Oʻninchi-oʻn ikkinchi oylar – odat va koʻnikmalarni singdirish
Bolaning oʻninchi oydan oʻn ikkinchi oygacha boʻlgan davrda rivojlanishi
Muloqot
Nima yangiliklar?
Bu farzandingizning birinchi haqiqiy soʻzlari paydo boʻlishi mumkin boʻlgan davrdir. Garchi u hali ham gugulasa-da, birinchi yil oxiriga kelib kamida bitta soʻzni ishlatishi va uning maʼnosini tushunishi mumkin (masalan, “a-ya” yoki “da-da”). U siz bilan har qanday usulda qizgʻin muloqot qilishga harakat qiladi, bu muloqot nafaqat soʻzlar, balki ishora, harakat, bosh irgʻash, qoʻl silkitish ham boʻlishi mumkin. Agar farzandingiz hali soʻzlarni talaffuz qilmasa, tashvishlanmang, u eʼtiboringizni jalb qilishning boshqa usulini topadi va nima istayotganini sizga bildira oladi. U gaplaringizni koʻproq tushuna boshlaydi.
Qanday yordam bera olasiz?
Kundalik odatiy yumushlar – kiyinish, ovqatlantirish, yurish, xarid qilish vaqtida ham bolangiz bilan gaplashing. Faqat qilayotgan ishingingiz yoki atrofingizda koʻrgan narsalaringizni nomlang – bu dars emas, shunchaki suhbatdir! Agar u gaplashmoqchi boʻlsa, u chiqargan tovushlarni biroz toʻldirib, ularga maʼno bering (masalan, u “da-da” yoki “a-ya” deb aytganda “Ha, dadang keldi” deb javob berishingiz mumkin). Bu bilan uning soʻz boyligini oshirasiz va muloqot qobiliyatini rivojlantirasiz.
Bu davrda u “ukangizga bering”, “xayr-xayr qiling” yoki “tegmang” kabi qisqa koʻrsatmalarni tushunayotganini sezishingiz mumkin. Uni tabassum yoki maqtash orqali ragʻbatlantiring.
Hissiyotlar
Nima yangiliklar?
Farzandingiz hali ham begona odamlardan, oʻzi yolgʻiz qolishdan qoʻrqadi, siz xonadan chiqqaningiz zahoti yigʻlay boshlaydi. Hissiy rivojlanish ilgarilagani sari u oʻz ehtiyojlarini tobora koʻproq anglab yetadi. Bolaning muloqot qilish koʻnikmasi ortgach, u sizga oʻz xohish-istaklari va his-tuygʻularini tushuntirib bera oladi.
Qanday yordam bera olasiz?
Agar farzandingiz “yangi” odamlardan qochsa, uni tinchlantirishda davom eting. Unga har kuni kichik tashvishlanishlar “hadya eting” – masalan, qisqa muddatga ketishingiz, boshqa xonadan oʻyinchoq olib, yana qaytishingiz mumkin. Topgan topaloq va bekinmachoq kabi oʻyinlar ham ushbu hissiyotlarni boshqarishda yordam beradi. Uning his-tuygʻulari qanday boʻlishidan qatʼi nazar, uni tinglang, xohish-istaklarini tushunishga harakat qiling, keyin esa bu his-tuygʻularni soʻz bilan ifodalashga yordam bering (masalan, “bolajon juda charchagan” yoki “bolajon manavi qoshiqni olmoqchi”).
Tafakkur qilish
Nima yangiliklar?
Ushbu davrda farzandingiz doimo oʻrganish jarayonida ekanini unutmang. Bu yoshdagi bolalar koʻrpa yoki finjon (piyola) ostida yashiringan narsalarni topishni yaxshi koʻradi. Shuningdek, u narsalarning qanday ishlashini kashf qilishni istaydi, yaʼni, biron narsani ushlab, silkitib, urib, uloqtirib yoki yerga urib koʻradi (jism, buyumlarning xavfsiz ekaniga ishonch hosil qiling), oʻziga qaraydigan kattalar bilan birgalikda vaqt oʻtkazishni yoqtiradi. Birinchi yil oxiriga kelib u oʻyinchoqlarini sizga koʻrsatib oʻyinni boshlashni taklif etishi mumkin...
Qanday yordam bera olasiz?
Hayotining dastlabki oylaridagiday farzandingiz hali ham atrof-muhitni oʻyin orqali yaxshi oʻrganadi. “Birgalikda oʻynaymiz” boʻlimida siz bu yoshdagi bolalarga moʻjallangan koʻplab mashqlarni topasiz. Har bir bola oʻziga xos, shuning uchun uning tashabbusiga beeʼtibor boʻlmang, oʻyinchoqlar tanlashiga yordam bering hamda qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlang. Oddiy kundalik narsalar va mashgʻulotlar uning bilimini va fikrlash qobiliyatini boyitadi. Unga kitoblar oʻqib, xalq ertaklarini aytib bering, musiqa qoʻyib bering yoki qoʻshiqlar kuylang, bolalar sheʼrlarini oʻqing. Rasmli kitoblarni qoʻliga berib qoʻying, rasmlarini tomosha qilsin, paypaslab koʻrsin. Choʻmilish yoki kiyinish tana aʼzolarini oʻrganishi uchun eng yaxshi vaqtdir.
Harakatlar
Nima yangiliklar?
Ushbu oylar ona va bola uchun hayajonli kechadi. Farzandingiz biror buyumga tayangan holda tik turishi mumkin. Keyin mustaqil ravishda turishga urinib koʻrishi va birinchi qadamlarini qoʻyishi mumkin. Har bir bola har xil, ammo bu davr oxiriga kelib ayrim bolalar mustaqil yurishlari mumkin. Yurish – bolalar uchun juda masʼuliyatli faoliyat. Yurishni yaxshi bilganlarida ham ular koʻpincha tevarak-atrofni oʻrganish payti emaklash usuliga qaytishadi. Goʻdak bu jarayonda qoʻllari va barmoqlarini yanada yaxshiroq ishlatishni boshlaydi.
Qanday yordam bera olasiz?
Bolaga yurishni oʻrgatishning hojati yoʻq! Ammo har kuni uning harakatlarini ragʻbatlantirishning qiziqarli usullarini toping, shunda u murakkabroq harakatlarni bajarishga ham intiladi. Farzandingiz harakatlanishi uchun uyingizda va sayr paytida doimo xavfsiz muhit yarating. Bolaning qoʻllarini ishlatish koʻnikmalari tobora yaxshilanib boradi. Siz u buyumlarga tegib koʻrish, paypaslash orqali oʻrganishiga yordam berishingiz mumkin. Yaʼni buyumlarni bir-biriga urish, qutilarga solish va chiqarish, stoldan oziq-ovqat qoldiqlarini yigʻishga undaysiz. Shiningdek, chizish uchun unga qogʻoz va qalamlar berasiz.
Oʻyin orqali bola rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashning koʻplab boshqa usullarini topish uchun “Birgalikda oʻynaymiz” boʻlimiga oʻting.
Ota-onalarning bola 10 oydan 12 oygacha boʻlgan davrdagi rivojlanishidan xavotirlari
Har bir bolanining u yoki bu davrdagi rivojlanishi oʻziga xos tarzda boʻlgani sababli farzandingizda bu jarayon qanday kechishini aniq aytish juda ham mushkuldir. Ushbu davrda kutilgan va sanab oʻtilgan odat va koʻnikmalar (rivojlanish bosqichlari ) bolangiz oʻsishi va kutishingiz mumkin boʻlgan oʻzgarishlar haqida umumiy maʼlumot beradi, xolos. Farzandingizning rivojlanishi biroz boshqacha kechsa, tashvishlanmang.
Ammo bolangizda rivojlanishning kechikishiga oid quyidagi alomatlar kuzatilsa, farzandingiz ilgari egallagan baʼzi koʻnikmalarini yoʻqotib qoʻygandek boʻlsa yoki tashvishlanishning boshqa sabablari mavjud boʻlsa, pediatringiz [yoki boshqa tibbiy yordam koi boshqa tibbiy yordam koʻrsatuvchi] bilan suhbatlashing.
Xavotir olishning boshqa sabablari:
- farzandingiz koʻzingizga qaramasa, koʻzlari bilan harakatlanuvchi narsalarni kuzatmasa;
- tovushlarga javob bermasa;
- ismini aytib chaqirganingizda javob bermasa;
- bola tilida gapirmasa;
- oʻz istaklari yoki ehtiyojlari haqida sizga biron-bir tarzda xabar berishga harakat qilmasa;
- narsa, buyumlarga ishora qilib koʻrsatmasa;
- his-tuygʻularni ifoda etmasa;
- emaklamasa;
- bir qoʻlni boshqasidan koʻra koʻproq ishlatsa.
Reference:
https://raisingchildren.net.au/babies/development/development-tracker-3-12-months/10-11-months
https://raisingchildren.net.au/babies/development/development-tracker-3-12-months/11-12-months
Laura E. Berk (2006), Child development (7ht edition), Allyn & Bacon
Dr sci Nirvana Pištoljević (2016), Rani razvoj deteta: šta treba znati, Udruženje pedijatara Srbije, Beograd.