Oʻyinlar va hissiyotlar (emotsiyalar): maktabgacha yoshdagi bolalar
Maktabgacha yoshdagi bolalarning oʻyinlari va hissiyotlari
Maktabgacha yoshdagi bolalar har doim hissiyotlarni oʻrganib boradi, ayniqsa, oʻyin paytida.
Oʻyin – bu bolalarni oʻqitish va rivojlantirishning tabiiy usulidir. Oʻyin maktabgacha yoshdagi bolalarga oʻz his-tuygʻularini ifoda etish va ularni boshqarishni mashq qilish imkoniyatini beradi.
Maktabgacha yoshdagi bolalar va ularning his-tuygʻularidan nimani kutish mumkin?
Farzandingiz 3–4 yoshga kelib:
– qaygʻu, quvonch, gʻazab va hayajon kabi asosiy his-tuygʻularni tasvirlash uchun soʻzlardan foydalanadi;
– notoʻgʻri qilgan ishi uchun afsuslanadi va uzr soʻrash kerakligini tushunadi, lekin buni unga koʻp marta eslatishingizga toʻgʻri kelishi mumkin;
– sahiy boʻladi va u bir-biri bilan boʻlishishning maʼnosi nimadaligini tushunishini koʻrsatadi, lekin undan har doim ham boshqalar bilan boʻlishishini kutmang.
4–5 yoshli farzandingiz:
– xafagarchilik, bezovtalik va xijolat kabi murakkabroq his-tuygʻularni tasvirlash uchun soʻzlardan foydalanadi, ayniqsa, siz uni shunday qilishga undagan boʻlsangiz;
– agar u oʻzini aybdor his qilsa, xijolat tortsa yoki qoʻrqsa, biror narsa haqidagi haqiqatni yashirishi mumkin. U hatto shu ishni qilgan boʻlsa ham, “Men qilmaganman” deyishi mumkin;
– gʻazab, umidsizlik va tushkunlik kabi kuchli his-tuygʻularni osonroq yengadi va jazavaga kamroq tushadi;
– sizga qattiq bogʻlangan boʻladi, masalan, notanish joyga borishda hayajonlanishi mumkin (misol uchun, tugʻilgan kunga mehmondorchilikka borishda).
Besh yoshga kelib farzandingiz:
– umidsizlik, aybdorlik va hasad kabi murakkabroq his-tuygʻularni tasvirlash uchun soʻzlardan foydalanadi;
– oʻzining boshqalarga boʻlgan his-tuygʻularini yaxshiroq anglaydi va ularga tayangan holda ish koʻradi – masalan, farzandingiz doʻstlari va oilasiga mehribon boʻlishi va sizga koʻproq yordam berishni xohlashi mumkin;
– noqulay vaziyatlarga tushib qolmaslik uchun qoidalarga rioya qilishga astoydil urinadi;
– biror narsani kutayotganda tobora sabrli boʻladi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarda hissiyotlarni ragʻbatlantirish uchun oʻyinlar
Siz va boshqa bolalar bilan birga oʻynash maktabgacha yoshdagi bolalarga his-tuygʻularini oʻrganish va tushunishga yordam beradi. Birgalikda oʻynash uchun baʼzi tavsiyalar:
– bolaning ust-boshini kir qilishi mumkin boʻlgan oʻyinlarni oʻylab toping (masalan, qum, loy yoki boʻyoq bilan oʻynash). Bu bolalar uchun quvonch yoki qaygʻu singari his-tuygʻularini ifodalashning ajoyib usuli;
– farzandingiz uchun oʻz tasavvuridan foydalanishni yoki ijodkorona yondashuv talab qiladigan oʻyinlarni oʻylab toping. Farzandingiz his-tuygʻularini qoʻgʻirchoqlar, oʻyinchoqlar yoki kiyinish va oʻynash uchun kiyimlardan foydalanish orqali ifodalashi mumkin. Masalan, maktabgacha yoshdagi bola oʻzini oʻqituvchi yoki shifokor kabi mehribon va gʻamxoʻr qilib koʻrsatishi mumkin;
– bolangiz ochiq maydon yoki parkda bemalol yugurishi, umbaloq oshishi va dumalashi uchun koʻchaga chiqing. Bunday harakatlar orqali bola oʻz energiyasi va his-tuygʻularini tashqariga chiqara oladi;
– farzandingiz oʻzini namoyon qilishi uchun uni rasm chizishga undang. Agar bolangiz xafa yoki tushkun kayfiyatda boʻlsa, rasm chizish uni tinchlantirishi va xursand qilishi mumkin;
– farzandingiz musiqaga sakrab, raqsga tushmoqchi boʻlsa, uni qoʻllab-quvvatlang yoki oddiy asboblar yordamida oʻz musiqangizni yarating;
– qahramonlari farzandingiz boshdan kechirayotgan voqea-hodisalarga oʻxshash vaziyatlarga tushgani yozilgan hikoyalarni kichkintoyingizga oʻqib bering. Bu bolangizga biror uy hayvonining oʻlimi sababli qaygʻurish yoki maktabga borishdan tashvishlanish kabi oʻzi uchun yangi his-tuygʻularni tushunishga yordam beradi;
– farzandingizga turli yoshdagi bolalar bilan oʻynash imkonini bering. Boshqa bolalar bilan oʻyinlar oʻynash vaqtida bolangiz his-tuygʻularni tanib olish, boshqarish va ularga javob berishni oʻrganadi.
Farzandingiz oʻzini yetakchiday his qilsa, unga oʻzining his-tuygʻularini ifodalash osonroq boʻlishi mumkin. Bolaga nimani va qanday oʻynashni tanlashiga imkon berish foydalidir.
Har bir bolaning rivojlanish tezligi har xil boʻladi. Ammo sizni bolangiz rivojlanishining biron-bir jihati, jumladan, til va muloqot qobiliyatlarining rivojlanishi xavotirga solsa, tarbiyachi va bolaga qarovchi hamshira bilan maslahatlashish yoki pediatr koʻrigidan oʻtish tavsiya etiladi.