Oilaviy qoidalar

Oila qoidalari oilangizdagi barchaga yaxshi munosabatda boʻlishga yordam beradi. Yaxshi oilaviy qoidalar ijobiy, aniq va tushunish oson boʻlganidir. Qoidalarda jismoniy xulq-atvor, xavfsizlik, odob-axloq, tartib va hurmat kabilar aks etishi lozim. Balki, qoidalar bolalar ulgʻaygani sari oʻzgarar, oilaviy vaziyatingiz baʼzi istisno yo qoʻshimchalarni talab etar.
Body

Oila qoidalari: ular nima uchun muhim?

Oila qoidalari bu – oilangiz oʻz aʼzolari munosabatlarini tartibga soluvchi, maʼlum meʼyorlar asosida tuzilgan xususiy intizomdir.

  • Qoidalar bolalarga oilangizda qanday xatti-harakatlar qabul qilinishi, nima mumkin emasligini oʻrganishlariga yordam beradi.
  • Qoidalar kattalarga bolalar bilan munosabatlarida izchil boʻlishda ham asqatadi.

Qoidalar oilangizdagi har bir kishiga yaxshiroq munosabatda boʻlishga yordam beradi. Ular oilaviy hayotni yanada ijobiy va osoyishta qiladi.

Yaxshi oila qoidalari qanday boʻlishi kerak?

Yaxshi oilaviy qoidalar bolalarning xulq-atvorini ijobiy tomonga yoʻnaltiradi. Ularda siz:

  • aynan qanday xatti-harakatlar kutayotganingizni ayting. Masalan: “Biz biror narsa soʻraganimizda “iltimos” deymiz”, deng;
  • bolalar tushunishi oson tartiblar boʻlsin. Masalan: “Uyda past ovozda gapir”;
  • bolalarga nima qilmaslikni emas, balki nima qilishni ayting. Masalan: “Tartibsiz boʻlma”ning oʻrniga “Kiyimingni kiyim javoniga qoʻy” deng.

Farzandlaringizga nima qilmaslik kerakligini aytadigan qoidalar ham baʼzan yaxshi samara berishi mumkin. Nima qilish kerakligini tushuntirish qiyin boʻlganda. Masalan: “Notanish haydovchining mashinasiga oʻtirma”.

Ijobiy oilaviy qoidalar roʻyxati qisqa boʻlishi, ayniqsa, yosh bolalar uchun yaxshiroq.

Har bir oilaning qoidalari farqli boʻlishi mumkin. Chunki sizning oilaviy qoidalaringizga eʼtiqod va qadriyatlaringiz, vaziyatingiz va farzandingizning ehtiyojlari taʼsir qiladi.

Qoidalarga rioya qilishning natijasi

Sizga yoʻl koʻrsatadigan eng muhim narsalarni tanlang. Bu quyidagilar boʻlishi mumkin:

  • bir-biriga nisbatan jismoniy xatti-harakatlar. Masalan: “Bir-biringizga muloyim boʻling”;
  • xavfsizlik. Masalan: “Mashinada xavfsizlik kamarini taqing”;
  • odob-axloq. Masalan: “Boshqalarning gapini boʻlmaymiz”;
  • kundalik ishlar. Masalan: “Har kuni navbat bilan dasturxon tuzaymiz”;
  • oʻzaro hurmat. Masalan: “Bir-biringizning xonangizga kirishdan oldin taqillating”.

Sizning madaniyat va qadriyatlaringiz oilangizga xos. Shuning uchun sizning qoidalaringiz boshqacha boʻlishi mumkin. Farzandlaringiz qoidalar hayotning bir qismi ekanini, maktab, jamoat transporti, sport tugaragi kabi har joyning oʻz qoidalari borligini bilib oladilar. Oilaviy qoidalar tuzish va ularga rioya qilish farzandlaringizga boshqa joylarda ham qoidalarni hurmat qilishni oʻrgatadi.

Qoidalarni ishlab chiqishda kim ishtirok etishi kerak

Oilaviy qoidalarni tuzayotganda iloji boricha barcha oila aʼzolarini jalb qilish kerak. Muhokamada uch yoshdan oshgan bolalar ishtirok etishlari mumkin. Bolalar ulgʻaygani sayin qoidalar qanday boʻlishi kerakligi haqida koʻproq fikrlarini soʻrash foydali. Shunda ular qoidalarni adolatli deb bilishadi va ularga rioya qilishadi.

Bu qoidalarni yozishga, ularni hamma koʻradigan joyga ilishga yordam beradi. Yana ularni kichiklar tushunishiga yordam beradi. Shuningdek, ruxsat etilgan yo etilmagan narsalar haqidagi bahslarning oldi olinadi. Kichik bolalar uchun esa qoidalarni ifodalaydigan rasmlar chizish foyda beradi.

Qoidalarni qachon qayta koʻrib chiqish yoki oʻzgartirish kerak?

Vaqti-vaqti bilan oilaviy qoidalarni koʻrib chiqish, ularning qanday ishlashini tekshirish yaxshi. Bu hammaga eng muhim qoidalarni eslatish usuli ham.

Qoidalaringiz oʻzgarishi kerak boʻlgan paytlar kelib turadi. Chunki farzandlaringiz oʻsib-ulgʻayadi, oilangiz yoki jamiyatdagi vaziyat oʻzgaradi. Misol uchun, agar ota-onalardan birining ish tartibi oʻzgarsa, uy ishlari borasida boshqa taqsimotlar qilish mumkin. Deylik, pandemiya davridagi cheklovlar oʻzgarsa bolalarning boshqa bolalar bilan oʻynashlari haqidagi qoidalar ham oʻzgaradi.

Qoidalarga rioya qilish: har xil yoshdagi va qobiliyatli bolalardan nimani kutish kerak?

Maktabgacha yoshdagi bolalar

3–4 yoshli bolalarning koʻpchiligi oddiy qoidalarni tushunish uchun til qobiliyatiga ega. Ammo bu yoshda bolalar hali ham oʻz-oʻzini tartibga solishni rivojlantirayotgani bois qoidalarni unutishlari yoki ularga eʼtiborsiz boʻlishlari mumkin. Ularga eslatma berib turish kerak boʻladi. Masalan: “Esingizda boʻlsin, biz ovqatlanishga oʻtiramiz”.

Xavfsizlik haqida gap ketganda qoidalar muhim, lekin bolalar xavfsizligini taʼminlashda ularga tayanmaslik yaxshiroq. Masalan, sizning qoidangiz “yoʻldan uzoqda boʻlish” ekaniga qaramay oʻzingiz bolangizni yoʻl yaqinida kuzatib turishingiz kerak.

Qoʻshimcha ehtiyojli bolalar

Nogiron yoki boshqa qoʻshimcha ehtiyojli bolalari boʻlgan oilalarda moslashish va biroz yordam talab qilinishi mumkin. Ammo izchil qoidalar hamma teng ekanini koʻrsatadi. Masalan, agar sizning oilaviy qoidangiz hamma bir-biri bilan yaxshi gaplashishini talab etsa, qoʻshimcha ehtiyojli bolangiz bu umidni qondirish uchun tizimli yordamga va qoidani yodda tutish uchun qoʻshimcha maqtovga muhtoj boʻlishi mumkin.

Bolalar qoidalarga rioya qilmasa nima qilish kerak?

Bolalar qoidalarni buzganida siz ularga qoidalarni eslatibsh barobarida boshqa imkoniyat berishingiz mumkin. Maktabgacha yoshdagi kattaroq bolalar uchun, agar qoidalar tez-tez buzilsa, “oqibatlar” usulidan foydalanish samara beradi. Hamma tushunishi va rozi boʻlishi uchun oldindan tartibni buzish oqibatlari haqida aytib oʻtgan yaxshiroq.