Internet xavfsizligi: 3–5 yoshli bolalar
Internetdagi xavfsizlik nima uchun muhim?
Maktabgacha yoshdagi bolalar videoroliklar tomosha qilish yoki oʻyin oʻynash uchun Internetga kirishni yaxshi koʻradilar. Ular buni kompyuter, mobil telefon, planshet, televizor va boshqa qurilmalar yordamida amalga oshirishlari mumkin.
Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun Internetda ularning xavfsizligiga tahdid mavjud, lekin ular katta yoshdagi bolalar kabi xavf ostida boʻlmaydilar, chunki ularda Internetdan mustaqil foydalanish ehtimoli kamroq.
Agar siz xavfsizlik choralarini koʻrsangiz, bolani xavfli yoki nomaqbul axborotlardan va harakatlardan himoya qilishingiz mumkin. Sizning farzandingiz esa Internetdan bemalol foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu bolaning oʻqib-oʻrganishida, izlanishida, ijod qilishida, oila va doʻstlari bilan muloqot qilishida yordam beradi.
Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun Internetdagi xavfsizlik tahdidi
- Axborotlar bilan bogʻliq xavflar: bunday xatarlarga bolalarni ranjitadigan, jirkanch yoki boshqa tarzdagi noqulaylik hissini tugʻdiradigan axborotlar kiradi. Masalan, pornografiya, zoʻravonlik, hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik tasvirlari yoki katta yoshdagi bolalar uchun moʻljallangan maʼlumotlar boʻlishi mumkin.
- Aloqa bilan bogʻliq xavflar: bu xavfga bolalar oʻzlari bilmagan odamlar bilan muloqot qilishi kiradi. Masalan, bola muloqot dasturidan foydalanishi va notanish odam bilan gaplashishi mumkin.
- Xulq-atvor bilan bogʻliq xavflar: bu xavflar bolalar boshqalarga zarar yetkazadigan harakatlarni oʻz ichiga oladi. Masalan, bola doʻsti yoki aka-ukasi yaratgan oʻyinni buzishi mumkin. Yana bir xavf savdoga bogʻliq ilovada tasodifiy xarid qilishdir.
Bolani Internetdagi tahdiddan qanday himoya qilish kerak: maslahatlar
Farzandingiz Internetda duch keladigan tahdidlarni kamaytirishda siz muhim rol oʻynaysiz. Maktabgacha yoshdagi farzandingiz Internetga kirganda uning xavfsizligini taʼminlash uchun siz amaliyotda bajara oladigan koʻplab choralar bor.
Quyida baʼzi fikrlar keltirilgan:
- Raqamli moslama va Internetdan farzandingiz bilan birga foydalaning yoki siz farzandingiz yonida boʻling va Internetda nima qilayotganidan xabardor boʻling. Shunda siz farzandingiz koʻrgan biror narsadan xavotirlansa yoki xafa boʻlsa, tezda yordam bera olasiz.
- Aloqa vositalaridan foydalanish jadvalini tuzing. Jadvalda uyingizdagi aloqa moslamalari yoʻq joylar, shaxsiy maʼlumotlarni oshkor etishni taqiqlash, farzandingiz foydalana oladigan dasturlar, oʻyinlar va ilovalar kabi maʼlumotlar Internet xavfsizligi qoidalariga kiritilishi kerak.
- Kiddle kabi bolalar uchun moslashtirilgan qulay qidiruv tizimlaridan yoki ABC Kids, CBeebies, YouTube Kids yoki KIDOZ kabi axborot tarqatuvchi tizimlardan foydalaning.
- Oʻyinlar, veb-saytlar va teledasturlar bolangizga mos kelishini tekshiring.
- Katta aka-opalari, ukalari bilan tarmoqqa ulanganlarida ular Internetdagi xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlariga ishonch hosil qiling. Bunday qoidalar faqat yoshga mos dasturlarni koʻrishni oʻz ichiga olishi mumkin.
- Farzandingizning sevimli ilovalari yoki veb-saytlari uchun papkani yarating, shunda u osongina oʻz ilovalarini topa oladi. Farzandingiz ishlatadigan barcha qurilmalarga papkalarni yaratishingiz mumkin.
- Maxfiylik sozlamalarini tekshiring, ota-ona nazoratidan foydalaning, ilova ichidagi xaridlarni bloklang/qulflang va qurilmalaringizda bir marta bosish orqali toʻlov imkoniyatlari va joylashuv xizmatlarini oʻchiring.
- Internetdagi odobsiz mavzuga qanday shikoyat qilish kerakligini bilib oling.
Farzandingiz yoshi ulgʻayib, katta boʻlgan sari, oʻziga ishonib, Internetdan mustaqil foydalana boshlagach, siz oʻz yondashuvlaringizni qayta koʻrib chiqishingiz kerak boʻladi. 6–8 yoshli bolalar uchun Internet xavfsizligi haqidagi maqolamizda maslahatlar keltirilgan.
Internetda xavfsiz va masʼuliyatli xatti-harakatlarni oʻrgatish
Siz farzandingizga raqamli aloqa vositalardan va Internetdan xavfsiz, masʼuliyatli va zavq bilan foydalanishni oʻrganishiga yordam bera olasiz. Agar siz farzandingizga Internet xavfsizligi bilan bogʻliq tahdidlarni mustaqil boshqarishni oʻrgatib qoʻysangiz, u oʻzining tahdidlarga boʻlgan barqarorligini oshiradi. Bu Internetda duch keladigan har qanday tahdid bilan kurashish va ularga ijobiy javob berish qobiliyati hisoblanadi.
Agar siz quyidagilarni bajarsangiz, bunga erishishingiz mumkin:
- Internetga farzandingiz bilan birga kiring.
- Unga yaxshi namuna boʻling.
- Bolaga qanday axborot yaxshi va qanday axborot yomon ekanini aytib bering.
- Bolaga ilovalardagi xaridlar haqida aytib bering.
Internetga farzandingiz bilan birga kiring
Agar siz u bilan birga oʻynasangiz yoki video koʻrsangiz, bola koʻproq foyda oladi. Siz:
- unga qiziqarli yoki quvnoq veb-saytlarni koʻrsatib berishini taklif qilishingiz mumkin;
- undan oʻynayotgan oʻyin yoki ilovani qanday oʻynashini koʻrsatib berishni soʻrashingiz mumkin;
- u koʻrayotgan videolar haqida suhbatlashishingiz mumkin.
Agar siz ilova yoki video farzandingizga toʻgʻri kelmaydi deb hisoblasangiz, “Bu kattalar uchun ekan. Kel, boshqa qiziqroq videoni topaylik”, deb aytishingiz mumkin. Keyin bola yoshiga mos keladigan mavzularni topishiga yordam bering.
Yaxshi namuna boʻling
Farzandingiz sizdan namuna olib oʻrganadi. Bu shuni anglatadiki, agar farzandingiz raqamli axborot vositalaridan (telefon, smartfon, televizor, planshetdan) siz xohlagan tarzda hozirda va kelajakda foydalansa, shunda siz Internetdan xavfsiz va ongli ravishda foydalanish namunasini yaratgan boʻlasiz. Masalan, siz Internetga ulangan raqamli qurilmalardan (telefon, smartfon, televizor, planshetdan) yotoqxonada foydalanmasligingiz kerak.
Shuningdek farzandingiz hayotida bobo-buvilar va boshqa odamlar internetdan qanday foydalanishini bilish foydali boʻladi va ular bilan bir xil yondashuvni ishlab chiqishga harakat qilish kerak.
Farzandingizga yaxshi va yomon maʼlumotlar toʻgʻrisida gapiring
Siz farzandingizga Internetda yaxshi va yomon maʼlumotlar borligini, jumladan, yolgʻon maʼlumotlar ham mavjudligini tushuntirishingiz kerak. Agar bola oʻzini xafa qiladigan, qoʻrqitadigan yoki bezovta qiladigan mavzularni koʻrsa, uni siz bilan gaplashishga undang. Masalan, siz: “Internetdagi baʼzi videolar seni xafa qilishi yoki qoʻrqitishi mumkin. Agar qoʻrqitadigan yoki xafa qiladigan videolarni koʻrsang, menga aytgin”, deb tushuntirsangiz bo‘ladi.
Farzandingizga ilova ichidagi xaridlar haqida aytib bering
Koʻp oʻyinlar va ilovalarda xarid qilish imkoniyati taqdim etilgan. Siz farzandingizga bu haqda aytib berishingiz mumkin. Unga: “Odamlar pul topish uchun internetdan foydalanadilar va biz ularga pulimizni bekorga berib yubormasligimiz uchun ehtiyot boʻlishimiz kerak. Agar ekranda biror shubhali narsa paydo boʻlsa, uni bosma. Oldimga kel va menga ayt”, deb tushuntirishingiz kerak.
Agar sizning qoidalaringiz boshqa oilalarnikidan farq qilsa, xavotirlanmang. Agar ularni farzandingizga mos oʻylab topgan boʻlsangiz va ularning ishlashidan qoniqsangiz, bolaga Internetdan xavfsiz foydalanishiga yordam berasiz.