Giperstimulyatsiya: chaqaloqlar va bolalar
Giperstimulyatsiya nima?
Bola oʻzi koʻtara olmaydigan darajada koʻp tajribalar, his-tuygʻular, shovqin va faollik qurshovida qolganda unda giperstimulyatsiya sodir boʻladi.
Masalan, yangi tugʻilgan chaqaloq koʻplab odamlar ishtirok etgan ziyofatdan soʻng gʻingshib, bezovta boʻlishi mumkin. Maktabgacha yoshdagi bolada kattaroq ziyofat, masalan, tugʻilgan kundan soʻng tutqanoq holati kuzatilishi mumkin. Maktab yoshidagi bola esa maktabga, undan soʻng qoʻshimcha dars va suzish mashgʻulotiga boradigan boʻlsa, unda qaysarlik kuzatilishi ehtimoli bor.
Haddan ortiq qoʻzgʻaluvchan bolalar charchab qoladi va oʻzlarini tushkun his qiladi. Bunday holatlarda ularga vaqt hamda oʻzlariga tanish xotirjam muhit zarur.
Giperstimulyatsiya belgilari
Agar chaqalogʻingiz yoki kichik yoshdagi farzandingiz haddan ortiq taʼsirchan boʻlsa, u:
- qaysarlik qilishi yoki charchagan boʻlishi;
- koʻproq yigʻlashi;
- xafa koʻrinishi va yuzini sizdan burishi;
- siltanib harakat qilishi;
- qoʻlini musht qilishi, qoʻllarini silkitishi yoki tepinishi mumkin.
Agar kichkintoyingiz yoki maktabgacha yoshdagi farzandingiz haddan tashqari taʼsirchan boʻlsa, u:
- horgʻin, asabiy va xafa koʻrinishi;
- yigʻlashi, his-tuygʻularini soʻz bilan ifodalab bera olmasligi;
- yigʻi va gʻazab bilan oʻzini polga otishi;
- biror mashgʻulot bilan shugʻullanishni istamasligini sizga aytishi;
- xavfsizlik kamarini taqish kabi oddiy ishlarni qilishdan bosh tortishi mumkin.
Farzandingizda giperstimulyatsiya kuzatilayotganini qanday alomatlar orqali bilib olasiz?
Faol vaqt va tinch vaqtni muvozanatlashtirish
Besh yoshgacha bola ongi hayotining boshqa davrlariga qaraganda juda tez rivojlanadi. Farzandingizning ilk tajribalari – u koʻrayotgan, eshitayotgan, ushlab koʻrayotgan, hidlayotgan, tatib koʻrayotgan narsalar – uning ongini rivojlantirib, millionlab aloqalarni yaratadi.
Bu esa farzandingiz oʻynashi, oʻrganishi va oʻrganayotganlarini qoʻllashi uchun turli imkoniyatlarni beruvchi mashgʻulotlardan iborat boʻlgan muhit kerakligini anglatadi.
Ammo bu siz kun boʻyi farzandingiz bilan oʻyinchoqlarga oʻralashib oʻtirishingiz yoki farzandingizni maktabdan qoʻshimcha mashgʻulotlarga shoshiltirishingiz kerak degani emas. Chaqaloqlar va kichik yoshdagi bolalar ham oʻzlariga tanish, odatiy muhitga, tinchlik va xotirjamlikka muhtoj boʻladilar.
Farzandingiz atrof-muhitni xotirjam oʻynagan holda oʻzi istagancha, oʻziga xos boʻlgan surʼatda oʻrganishi foydali boʻladi. Bunday vaqt oʻtkazish farzandingiz oʻzini nima bilandir mashgʻul qilishini, mashq qilishini, xotirjam boʻlgan paytda oʻzini yaxshi his qilish uchun nimalar bilan mashgʻul boʻlishi mumkinligini bilib olishiga imkon beradi.
Chaqaloqlar: giperstimulyatsiyani yengish
Farzandingiz haddan ortiq bezovtaligini koʻrsangiz, tinchlanib olishi uchun uni boshqa sokinroq boʻlgan joyga olib boring, masalan, karavotga yotqizing. Agar farzandingiz bilan sayr qilayotgan boʻlsangiz, uni aravachasiga yotqizishingiz va ustini yengilroq yopinchiq bilan yopib qoʻyishingiz mumkin.
Chaqaloqlarni yoʻrgaklash ularni tinchlantirishga yordam berishi mumkin, chunki bu jismoniy faollikni pasaytiradi. Shuningdek, kundalik ishlarni bajarayotgan vaqtingizda maxsus moslama yordamida farzandingizni tanangizga mahkamlab olishingiz unga oʻzini xotirjam his qilishiga yordam berishi mumkin.
Kichkintoylar va maktabgacha yoshdagi bolalar: giperstimulyatsiyani yengish
Kichik yoki maktabgacha yoshdagi bolaning giperstimulyatsiyasini yengish uchun bir necha gʻoyalar:
- Oʻzingizni xotirjam tutishga harakat qiling. Bu farzandingizga tinchlanishga yordam beradi.
- Farzandingiz atrofida shovqin va faollikni kamaytirishga harakat qiling. Masalan, televizorni yoki radioni oʻchirib, farzandingizni yotoqxonaga olib kiring yoki u tinchlanib olguncha yoningizda boʻlishiga imkon bering.
- Farzandingiz oʻz xulq-atvoriga oid xatti-harakatlarini soʻzlar bilan ifodalashiga yordam bering. Masalan, unga: “Sening xafaligingni koʻrib turibman” yoki “Oʻzingni tushkun his qilayotganingni koʻrib turibman”. – deyishingiz mumkin.
- Farzandingiz bilan xotirjam oʻtirib, tinchlantiruvchi mashgʻulotlar bilan shugʻullaning. Ertak oʻqishingiz, u bilan yotishingiz, sokin qoʻshiqlar kuylab berishingiz yoki shunchaki orqasini silab qoʻyishingiz mumkin. U tinchlangandan soʻng oʻzi oʻynashi uchun vaqt bering.
- Agar farzandingiz maʼlum bir mashgʻulot bilan shugʻullanishni xohlamasligini aytsa, unga bu ishdagi aynan nima yoqmasligini aniqlay olasizmi? U bilan keyinroq, u tinchlanganda gaplashib olganingiz maʼqul.
Agar giperstimulyatsiya yoki stress tufayli farzandingiz xatti-harakatlarida muammo boʻlayotganini kuzatsangiz, bu muammoni deyarli har doim muhitni oʻzgartirish yordamida hal qilishingiz mumkin.
Maktab yoshidagi bolalar: giperstimulyatsiyani yengish
Bu yoshda bolalar oʻzlarini oʻzlari tinchlantirishlari mumkin.
Sizga asqatishi mumkin boʻlgan baʼzi gʻoyalar:
- Farzandingiz oʻz xulq-atvoriga oid xatti-harakatlarini soʻzlar bilan ifodalashiga yordam bering. Masalan, unga: “Xafaligingni koʻrib turibman” yoki “Oʻzingni tushkun his qilayotganingni koʻrib turibman”, – deyishingiz mumkin.
- Farzandingiz haddan tashqari charchagan yoki asabiy boʻlsa, tinch joyga borishni taklif qiling. Masalan, u oʻz xonasida sokin musiqa tinglashi yoki kitob oʻqishi mumkin.
- Farzandingiz bilan u qaysi mashgʻulotlarni qiziqarli deb hisoblashi haqida gaplashing. Agar u bajarishi kerak boʻlgan ishlar haddan ortiqligini bilsa, ularning ayrimlaridan voz kechish haqida oʻylab koʻrishiga toʻgʻri kelishi mumkin.
- Farzandingiz uchun ehtiyotkorlik strategiyasini ishlab chiqing. Ehtimol, farzandingiz bilan birgalikda mashq qila oladigan narsalarni toparsiz.
Farzandingizga hafta davomida uy vazifasini bajarishi, oila davrasida vaqt oʻtkazishi, doʻstlari bilan muloqot qilishi va yolgʻiz oʻzi boʻlishi uchun yetarli vaqt kerak.
Stimulyatsiyaning meʼyorini topish
Qancha stimulyatsiya haddan ortiq koʻp degan savolga toʻgʻri javob yoʻq, chunki har bir bola oʻziga xos. Bolalar turli darajadagi hayajonni yenga oladilar. Ayrim bolalar qoʻzgʻaluvchanlikni oshiruvchi holatni boshqalardan yaxshiroq boshqara oladilar.
Yaxshisi, farzandingiz sizga yoʻlboshchi boʻlsin va eng maʼquli meʼyorga amal qilish ekanini unutmang.
Chaqaloqlar va kichkintoylar uchun uyqu vaqtidan tashqari xotirjam oʻynash va dam olish uchun biroz vaqt ajratish kerak.
Maktab yoshidagi farzandingizga u uchun chindan qiziqarli boʻlgan darsdan tashqari bir-ikkita mashgʻulot foydali boʻlishi mumkin. Musiqa va sport toʻgaraklari qiziqarli mashgʻulot bilan shugʻullanib, yangi doʻstlar orttirish koʻnikmasini rivojlantirishga yordam beradi. Ammo sinfdan tashqari mashgʻulotlarga koʻp vaqt sarflash oqibatida farzandingizning hordiq chiqarishga va koʻngilochar mashgʻulotlar bilan shugʻullanishga vaqti qolmasligi mumkin.
Oʻzi bilan shugʻullanish – muhim hayotiy koʻnikmadir. Buni ragʻbatlantirish orqali siz farzandingiz ulgʻayganda mustaqil boʻlishiga yordam berasiz.