Kichkintoylar bilan munosabatlar: gʻoya va maslahatlar
Kichkintoylar bilan munosabatlar haqida
Iliq va samimiy munosabatlar bolalar rivojlanishining asosidir.
Kichkintoyingiz bilan qanchalik iliq munosabatda boʻlsangiz u shuncha oʻzini xavfsiz his qiladi. Oʻzini qanchalik xavfsiz his qilsa olamni anglash va oʻrganishga shuncha jurʼatli boʻladi. Farzandingiz dunyoni oʻrganar ekan, u qanday fikrlashni, tushunishni, muloqot qilishni, oʻzini tutishni, his – tuygʻularini namoyon qilishni va ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirishni oʻrganadi.
Kichkintoy bilan munosabat: undan nimani kutish kerak?
Bolalar tez rivojlanadi. Kichkintoyingiz ulgʻaygani sayin u bilan munosabatlaringiz ham oʻzgarib borayotganini sezasiz. Kichkintoyingiz tez orada oʻzini shaxs sifatida taniydi. U mustaqil boʻlishni xohlaydi. Masalan, u oʻzi ovqatlanishga, kiyimini oʻzi kiyishga urinadi. Bir qarorga kelganidan soʻng, uni hech kim qaroridan qaytarmasligini xohlaydi. Ayni paytda kichkintoyingiz sizdan ajralib qolishdan qoʻrqishi, uni boshqalar bilan qoldirishingizni xohlamasligi mumkin.
Kichkintoylarning tili va nutqi juda tez rivojlanadi. Bolaning nutqini rivojlantirish borasida siz koʻproq mashgʻulot va oʻyinlardan foydalanib, unda ijtimoiy koʻnikmalarni ham shakllantirishingiz talab etiladi. Masalan, birgalikda bitta narsadan foydalanish yoki navbatma-navbat soʻzlashish (“toʻpni menga qaytar” yoki “endi mening navbatim” singari).
Unutmang, kichkintoyingizning his-tuygʻulari ham rivojlanmoqda. U katta his-tuygʻularga ega. Lekin doim ham ularni boshqara olmaydi, ularni ifoda etish uchun soʻz topa olmaydi. U noroziligini janjal orqali bildirishi mumkin. Agar siz bolangizning his-tuygʻulariga moslasha olsangiz “janjal”larining oldini olishingiz mumkin. Moslashuv munosabat oʻrnatishning samarali usuli hisoblanadi.
Kichkintoylar bitta hodisa roʻy berishidan oldin amalga oshirish talab etiladigan vazifa bajarilishi kerakligini oʻrganadi. Masalan, qush uchib ketishi uchun ketidan quvlash kerakligi kabi. Kichkintoyingiz bilan oʻtkazgan har bir damingiz avvalgisidan joʻshqinroq boʻlsin. Ammo agar siz bolangiz kashfiyot qilayotganida yonida boʻlsangiz, u oʻzini xavfsiz his qiladi va yangi narsalarni sinab koʻrishga intiladi.
Ota-onalar va bolalar oʻrtasidagi kuchli, samimiy munosabatlar birgalikda oʻtkazilgan hursandchiliklardan ustun va muhim hisoblanadi. Farzandingizning his-tuygʻulariga moslashib, uni ijobiy xulq-atvori uchun maqtab, kechinmalarini ifodalashiga turtki berib uning oʻzini yaxshi tutishiga koʻmaklashasiz.
Kichkintoy bilan mustahkam munosabat oʻrnatish: maslahatlar
Har qanday yoshdagi bolalarga oʻzlarini xavfsiz his qilishi uchun mehribon va eʼtiborli ota-ona, vasiy yoki tarbiyachi kerak. Kichkintoyingiz bilan bunday munosabatlarni davom ettirishga yordam beradigan baʼzi maslahatlar:
- Kichkintoyingizga koʻp ijobiy eʼtibor bering. Masalan, bolangiz qum oʻynayotgan vaqtda uning boʻyi bilan barobar boʻling va sizga biror narsani koʻrsatganida uni bagʻringizga bosib qoʻying.
- Birga oʻynash va qiziqarli mashgʻulotlar oʻtkazish uchun vaqt ajrating. Masalan, kichkintoylar kiyinishni, boʻsh karton qutilar bilan oʻynashni parkda yugurishni yaxshi koʻradi. Farzandingiz bilan birgalikda oʻynang.
- Birgalikda oʻqing. Kichkintoyingiz kitobga eʼtibor qaratgan vaqtda u bilan birgalashib kitob oʻqing, fikr almashing va muloqotga chorlang. Bu usul kichkintoyingizning tasavvurini kengaytiradi, uning dunyoni oʻrganishiga yordam beradi.
- Oila davrasida tushlik qiling. Bu orqali oilaviy munosabatlar mustahkamlanib, bolangizda oilaga tegishlilik hissi kuchayishi mumkin.
- Kichkintoyingizga qaror qabul qilishiga imkon bering. Uning mustaqil harakatlarini rivojlantiring. Masalan, bolangiz kiyinmoqchi boʻlganida unga ikki futbolkadan birini tanlash imkonini bering.
- Agar kichkintoyingiz asabiylashsa yoki xafa boʻlsa unga oʻz tuygʻularini soʻzga ifodalashga yordam bering. Unga tasalli bering. Masalan, “Voy, olma tushib ketdi. Hammasi joyida. Bizda yana bitta olma bor” deb aytishingiz mumkin. Tuygʻularni tushunish oʻz-oʻzini tartibga solishning asosiy qismi. Bu bolangizning hozirgi va kelajakdagi barcha munosabatlari uchun muhim.
- Agar kichkintoyingiz siz bilan maʼlum bir vaqtga ajralishda qiynalayotgan boʻlsa, u bilan alohida oʻtkazadigan paytlaringiz haqida gaplashing. Masalan: “Men oziq-ovqat sotib olish uchun ketaman. Opang sen bilan qoladi, men esa sen uxlagan vaqtingda qaytib kelaman”, deyishingiz ham mumkin. Chunki siz qachon qayerda boʻlishingizni, qachon qaytib kelishingizni farzandingiz bilsa oʻzini xavfsizroq his qiladi.
- Birgalikda qiziqarli vaqt oʻtkazishni rejalashtirganingizda, bolangizning feʼl-atvori haqida oʻylang. Masalan, farzandingiz uyatchan va oʻta xotirjamlikni yoqtirsa, siz uni gavjum oʻyin markaziga olib bormasdan uyda qolishingiz, u bilan rasm chizish kabi mashgʻulotlar oʻtkazishingiz mumkin.
Oʻzingizning holatingizga ham befarq boʻlmang. Kuniga bir necha daqiqani oʻzingizning jismoniy va ruhiy holatingizni yahshilash uchun ajrating. Masalan: sayr qilish, tinchlanish yoki jurnal oʻqish kabi oʻzingizga yoqadigan ishni bajaring. Bu harakatlar nafaqat oʻzingiz uchun foydali, balki bolangiz bilan oʻtkazgan vaqtingiz va munosabatingizda ham asqatishi mumkin.