Bola tugʻilgandan keyin ishga qaytish: 15 ta tavsiya

Farzandli boʻlganingizdan keyin ishga qaytganingizda koʻplab masalalarni, jumladan, qoʻshimcha majburiyatlarni qanday bajarishni oʻylab koʻrishingiz kerak. Bu tavsiyalar uyda va ishda vaqtingizni samarali oʻtkazishga yordam beradi.
Body

Ishga qaytish: hammasi yaxshi kechishi uchun nimalar qilish kerakligi

1. Ishga qaytishdan oldin oʻzgarishlarni amalga oshiring

Buni bajarish usullaridan biri – yangi kun tartibingiz qanday boʻlishi va unga oʻtishni osonlashtirish uchun hoziroq nima qilishingiz mumkinligi, masalan, bola parvarishi boʻyicha yangi tartibni sinab koʻrish yoki enaga izlash haqida oʻylang.

2. Bolani bogʻchaga qanday joylashtirishni rejalashtiring

Oʻzingiz oilangizga mos deb hisoblaydigan bolalar bogʻchasini tanlang, keyin farzandingizni qanday joylashtirishni rejalashtiring.

3. Oʻz rejalaringiz haqida oila aʼzolaringiz, doʻstlaringiz, tarbiyachilar va oʻqituvchilar bilan suhbatlashing

Boshqalardan maslahat olish foyda berishi mumkin. Mutaxassislar yoki sizni yaxshi biladigan odamlar vaqtni tejash boʻyicha fikrlar bildirishi yoki yuzaga keladigan muammolarni aniqlashda sizga koʻmaklashishi mumkin.

4. Oziq-ovqat mahsulotlarini tanlash va taom pishirish vaqtini qisqartirish

Keragidan ortiqroq tayyorlab, ortganini keyingi ovqat uchun sovitkichda saqlashingiz mumkin. Oson va tezpishirar taomlar retseptlarini internetdan topsa boʻladi.

5. Ishda chalgʻimaslikka harakat qiling

Endi farzandingiz bilan birga boʻlish uchun vaqtingiz kam va siz u bilan birga oʻtkazadigan vaqtingizdan unumli foydalanishni xohlaysiz. Bu uyingizda qancha ish bajarishingizni belgilab olishga, jumladan, elektron xatlarni tekshirish va telefon qoʻngʻiroqlariga javob berishni chegaralab olishingizga yordam berishi mumkin.

6. Oqshomdan oldin imkoni boʻlgan barcha ishlarni bajaring

Kiyimlarni taxlash yoki tushlik ovqatini tayyorlab qoʻyish ertalabki shoshilinch harakatlarning oldini oladi.

7. Imkoni boricha kun tartibiga rioya qiling

Oilaviy tartib-qoidalar bolalarga nimani kutish kerakligini bilishga va oʻzlarini yaxshi tutishlariga yordam beradi. Kun tartibi oilaviy hayotni tartibga solishda asqatadi, bu esa har qanday stressni kamaytiradi.

8. Farzandingizni yoki oila aʼzolaringizni ishdagi jamoat tadbirlariga olib boring

Bu siz va farzandingiz uchun qiziqarli boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, farzandingiz bilan tanishish hamkasblaringizga sizni tushunishlariga yordam beradi – masalan, bolangiz kasal boʻlganda parvarish uchun taʼtilga chiqsangiz, ular bu holatni toʻgʻri qabul qilishadi.

9. Iloji boʻlsa, bogʻchada biroz bolangiz bilan qoling

Mashgʻulot boshlanishida bir necha daqiqa birga boʻlish bolangizga yangi tartib va muhitga oʻrganishda yordam beradi.

10. Farzandingizning tarbiyachisi bilan munosabat oʻrnating

Bu haqiqatan ham siz va bolangizdagi stressni (kuchli ruhiy zarbani) kamaytirishi mumkin, shuningdek, bolangiz nima qilayotgani va nimani oʻrganayotganini kuzatishga yordam beradi. Farzandingizning tarbiyachilariga ular koʻrsatayotgan gʻamxoʻrlikni qanchalik qadrlashingizni bildirishingiz mumkin. Tarbiyachilarning rasmlarini uyingizda va oʻzingizning rasmingizni bogʻchada saqlash bolaga bu ikki vaziyat orasida aloqani oʻrnatishga yordam beradi.

11. Farzandingizning parvarishi bilan bogʻliq har qanday savol yoki muammoni tezda hal qiling

Agar siz bolangizning parvarishidan xavotirlanayotgan boʻlsangiz, ishda diqqatni jamlash qiyin boʻlishi mumkin. Farzandingizning tarbiyachisi bilan faqat muammo boʻlganda emas, balki muntazam suhbatlashib turish munosabatlarni oʻrnatish va yuzaga keladigan har qanday tashvishli holatlarni hal qilishni osonlashtiradi.

12. Zaxira tarbiyachini tayyorlab qoʻying 

Bu, albatta, tashvishlaringizni kamaytiradi. Asosiysi – har qanday vaqtda siz ishonadigan va sizga yordam bera oladigan inson boʻlishi kerak. Bular doʻstlaringiz, bolalar guruhidagi ota-onalar, buvi yoki bobo va boshqa qarindoshlar boʻlishi mumkin.

13. Farzandingiz betob boʻlib qoladigan paytlar uchun zaxira rejasini tuzing

Bogʻchaga borishning dastlabki yillarida bolalar tez-tez kasal boʻlib qolishi odatiy hol, shuning uchun bunday vaqtda nima qilish kerakligini oldindan aniqlab olgan yaxshi. Misol uchun, agar turmush oʻrtogʻingiz boʻlsa, ikkalangizdan biringiz bolaga qarash uchun ish vaqtini oʻzgartira olasizmi yoki kun davomida uydan ishlay olasizmi, yoʻqmi – oʻylab koʻring. Yoki shoshilinch vaziyatlarda yordam beradigan boshqa insonni topish kerak boʻladi.

14. Oilaviy dam olish vaqtini rejalashtiring

Agar ishdagi majburiyatlaringiz oilangiz bilan birga vaqt oʻtkazishni qiyinlashtirayotganini sezsangiz, oilaviy dam olish vaqtini rejalashtirish haqiqiy yordam boʻlishi mumkin. Masalan, har haftada bir necha marta kechqurun turmush oʻrtogʻingiz va farzandingiz bilan sayr qilishni rejalashtirishingiz mumkin.

15. Imkon boʻlganda, dam olishga vaqt ajrating

Bu stressni (kuchli ruhiy zarbani) kamaytirishga va umumiy holatingizning yaxshilanishiga yordam beradi. Agar imkoni boʻlsa, ishga jamoat transportida boring – bu kitob oʻqishga yoki musiqa eshitishga vaqt topishning ajoyib usuli. Tushlik uchun ajratilgan tannaffus paytida bogʻ aylaning, doʻkondan xarid qiling, sportzalga boring, doʻstingiz bilan qahva iching yoki kitob oʻqing – nima boʻlishidan qatʼi nazar, oʻzingizga biroz vaqt ajrating.