Hissiyotlarni bilish: 3–6 yoshli bolalar uchun mashgʻulotlar:
Hissiyotlarni oʻrganish: nega bu bolalar uchun yaxshi?
Farzandingiz hissiyotlarini tushuna olsa, oʻzini baxtliroq his qiladi va muammolarni osonroq yengadi. Bu bolalarning rivojlanishi davomida bosqichma-bosqich amalga oshadigan jarayondir.
Farzandingiz hayajon, tushkunlik yoki gʻazab singari kuchli his-tuygʻularni bilsa, tushunsa va ular haqida gapira olsa, u bu hissiyotlarini jazavaga tushmasdan ham ifoda eta olishni oʻrganadi.
Boshqa odamlarning his-tuygʻularini tushunish va his qilish mahorati farzandingizga boshqalar bilan til topishishga yordam beradi.
Farzandingizga his-tuygʻularini oʻrganishga yordam berish uchun nimalar kerak?
Buni istalgan joyda va istalgan vaqtda bolangiz bilan birga bajarishingiz mumkin. Sizga faqat oʻz yuzingiz kerak boʻladi!
Farzandingizga his-tuygʻularni oʻrganishda qanday yordam bersa boʻladi?
Ushbu mashgʻulot bolangizga his-tuygʻularni qiziqarli tarzda topishni mashq qilish imkoniyatini beradi.
– hissiyotni tanlang. Maktabgacha yoshdagi kichik bolalar uchun “qaygʻu” kabi osonroq, kattaroq bolalar uchun esa “tushkunlik” yoki “hayajon” singari his-tuygʻulardan boshlang;
– farzandingiz bilan bu tuygʻuni ikkalangiz qachon his qilishingiz toʻgʻrisida gaplashing, masalan: “Men tugʻilgan kunimda hayajonlanaman. Sen qachon hayajonlanasan?”;
– farzandingizga his-tuygʻularingizni yuzingiz va tanangiz bilan koʻrsating. Masalan, unga hayajon ifodalangan yuzingizni koʻrsating, qoʻllaringizni qarsillating, sakrang va hokazo;
– koʻrsatayotgan hissiyotingizni nomi bilan atang, masalan: “Men hayajondaman”;
– farzandingizdan siz koʻrsatgan narsalarni yuzi va tanasi bilan takrorlashini soʻrang;
– siz navbatma-navbat turli xil his-tuygʻularni koʻrsatishingiz va ularni topishingiz mumkin, shuningdek, ularni qachon boshdan kechirganingiz haqida gapirib bersangiz ham boʻladi.
Tuygʻularni oʻrganish uchun boshqa fikr-tavsiyalar
His-tuygʻular haqida oʻylangan boʻlsangiz, farzandingiz bilan oʻqiyotgan kitobingizdan misol topa olasizmi, yoʻqmi koʻrib chiqing. “Bolaning suratiga qara. U gʻamgin koʻrinyaptimi? Nimaga unday, nima deb oʻylaysan?” deb soʻrang.
Har xil hissiyotlar ifodalangan yuzlarni chizishga va ular nimani ifodalayotganini topishga harakat qiling. Maktabgacha yoshdagi kattaroq bolangiz siz bilan birga rasm chizishi mumkin.
His-tuygʻularni namoyish qilish uchun sevimli qoʻgʻirchoqlaringiz yoki oʻyinchoqlaringizdan foydalaning, oʻyinchoqlar “his qilayotgan” hissiyotlar haqida gapiring. Misol uchun, qoʻgʻirchoq juda qoʻrqqani sababli oʻyin oʻynolmayotgan yoki ziyofatdan hayajonlanayotgan boʻlishi mumkin.
Turli yoshdagi bolalar uchun ushbu hissiy mashqni moslashtirish
Kichkina bolangiz uchun his-tuygʻular va hissiyot soʻzlari juda oddiy boʻladi.
Kattaroq farzandingiz “oʻzini yoʻqotib qoʻyish” yoki “qizgʻanish” kabi murakkabroq his-tuygʻularni ifodalovchi soʻzlarni tushunishi va oʻrganishi mumkin. Ehtimol, unga his-tuygʻular nomlarini oʻz tajribasi bilan bogʻlash osonroq boʻlar.