Past boʻylilik

Bolaning uzunligi / boʻyining koʻrsatkichlari shu yoshdagi va shu jinsdagi sogʻlom bolalar uchun oʻrtacha koʻrsatkichlarga nisbatan –2 SO dan past boʻlsa, bu bolaning boʻyi past hisoblanadi.
Body

Ota-onalar farzandining boʻyi yoshga mos kelish-kelmasligini bilishga juda qiziqadilar.

Farzandingiz tengdoshlaridan past boʻlib tuyulsa, uning boʻyini tez-tez oʻlchaysiz va, albatta, pediatr bilan maslahatlashasiz.

  • Tibbiy muassasada muntazam tibbiy tekshiruvlar doirasida barcha bolalar tanasining uzunligi / boʻyi oʻlchanadi va oʻsish jadvaliga kiritiladi. Jadvalda bolaning oʻlchov koʻrsatkichlari shu yoshdagi va jinsdagi sogʻlom bolalar koʻrsatkichlari bilan taqqoslanadi.
  • Mamlakatimizda oʻsish jadvallari (egri chiziqli grafikalar) ishlatiladi; ular Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tadqiqotlari asosida belgilangan oʻsish standartlarini ifodalaydi.

Qachon bolaning boʻyi yoshiga nisbatan past boʻladi?

  • 2 yoshgacha boʻlgan bolalarning tana uzunligi yotgan holatda, ikki yoshdan boshlab esa ularning boʻyi tik turgan holatda oʻlchanadi.
  • Meʼyordagi boʻy va past boʻyning chegarasi keskin emas, chunki u individual belgilangan mezonga asoslanadi.
  • Tana uzunligi / boʻyi oʻsha yoshdagi va jinsdagi sogʻlom bolalar uchun –1 SO va –2 SO oraligʻida boʻlsa, ushbu standartga koʻra, boʻyi past hisoblanadi.
  • Agar bolaning boʻyi –2 SO va –3 SO oraligʻida boʻlsa – oʻrtacha darajadagi, agar –3 SO dan past boʻlsa – ogʻir darajadagi past boʻylilik hisoblanadi.
  • Shu sababli boʻyi SO boʻyicha meʼyorda boʻlgan, lekin ota-onasining boʻyiga mos kelmaydigan yoki yiliga 4,5 cm dan kam boʻy qoʻshgan 4 yoshdan katta bolalar ham boʻy oʻsishida muammolari bor deb hisoblanishi mumkin.

Past boʻyning sabablari

  • Rivojlangan mamlakatlarda aksariyat bolalarda “meʼyordagi past boʻy” deb nomlangan past boʻylilik fiziologik shaklga ega, chunki ularning sogʻligʻida hech qanday cheklanishlar alomatlari yoʻq va bolaning boʻyi ota-onasining yoki yaqin qarindoshlarining boʻyi va oʻsish uslubiga mos keladi (oilaviy past boʻylilik).
  • Baʼzi bolalarda past boʻylilik sabablari quyidagilardir: genetik kasalliklar, gormonlar faoliyatining buzilishi, shuningdek, ichak, buyrak, yurak, oʻpkaning turli xil surunkali kasalliklari; yuqori dozali kortikosteroidli terapiya.
  • Dunyo boʻylab rivojlanmagan mamlakatlarda past boʻylilikning asosiy sabablari oziq-ovqat yetishmovchiligi (miqdorining kamligi va tarkibining toʻla qiymatga ega emasligi) tufayli toʻyib ovqatlanmaslik va / yoki yuqumli kasalliklar bilan tez-tez kasallanishdir.
  • Bolaning oʻlchov koʻrsatkichlarini, tekshirish natijalarini, yigʻilgan anamnez maʼlumotlarini, ayniqsa, ota-onalar va yaqin qarindoshlarning boʻyi haqidagi maʼlumotlarni hisobga olgan holda, pediatr aniq tavsiyalar berish va bolaning oʻsishini kuzatishni davom ettirish yoki batafsilroq tekshiruvlardan oʻtkazish taktikasini aniqlab oladi.
  • Past boʻyning sabablarini oʻrganishda sogʻliqdagi cheklanishlarning belgilarini izlashdan tashqari shifokor kamida bolaning oxirgi 2 yil davomidagi boʻy koʻrsatkichlarini bilishi kerak.

Bolaning tana uzunligini / boʻyini muntazam ravishda kuzatish past boʻylilikni erta aniqlash va kutilgan boʻy koʻrsatkichlariga erishish uchun tegishli choralarni koʻrish usulidir.