʼsiri va avtomobilda bolangizni qanday qilib xavfsiz tashish kerakligi haqida gapirib beradi. Bundan tashqari, tibbiyot xodimi bola oila bilan birga ovqatlanishi qanday afzalliklarga ega ekani haqida tushuntirishlar beradi. Tishlar va ogʻiz boʻshligi gigiyenasi masalalari ham muhokama qilinadi.

Emlash

  • Ushbu yoshda rejalashtirilgan emlash yoʻq.
  • Agar farzandingiz hayotning dastlabki ikki yilida barcha emlamalarni olmagan va hozirda sogʻlom boʻlsa, u emlashning qolib ketgan dozasini oladi.

Xulosa

  • Koʻrik davomida olingan barcha maʼlumotlarga asoslanib shifokor farzandingizning oʻsishi, rivojlanishi va sogʻligʻi toʻgʻrisidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashadi.
  • Agar bola rivojlanishi uchun toʻliqroq baholash va shoshilinch yordamga muhtoj boʻlsa, u tegishli mutaxassis yoki rivojlanish boʻyicha maslahat markaziga yuboriladi.
  • Keyingi tekshiruv qachon oʻtkazilishi toʻgʻrisida sizga xabar beriladi. Bunga yozma maʼlumot ham qoʻshimcha qilinishi mumkin.

Bolaning rivojlanish tezligi asta-sekin sekinlashib bormoqda, ammo bolangiz baribir doimiy eʼtibor, kuzatuv va tegishli yordamga muhtoj. Farzandingizga yordamni kuchaytirish uchun muntazam tibbiy koʻrikdan foydalaning!