Tutun tarqalgandan soʻng
Tamakining yonishi natijasida hosil boʻlgan zarralar shkaf, mebel yuzalari, pardalar, gilamlar, avtomobil va boshqa buyumlarda uzoq vaqt saqlanib qoladi. Ushbu zarralar xonadagi boshqa ifloslantiruvchi moddalar bilan oson va tez aralashadi va juda zararli aralashmani hosil qiladi.
Tamaki mahsulotlarining bunday taʼsiridan saqlanish deyarli imkonsiz – zararli moddalar bilan ifloslangan yuzalarga teginish, shuningdek, ular turib qolgan xonalardagi havodan nafas olish orqali organizmga kiradi.
Chekilgan sigaret qoldiqlari alohida muammodir: ular atrof-muhitni eng koʻp ifloslantiruvchi narsalardan biri boʻlishi bilan birga inson salomatligiga bevosita jiddiy tahdid soladi. Chunki nikotin va boshqa zararli moddalarning katta qismi filtrlarda saqlanib qoladi va ular sigaret oʻchirilganidan bir necha kun oʻtib ham ajralib chiqishi mumkin.
Goʻdaklar va yosh bolalar alohida xavf ostida:
- ular har qanday taʼsirdan qochib qutula olmaydilar;
- ular uyda uzoqroq qolishadi;
- ular barcha jismlarga teginishga va ularni ogʻziga solishga moyil.
Bundan tashqari, bolalarda bir daqiqada nafas olish soni kattalarga qaraganda koʻproq, shuning uchun yutilgan zararli moddalar miqdori koʻproq va sogʻlikka taʼsiri jiddiyroq boʻladi!
Olimlar bu turdagi tamaki taʼsirining zararini haligacha oʻrganmoqda. Ushbu yangi maʼlumotlarni kutayotgan vaqtda yagona ishonchli yechim – oʻzingiz va farzandlaringiz uchun tamakisiz muhitni tanlash hamda ularni yaratishdir!
- Oʻzingiz “masʼul” boʻlgan joylarda, uyingizda va mashinangizda chekishni butunlay taqiqlang!
- Agar siz baribir oʻzingiz va farzandingizning yashash joyida chekishga ruxsat berishga qaror qilsangiz (biz buni tavsiya etmaymiz!), quyidagilarga rioya qiling:
- Farzandingiz hech qachon qolmaydigan, alohida xonani ajratishga harakat qiling!
- Kuldonlarni muntazam ravishda boʻshating!
- Muntazam ravishda barcha mavjud yuzalarni tozalang va kiyimlarni yuving!
- Siz va bolangiz koʻp oʻtiradigan xonalarni tez-tez shamollatib turing!
- Bolalar bilan sayrga chiqish uchun tamaki chekish taqiqlangan restoran, kafe va oʻyin xonalarini tanlang!