Yaqinlik va bogʻliqlik: yangi tugʻilgan chaqaloqlar

Yaqinlik va bogʻliqlik yangi tugʻilgan chaqaloqqa doimo sevgi, iliqlik va gʻamxoʻrlik bilan javob berganingizda sodir boʻladi. Bu chaqaloqning rivojlanishi uchun juda muhim.
Body

Yangi tugʻilgan chaqaloqlarga yaqinlik va bogʻliqlik haqida

Bogʻlanish va yaqinlik – yangi tugʻilgan chaqaloqning ehtiyojlariga har doim sevgi, iliqlik va gʻamxoʻrlik bilan javob berishdir. Agar shunday qilsangiz, chaqalogʻingizning hayotida oʻziga xos, ishonchli odamga aylanasiz.

Siz va yangi tugʻilgan chaqaloq oʻrtasidagi aloqa rivojlanishning muhim qismidir.

Masalan, chaqalogʻingiz tabassum, teginish yoki erkalash kabi sizga kerakli narsani olganda, dunyoni oʻynash va oʻrganish uchun xavfsiz joy deb hisoblaydi. Bu unga hissiy farovonlik va hayotdagi muvaffaqiyatsizliklar bilan kurashishda asos yaratadi. Bogʻlanish va yaqinlik ham chaqaloqning aqliy hamda jismoniy oʻsishiga yordam beradi. Masalan, bir-birining koʻzlariga qarash, quchoqlash, gapirish va qoʻshiq aytish kabi odamlarning takroriy aloqasi yangi tugʻilgan chaqaloqning miyasidan gormonlar chiqaradi. Bu gormonlar chaqalogʻingizning miyasi oʻsishiga yordam beradi. Miya oʻsishi bilan xotira, fikrlash va til ham rivojlana boshlaydi.

Yangi tugʻilgan chaqaloqning bogʻlanish xatti-harakatlarini tushunish

Yangi tugʻilgan chaqalogʻingiz tana tili yordamida sizga biror nimaga muhtojligini aytadi – masalan, ovqatlantirish yoki taglikni almashtirish. U, shuningdek, siz bilan bogʻlanish va aloqani mustahkamlashni xohlagan vaqtda tana tilini ishlatadi. U:

  • sizga tabassum qilishi yoki koʻzingizga qarashi – chaqaloqlar koʻzga qarashni xush koʻradilar;
  • “gu-gu”lash yoki kulish kabi past tovushlar chiqarishi;
  • boʻshashgan va qiziquvchan koʻrinishi;
  • yigʻlashi mumkin.

Agar kichkintoyga tanaffus yoki boshqacha, yumshoqroq yondashuv kerak boʻlsa, u:

  • boshqa tomonga oʻgirilishi, koʻzini yumishi yoki esnashi;
  • kurashishga yoki chekinishga harakat qilishi;
  • tarang va bezovtalangan koʻrinishi;
  • yigʻlashi mumkin.

Agar chaqaloqning xabarlarini “oʻqish” va toʻgʻri javob berishni oʻrgansangiz, bu uni koʻproq muloqot qilishga undaydi. Bu omil sizning aloqangiz uchun yaxshi, shuningdek, chaqalogʻingizga muloqot, xulq-atvor va his-tuygʻularni oʻrganishda yordam beradi.

Agar chaqalogʻingizning ishoralari va tana tilini sezsangiz hamda doim iliq va mehrli javob bersangiz, u oʻzini xavfsiz his qiladi. Bu bolangiz bilan mustahkam munosabatlar oʻrnatishga yordam beradi.

Yangi tugʻilgan chaqaloq bilan qanday yaqinlashish kerak?

Yangi tugʻilgan chaqaloqqa iliq, yumshoq mehr-muhabbat bilan bogʻlansangiz, u oʻzini xavfsiz his qiladi. Mana baʼzi fikrlar:

  • Yangi tugʻilgan chaqaloqni doim qoʻlingizga olib, quchoqlab turing. Uni allalashga yoki bagʻringizga bosishga harakat qiling. Yostigʻini almashtirganda yoki choʻmiltirganda uni sekin siypalab qoʻying.
  • Yigʻlashiga javob bering. Yangi tugʻilgan chaqaloqning nima uchun yigʻlayotganini doim ham ayta olmaslik mumkin. Lekin siz unga javob berib, oʻzini xavfsiz his qilishiga yordam berasiz.
  • Yangi tugʻilgan chaqaloq oʻzini jismonan xavfsiz his etishini taʼminlang. Bolani koʻtarganingizda bosh va boʻynini mahkam tuting. Kichkintoyni yoʻrgaklash unda bachadonda boʻlganidek xavfsizik hissini qayta tiklaydi.

Chaqaloq bilan unga qarash, uni tinglash va his qilishda kerakli narsalarni berish orqali bogʻlanishingiz mumkin. Bu uning miyasi yaxshi ishlab, yanada oʻsishiga olib keladi. Ushbu gʻoyalarni sinab koʻring:

  • Yangi tugʻilgan chaqaloq bilan iloji boricha tinchlantiruvchi va tasalli beruvchi ohanglarda gaplashing. Nima qilayotganingiz haqida gapirishingiz yoki ertaklar aytib berishingiz mumkin. Bu chaqalogʻingizga sizning ovozingizni tushunishni oʻrganishga yordam beradi. Bundan tashqari, u katta boʻlganida tezroq til oʻrganishida zamin yaratadi.
  • Qoʻshiq kuylash. Chaqaloqqa, ehtimol, qoʻshiq va musiqaning yuqori va past tovushlari, shuningdek, ritmi yoqar. Tinchlantiruvchi musiqa unga yordam berishi mumkin – siz esa oʻzingizni xotirjam his qilasiz. Soʻzlar yoki ohangni unutgan boʻlsangiz ham, yangi tugʻilgan chaqaloq bunga qarshi boʻlmaydi.
  • Gapirish va qoʻshiq aytish paytida yangi tugʻilgan chaqaloqning koʻzlariga qarang va yuz ifodalarini oʻzgartirib turing. Bu unga soʻzlar va his-tuygʻular oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrganishda yordam beradi.
  • Yangi tugʻilgan chaqaloqning sezgilarini ragʻbatlantiring. Tugʻilgandan boshlaboq chaqaloq hatto eng ohista tegishni ham sezadi. Taglik almashtirilayotganda oyogʻini yumshoq mato bilan sekin siypalashga harakat qiling. Bu haqda gapiring ham, masalan: “Buning yumshoqligi yoqyaptimi?” deng.

Qanday paytda yaqinlik va bogʻliqlik qiyin kechadi?

Bolangizni ilk bor koʻrganda unga bogʻlanib, uni ham oʻzingizga bogʻlab qoʻygandirsiz. Agar bir zumda bogʻlanishni sezmagan boʻlsangiz, bu normal holat. Bogʻlanish baʼzida chaqaloq bilan tanishish va tushunish uchun bir necha hafta yoki oy talab qilishi mumkin.

Oʻzaro aloqani mustahkamlashga yordam beradigan baʼzi tavsiyalar:

  • Kichkintoyingiz bilan muloqot qilishdan zavqlanish uchun vaqt toping. Yangi tugʻilgan chaqaloqqa gʻamxoʻrlik qilish qiyin boʻlishi mumkin, lekin vaqtni birga oʻtkazish yaxshi. Masalan, chaqalogʻingizni koʻtarib, unga qoʻshiq aytib berishingiz mumkin. U jurnal yoki gazeta oʻqiyotganingizda ham ovozingizni eshitishni yaxshi koʻradi.
  • Dunyoga bolakay koʻzi bilan qarang. U nimaga qarayotgani, nimani his qilayotgani yoki nima qilmoqchi ekanini tasavvur qiling. Nimani yaxshi koʻrishi va nimani yoqtirmasligini bilib oling. Misol uchun, u odamovi emasmi, oila aʼzolariga berilishiga qarshilik qilmaydimi? Yoki atrofda nimalar boʻlayotganini qoʻllaringizda turib kuzatishni afzal koʻradimi?
  • Moslashuvchan boʻling. Yangi tugʻilgan chaqaloqlarning koʻpchiligida kunduzgi va tungi uyqu rejimi yoʻq. Yaʼni chaqaloqlardan qatʼiy tartibni kutish toʻgʻri emas. Kichkintoy ovqatlanishni, uxlash yoki oʻynashni xohlaganida javob berish maqsadga muvofiq.

Siz chaqaloqning hayotida eng muhim boʻlaksiz. Agar u bilan munosabatlaringizdan xavotirda boʻlsangiz, yordam soʻrang. Kichkintoy bilan yordam olish ikkalangiz uchun ham katta farq qiladi. Kerak boʻlsa, uni qoʻllab-quvvatlang – agar jismoniy va ruhiy jihatdan sogʻlom boʻlsangiz, bolaga kerakli sevgi va tasallini bera olasiz.

Bir nechta ota-ona bilan muloqot qilish

Chaqaloq siz va umr yoʻldoshingiz kabi unga eng koʻp gʻamxoʻrlik qiladigan odamlarga katta yaqinlik-bogʻliqlik hissini shakllantiradi. U, shuningdek, muntazam mehr beradigan va oʻzini xavfsiz his qiladigan boshqa odamlarga ham bogʻlanib qoladi. Bu chaqaloqning bobo-buvisi, enaga va aka-opasi boʻlishi mumkin.

Bir nechta odam bilan bogʻlanish chaqalogʻingiz odamlarga ishonch va yaqinlik haqida bilib olishiga yordam beradi. Bu siz va juftingizga haq toʻlanadigan ish, oziq-ovqat xaridlari hamda uy ishlari kabi boshqa yumushlarni bajarishni osonlashtirishi mumkin. Bu, shuningdek, bola parvarishidan biroz tanaffus qilishingizga ham imkon beradi.

Koʻp madaniyatlarda oila va jamoaning koʻp aʼzolari bolalarni tarbiyalash bilan shugʻullanadilar va chaqaloqlar koʻp odamlar bilan bogʻliqlikda oʻsishadi.