Oʻrta quloq infeksiyasi
Oʻrta quloq infeksiyasi yoki oʻrta otit
Oʻrta quloq infeksiyasi bu – quloq pardasi orqasining infeksiyasi.
Infeksiyani bakteriyalar yoki viruslar keltirib chiqarishi mumkin.
Oʻrta quloq infeksiyasi kichik yoshdagi bolalarda juda keng tarqalgan.
Uning tibbiyotdagi nomi – oʻrta otit.
Quloq uchta asosiy qismdan iborat – tashqi quloq (eshitish yoʻlagi va quloq suprasi), oʻrta quloq (tomoq bilan bogʻlangan quloq pardasining orqasi) va ichki quloq (tovushni aniqlashga yordam beradigan nervlar joylashgan).
Oʻrta quloq infeksiyasining belgilari
Oʻrta quloq infeksiyasi bilan ogʻrigan bolalarning koʻpchiligi quloq ogʻrigʻidan shikoyat qiladilar. Ular muvozanatni yoʻqotishi va yomon eshitishi mumkin. Isitma, burun oqishi, bezovtalik va ishtaha yoʻqolishi kabi belgilar ham uchraydi.
Kichkintoylar koʻp yigʻlashlari va yotganlarida, ayniqsa kechasi, ogʻriyotgan quloqni tortishlari mumkin.
Baʼzida quloq pardasi teshiladi. Bu quloq pardasining teshilishi deyiladi. Bolaning qulogʻidan quyuq va baʼzida qonli yiring ajralib chiqishi mumkin. Bu quloqdagi bosimni kamaytiradi va ogʻriqni yengillashtiradi. Teshilgan quloq pardasi odatda tabiiy ravishda bitib ketadi.
Bolada oʻrta quloq infeksiyasiga shubha boʻlsa shifokorga murojaat qilishi kerakmi?
Ha. Bolani shifokorga olib borish kerak, agar:
- Bolangiz oʻzini bezovta qilayotgan quloqdagi ogʻriqdan shikoyat qilsa;
- bolangizning qulogʻidan yiring oqsa;
- farzandingiz umumiy ahvoli yomon, isitmasi boʻlsa yoki qussa;
- bolaning eshitish qobiliyati pasaygan deb oʻylasangiz;
- bolangiz qulogʻi tez-tez ogʻrib qolsa;
- bolangiz qulogʻi orqasida shish paydo boʻlsa.
Oʻrta quloq infeksiyasini tekshirish
Shifokor otoskop yordamida bolaning qulogʻini tekshiradi.
Agar bolangizda quloq infeksiyasi bir necha marta qaytalagan boʻlsa yoki shifokor buni surunkali infeksiya deb hisoblasa, bolaning eshitish qobiliyatini tekshirishga yuborishi mumkin.
Oʻrta quloq infeksiyasini davolash
Ogʻriqni kamaytirish uchun bolangizga shifokor tavsiya etgan dozalarda paratsetamol yoki ibuprofen berishingiz mumkin.
14 kundan ortiq vaqt davomida bolangizning qulogʻidan yiring oqayotgan boʻlsa, shifokor antibakterial quloq tomchilarini tavsiya qilishi mumkin. Shifokor sizga quloqni pilik bilan qanday qilib toʻgʻri quritishni oʻrgatadi. Quloqdan oqishni tozalash va quritish uchun toza, suyuqlikni shimadigan paxta mato yoki dokadan tayyorlangan pilikdan foydalaning.
Bolaning qulogʻiga paxta tiqmang yoki quloq tozalagichlar bilan tozalamang, chunki bu quloqqa zarar yetkazishi mumkin.
Quloq infeksiyasida shifokor bolangizga antibiotik tavsiya etishi mumkin.
Koʻpchilik bolalarning ahvoli bir necha kunlik antibiotik bilan davolanishdan keyin yaxshilanadi, lekin shifokor tavsiya etgan davolashni toʻligʻicha olishini nazorat qiling. Davolash juda erta toʻxtatilsa, infeksiyaning qaytalanishiga olib kelishi mumkin.
Oʻrta quloq infeksiyasining oldini olish
- Shamollashning oldini olish
- Bolaning burni oqsa, burunni qoqish tavsiya etilmaydi, lekin burunni yumshoq roʻmolcha bilan artib, tozalashingiz kerak.