49–60-oylar – muloqot quvonchi
49 oydan 60 oygacha boʻlgan davrda bola rivojlanishi
Muloqot
Nima yangiliklar?
Bu siz va farzandingiz uchun hayajonli nutq tez rivojlanadigan davrdir. Bu yoshda farzandingiz ertak va turli voqealarni aytib berishni yaxshi koʻradi va suhbatdan zavqlanadi. U koʻpincha oʻzini qanday his qilayotgani haqida gapirishi, gʻoyalari haqida aytib berishi va savollar berishi mumkin.
Bu yil boshida u bir necha yuz soʻzni bilishi va kamida besh yoki olti soʻzdan iborat jumlalardan foydalanishi mumkin. Odatda siz uning gapini tushunasiz. Besh yoshga kelib jumlalari uzoqroq va hatto murakkabroq koʻrinish oladi, u koʻplab soʻzlarni ayta oladi.
Qanday yordam bera olasiz?
Har bir bola har xil – sizning bolangiz sergaproq yoki indamasroq boʻlishi mumkin. Uslubi qanday boʻlishidan qatʼi nazar, har doim uning ogʻzaki ifodasini ragʻbatlantiring. Agar u bilan har kuni gaplashsangiz, unda gaplashish xohishi ortadi. Bunday suhbatlardan zavqlanishingizni koʻrsa, u ham bundan zavqlana boshlaydi. Sabr qiling, bolangiz hali ham oʻzini yaxshi ifoda eta olmaydi, shuning uchun baʼzida sizga biroz yordam berish kerak boʻladi: “Oʻrtogʻing bilan oʻynagan narsang shumi? Yana nimalar qilding? Yana nimalar qildilaring? Toʻpni talashdilaringmi?” Odatiy voqealar haqida gaplashing: nima qilamiz, qayerga boramiz, nimani rejalashtiramiz, nimani yoqtiramiz yoki yoqtirmaymiz. Kitoblarni oʻqish yoki hikoyalar aytib berish paytida voqealar haqida savol berishingiz mumkin.
Rasm chizish va oʻynash muloqot qilishning yana bir usulidir. U baʼzan gaplashishni istamaydigan bolalar bilan muloqot oʻrnatishda qoʻl keladi.
Hissiyotlar
Nima yangiliklar?
Bu davrda farzandingiz turli xil his-tuygʻularni tegishli tarzda ifoda etishni oʻrgana boshlaydi. U his-tuygʻularni ifodalashning tobora koʻproq usullarini topishi mumkin – nutq, tushuntirish, imo-ishoralar yoki oʻyin. Borgan sari u baqirish yoki urish oʻrniga uni nima bezovta qilayotganini ayta oladi.
Ushbu davrda bolalar odatda boshqa odamlar orasida boʻlishni yaxshi koʻradi. Farzandingiz doʻstlarini rozi qilishni va ular kabi boʻlishni xohlayotganini koʻrishingiz mumkin. Farzandingizning hali ham xayoliy doʻstlari boʻlishi mumkin. Garchi u uchun haqiqiy doʻstlar eng muhimi boʻlsa-da, xayoliy doʻstlar ham ahamiyatga ega. U boshqalar bilan yaxshiroq munosabatda boʻla boshlaydi. Uning kechirim soʻrashini, qoidalarni qabul qilishini, navbatini kutib turishini va boshqalar bilan yoqimli voqea yuz berganda undan zavqlanishiga guvoh boʻlishingiz mumkin. U hali ham talabchan yoki sabrsiz boʻlishiga qaramay, tez-tez hamkorlik qiladi va boshqalarga yordam berishni xohlaydi. U yangi taassurotlar, masalan, maktabgacha taʼlimni boshlash yoki yangi bolalar bilan oʻynash haqida bosh qotirishi ham mumkin.
Yordam berish uchun nima qila olasiz?
Farzandingizning oilaviy yumushlar, oʻyinlar va boshqa bolalar bilan muloqot qilish kabi turli xil ishlarda qatnashishini ragʻbatlantiring. Uning zavqiga sherik boʻling. Bola oʻzini foydali va muhim his qiladigan imkoniyatlarni yarating – uy ishlarini bajarishda ozgina yordamini maqtab, oʻziga boʻlgan ishonchini rivojlantiring. Tanqiddan saqlaning va uning urinishlarini maqtang. Yordam kerak boʻlsa, aniq koʻrsatma va tushuntirishlar bering.
Agar u yangi narsani sinab koʻrishdan qochsa yoki bogʻchaga borishdan qoʻrqsa, yangi vaziyat bilan tanishib chiqishiga imkon bering. Bola holatga tayyor boʻlgach, yana qayta urinib koʻring.
Tafakkur qilish
Nima yangiliklar?
Oʻyin hali ham bola uchun oʻzi va atrofidagi dunyo haqida maʼlumot olish usulidir. Bu yoshda farzandingiz oʻz tasavvuridan intensiv foydalanadi. U qoʻshiq aytishni, raqsga tushishni va oʻzini koʻrsatishni yaxshi koʻrishi mumkin. U yasamalik va haqiqiylik oʻrtasidagi farqni yaxshi biladi. Ammo qilgan qaysidir ishlari boshqalarga yoqmasligini bilsa, ota-onasidan haqiqatni yashirishi mumkin. U oʻz oʻyinida turli xil rollar va xatti-harakatlarni sinab koʻrishi mumkin. Masalan, shifokor yoki oʻqituvchi boʻlib koʻradi. Ushbu davrda u oʻzining jinsini tushunadi va jinsiga doir rollar toʻgʻrisida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishi ehtimoli katta.
Farzandingizning oʻrganishi, oʻz tanasi va boshqa tanalarni oʻrganishni, shu jumladan, oʻgʻil bolalar va qiz bolalar tanasini oʻrganishga qiziqishni oʻz ichiga oladi. Tanaga qiziqish va qiziqsinish davom etmoqda. Ushbu yoshdagi bola oʻzining yoki boshqa bolalarning jinsiy aʼzolarini qiziqish bilan kuzatayotganini koʻrishingiz mumkin.
Ushbu davrda tushunchalar tez rivojlanadi va ular keyingi oʻrganishlar uchun asos boʻladi. Farzandingiz qarama-qarshi tushunchalarni yaxshi tushunadi (masalan, past / baland) va u odatda bir nechta harf va raqamlarni nomlashi va baʼzilarining bosma shaklini chizishi mumkin. U 10 tagacha narsani toʻgʻri hisoblay oladi. Uning xotirasi yaxshilanmoqda. Balki, manzili yoki telefon raqamini esda saqlab qolgandir. U chap va oʻng oʻrtasidagi farqni ham bilishi mumkin.
Qanday yordam bera olasiz?
Suhbatda va kundalik ishlarda vaqt tushunchalari (ertalab, kechqurun, bugun, hafta kunlari va hokazo), shuningdek, boshqa qiziqarli tushunchalar haqida suhbatlashing. Boshqa tushunchalarni oʻrgatish uchun hikoyalar va bolalar kitoblaridan foydalaning. Mutolaa yoki hikoya qilish davomida bolangizdan keyin nima boʻlishi mumkin deb oʻylashini soʻrab turing. Jamoat joylarida sayr qiling, bu uning koʻrish va eshitish qobiliyatlarini rivojlantirish, natijada tafakkurini oʻstirishga xizmat qiladi. Kundalik ishlarda harflar va raqamlardan foydalanish imkoniyatini yarating. Masalan, sotib olinadigan oziq-ovqat mahsulotlari haqida eslatma yozing.
Harakatlar
Nima yangiliklar?
Farzandingiz jismonan tobora koʻproq mahoratga ega boʻlib boryapti – endi u uloqtirishi, ilib olishi, osilib tebranishi, koʻtarilishi va bir nechta kichik buyumdan minora qurishi mumkin. Endi u osongina kiyina oladi. Oʻz ehtiyojlarini koʻproq qondira oladi. Masalan, qoshiq yoki idishlar yordamida ovqatlanishi mumkin. Hojatxonadan mustaqil ravishda foydalanishi, tishlarini yuvishi va ortiqcha yordamsiz yuvinishi mumkin.
Qanday yordam bera olasiz?
Unga xavfsizlik qoidalarini eslatib turing va zaruratga koʻra jismoniy faollik bilan shugʻullanishini kuzatib boring. Farzandingizga ochiq havoda faol boʻlish imkoniyatlarini yarating va oʻrganishga ishtiyoqi baland boʻlgan koʻnikmalarni unga oʻrgating. Yigʻishi va rasm chizishi uchun oddiy materiallar bering, bu unda murakkab yumushlarni bajarish (mayda motorika) mahoratini ragʻbatlantiradi.
Oʻyin orqali bola rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashning koʻplab boshqa usullarini bilish uchun “Birgalikda oʻynaymiz” boʻlimiga oʻting.
Ota-onalarning bola toʻrt yoshdan besh yoshgacha boʻlgan davrdagi rivojlanishidan xavotirlari
Har bir bola oʻziga xos tarzda rivojlanib borgani sababli farzandingiz qachon yoki qanday qilib maʼlum bir malakani takomillashtirishini aniq taxmin qilish mumkin emas. Ushbu davrda kutilgan va sanab oʻtilgan qobiliyatlar (rivojlanish bosqichlari) bolangiz oʻsishi va siz kutishingiz mumkin boʻlgan oʻzgarishlar haqida faqat umumiy maʼlumot beradi, xolos. Uning rivojlanishi biroz boshqacharoq tarzda kechsa, tashvishlanmang.
Ammo bolangizda rivojlanishning kechikishiga oid quyidagi alomatlar kuzatilsa, farzandingiz ilgari egallagan baʼzi koʻnikmalarini yoʻqotib qoʻygandek boʻlsa yoki tashvishlanishning boshqa sabablari mavjud boʻlsa, pediatringiz [yoki boshqa tibbiy yordam koʻrsatuvchi] bilan suhbatlashing.
Xavotir olishning boshqa sabablari:
- ishonch bilan yurolmasa, yugurolmasa, koʻtarilolmasa, sakray olmasa yoki zinapoyalardan foydalana olmasa;
- oddiy savollarga javob berolmasa (Ismingiz kim? Oilangizda kimlar bor? Sevimli hikoyangiz qaysi?);
- ikki bosqichli topshiriqqa amal qila olmasa (Stolga stakan qoʻying! Karavot ostidagi toʻpni oling!);
- ovqatlanish yoki kiyinish kabi kundalik ishlarni bajara olmasa;
- qalamni ushlashda qiynalsa;
- gʻayrioddiy xulq-atvor holatlarni koʻrsatsa (masalan, oʻta qoʻrqinchli, tajovuzkor yoki xomush);
- kundalik mashgʻulotlar haqida gapirmasa;
- kattalar bilan ham, bolalar bilan ham muloqot qilishga qiziqish bildirmasa.
Yuqoridagi baʼzi holatlar ekran oldida vaqt oʻtkazish bilan bogʻliqmi, deb xavotirga tushishingiz mumkin. Ekran oldida oʻtkaziladigan vaqtni kuniga 1 soat hajmda qatʼiy chegaralang. Shu tarzda oʻtadigan har bir minutingiz bolaga yordam berishiga ishonchingiz komil boʻlsin
- https://raisingchildren.net.au/preschoolers/development/development-tracker/4-5-years
- Učenje i odrastanje: 37 do 60 mjeseci – Rast I razvoj djeteta iz mjeseca u mjesec, CEDEN – Centar porodičnih resursa za razvoj, obrazovanje I ishranu
- Dr sci Nirvana Pištoljević (2016), Rani razvoj deteta: šta treba znati, Udruženje pedijatara Srbije, Beograd.
- https://www.cdc.gov/ncbddd/actearly/pdf/checklists/Checklists-with-Tips_Reader_508.pdf