Kichkintoylar va katta yoshdagi bolalarda ajralish tashvishi
Bolalarda ajralish tashvishi nima?
Ajralish tashvishi bolalarda ota-ona yoki boshqa gʻamxoʻrlik qiluvchilar bilan birga boʻlmaslik haqidagi odatiy tashvishdir.
Bu holat bolaning taxminan 8 oyligida paydo boʻlib, 14 oydan 18 oygacha boʻlgan davrda yuqori darajaga yetadi. Ushbu tashvish, erta bolalik davrida asta-sekin yoʻqoladi.
Begona odamlardan qoʻrqish ajralish xavotiriga oʻxshaydi. Aynan shu paytda bolalar yaqin atrofda notanishlar borligidan xavotirga tushadi. U 7–10 oylikdan boshlanishi mumkin va odatda bir yoshda oʻz-oʻzidan yoʻqoladi.
Bu qoʻrquvlar hayotning dastlabki bir necha yillarida rivojlanishning odatiy bosqichidir. Bolada ajralish tashvishi paydo boʻlganda, bu uning uchun haqiqatan ham muhimligingizni bildiradi – xuddi ular siz uchun boʻlgani kabi!
Bolalarga oʻzini xotirjam his qilishi uchun qanday yordam berish kerak?
Agar kichkintoy sizdan ajralganida ranjisa, unga bu tuygʻuni yengishda yordam beradigan bir nechta chora-tadbirlar bor.
Yangi joylarda
- Agar bolangizni yangi joyda – bogʻchada, doʻstingizning uyida yoki enaga bilan tashlab ketmoqchi boʻlsangiz – yolgʻiz qoldirishdan oldin u bilan bir muddat birga qoling.
- Avvaliga bola uydan oʻzi yaxshi koʻradigan narsalarni, masalan, ayiqcha, yostiq yoki adyolni olib ketishiga ruxsat bering.
- Farzandingizni olib boradigan bogʻcha yoki maktab xodimlarini uning ajralishdan xafa boʻlishga moyilligi borligi haqida ogohlantiring va bolaga yordam berish uchun nima qilayotganingizni ularga tushuntiring.
- Asta-sekin bolani oʻzingizdan ajrata boshlang, shunda u siz bilan birga boʻlishga oʻrganib qolmaydi. Bunday vaziyatlardan qochmang, lekin kichkintoyingizda bu bilan bogʻliq salbiy his-tuygʻular paydo boʻlishiga ham yoʻl qoʻymang. Toki doimo uni deb qaytib kelishlarini eslab qolsin!
Farzandingizni tashlab ketganingizda
- Kichkintoyga qachon ketishingiz va qachon qaytishingizni ayting. Xayrlashmasdan, eʼtiborsiz qoldirmang, bu vaziyatni yanada ogʻirlashtirishi mumkin.
- Ketishdan oldin bolani unga yoqadigan mashgʻulot bilan band qiling.
- Farzandingiz bilan tezda xayrlashing – xayrlashuvni uzoq choʻzmang.
- Ketayotib yuzingizda tashvish bilinmasligi va mamnuniyat boʻlishi kerak.
Uyda
- Qancha xafa boʻlsangiz ham, bolani sizdan uzoqlashgisi kelmayotgani uchun koyimang. Misol uchun, “Onasining erka tantigʻi!” yoki “Qanday bolasan?!” kabi soʻzlarni aytishdan saqlaning.
- Bolakay bilan ajralish tashvishi haqida kitob oʻqing yoki hikoyalar tuzing – masalan, “Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, kichkina quyoncha boʻlgan ekan. U onasisiz yolgʻiz qolishni istamas, agar inidan chiqsa, uni tashqarida nimadir kutayotganidan vahimaga tushardi...” Bu farzandingizga ota-onasi ketganida qoʻrqadigan yagona odam emasligini his qilishi uchun yordam beradi.
Ajralish tufayli kuchli qoʻrquv va xavotir hissi paydo boʻlganda professional yordam
Siz farzandingizni hammadan yaxshi va koʻp bilasiz. Lekin katta yoshdagi bolalarda gʻayrioddiy xatti-harakatlarni koʻrganingizda bolaning ajralish tashvishini oʻylab bosh qotirayotgan boʻlsangiz, oʻqituvchilar yoki tibbiyot mutaxassislaridan yordam soʻrang.