Maktabgacha yoshdagi bolalar bilan munosabatlar: gʻoyalar va maslahatlar

Ota-onalar bilan iliq va hassos munosabatlar maktabgacha yoshdagi bolaning rivojlanishi omilidir. Maktabgacha yoshdagi bolalarda fikrlash va gapirish koʻnikmalari rivojlanib, hislar murakkablashgan sari ular bilan munosabatga kirishish ham murakkablashib boradi. Maktabgacha yoshdagi bolalarni tinglash va ular bilan suhbatlashish, har kungi ishlarni birga bajarish hamda eʼtiborli boʻlish orqali munosabatlar mustahkamlanadi.
Body

Maktabgacha yoshdagi bolalar bilan munosabatlar haqida

Yaxshi munosabatlar bolaning kelajagi uchun juda muhim. Agar siz tarbiyalanuvchingiz bilan yaxshi munosabatda boʻlsangiz, u oʻzini xavfsiz his qiladi. Xavfsizlik hissi maktabgacha yoshdagi bolaga tasalli beradi, dunyoni oʻrganishga boʻlgan ishonchini oshiradi. Maktabgacha taʼlim tashkilotida bola dunyoni oʻrganar ekan, u qanday fikrlashni, tushunishni, muloqot qilishni, oʻzini tutishni, his-tuygʻularni namoyon qilishni va ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirishni oʻrganadi.

Maktabgacha yoshdagi bola bilan boʻlgan munosabatlar: nima kutish kerak?

Maktabgacha yoshdagi bolaning tili, muammolarni hal qilish qobiliyati va ijtimoiy koʻnikmalari rivojlanadi. Natijada munosabatlaringiz oʻzgarishi mumkin.

Maktabgacha yoshdagi bolaning tilni ishlatish va tushunish qobiliyati rivojlanib borgani sari siz bilan uzoqroq gaplasha boshlaydi. Bu suhbatlar bolangizning fikri va kechinmalarini tinglashga imkon beradi. Bu sizning bolangiz bilan boʻlgan munosabatlaringiz uchun juda foydalidir.

Siz maktabgacha yoshdagi bolaning dunyo haqida “kim?”, “nima?”, “nega?”, “qayerda?”, “qanday?” kabi koʻplab savollari borligiga amin boʻlasiz. Shu savollariga javob topgan sari bola murakkab tushunchalarni ham anglay boshlaydi.

Maktabgacha yoshdagi bolalar “baxtli”, “qaygʻuli”, “gʻazablangan” yoki “ajablangan” his-tuygʻularini ifodalash uchun soʻzlarni yaxshiroq tushunadi va ishlatadi. Ular boshqa odamlarda ham shunday his-tuygʻular borligini tushunib, ularga javob qaytarishga oʻrgana boshlaydi. Bu rivojlanayotgan hissiy koʻnikmalar ularning hozir ham kelajakda ham siz va boshqa odamlar bilan boʻlgan munosabatlariga yaxshi taʼsir qiladi.

Maktabgacha yoshdagi bola bilan mustahkam munosabat oʻrnatish: maslahatlar

  • Maktabgacha yoshdagi bola gapirayotganida tinglayotganingizni koʻrsating. Qilayotgan ishingizni toʻxtating, koʻzlariga qarang, bolangizning gapirayotgandagi holatiga eʼtibor bering va “Haqiqatanmi?”, “Davom et-chi?”, “Keyin nima boʻldi?” kabi savollarni ishlating.
  • Farzandingizga eʼtiborli boʻling. Ayniqsa, bolangiz sevimli mashgʻulotlari, masalan, lego bilan shugʻullanayotganida unga vaqt ajrating. Qisqa vaqt birga boʻlishingiz ham unga u bilan vaqt oʻtkazishni yoqtirishingizni bildiradi.
  • Maktabgacha yoshdagi bolaning savollarini sabr bilan tinglashga, qiziqishlarini ragʻbatlantirishga harakat qiling. Agar u sizga qiyin savol bersa birgalikda internetdan qidirishingiz, doʻstingiz yoki oila aʼzolaringizdan soʻrashingiz mumkin. Bundan tortinmang.
  • Agar bola qiyin mavzular haqida soʻrasa u tushunadigan oddiy va qisqa, lekin tushunarli javob bering. Masalan: “Ha, Covid-19 tufayli doʻstlar bilan oʻynamay turish kerak. Chunki hozircha shunday qilish oʻzimiz va boshqalarning sogʻligi uchun kerak” kabi.
  • Birgalikda “Men aygʻoqchilik qilaman”, oddiy stol, tinch oʻyinlarini oʻynang. Bunday oʻyinlar bolangizga birgalikda oʻynashga, odamlar bilan muloqot qilishni oʻrganishga yordam beradi.
  • Birgalikda oʻqing. Maktabgacha yoshdagi bola bilan muntazam oʻqish sizning munosabatingizni mustahkamlaydi.
  • Oilaviy ovqatlaning. Bu oilaviy munosabatlarni va bolangizning shu oiladagi oʻrnini his qilishida muhim.
  • Maktabgacha yoshdagi bolani uy yumushlarida sizga yordam berishga jalb qiling. Masalan, dasturxon tuzash yoki kir yuvishda. Bu maktabgacha yoshdagi bolaga masʼuliyatli ishlarda ham ishonishingizni koʻrsatadi. Uy ishlari bolaga oʻzini “katta” va yaxshi his qilishiga yordam beradi.

Oʻzingizga gʻamxoʻrlik qilish ham muhim. Kuniga bir necha daqiqa sarflash, yurish yoki jurnal oʻqish kabi oʻzingizga yoqadigan ishni bajarish orqali bolangizga namuna boʻlasiz. U bilan maroqli vaqt oʻtkazishga zamin hozirlaysiz.