Yettinchi-toʻqqizinchi oylar – yangi kashfiyotlar
Muloqot
Nima yangiliklar?
Yettinchi oydan toʻqqizinchi oygacha farzandingiz koʻpincha gugulaydi. Uning gaplarini, soʻzlarini tushunolmasangiz ham, nutq ritmidan foydalangani uchun u chiqargan tovushlar haqiqiy suhbatga oʻxshab ketishi mumkin. Ushbu davrda baʼzi bolalar allaqachon birinchi soʻzlarini aytishadi. Garchi farzandingiz hali ularning maʼnosini aniq bilmasa ham, bu soʻzlar “o-yi” yoki “da-da”ga oʻxshab ketadi. Bu yoshda farzandingiz boshqa baʼzi soʻzlarni tushunishini koʻrsatadi. Masalan, “Oyi qani?” yoki “Dada qani?” degan savolga javoban onasini yoki otasini qidirib topishi mumkin. Yoki u “yoʻq” degan soʻzni eshitib, qilayotgan ishini toʻxtatishi mumkin.
Qanday yordam bera olasiz?
Bolangiz bilan oddiy kundalik ishlar haqida gaplashing. Bola u bilan suhbatlashishingizni yaxshi koʻradi. Bu oson: unga nima qilayotganingizni aytib bering, u foydalanayotgan yoki uning atrofidagi joy va narsalarni (mana olma, mana doʻkon) nomlang. Bu farzandingiz narsalarni nomi va maʼnolari bilan bogʻlay olishiga yordam beradi. Farzandingiz tixirlik qilganda iliq munosabatda boʻling. Masalan, u oshxonadagi mevalarga qarab “ah-ah-ah” deb intilsa, siz uning tovushlariga taqlid qiling va “Ha, olmalarni koʻryapsanmi? Qara, mana olma!” deng. U bilan suhbatlashishdan tashqari har kuni unga qoʻshiqlar, hikoyalar aytib, kitoblar oʻqib bering. Bu uni qanchalik sevishingizni koʻrsatadi va bola muloqot qilishni oʻrganishiga yordam beradi.
Hissiyotlar
Nima yangiliklar?
Bu yoshda farzandingiz xursand yoki kayfiyati yoʻq ekanini sizga hatto soʻzsiz ham juda aniq maʼlum qilishi mumkin. Bu oylarda farzandingiz sizga, yaqin oila aʼzolariga yoki tarbiyachilarga kuchli rishta bilan bogʻlanadi. Shu bilan birga, yangi odamlardan qoʻrqish hissi ham kuchayadi. Qoʻshningiz mehmonga kelganda farzandingiz yashirinishi yoki yigʻlashi mumkin, hatto u bir necha oy oldin bu odamga xursand boʻlib borgan boʻlsa ham. Katta ehtimol bilan u sevimli odamlari kim ekani haqida aniq biladi, ularning eʼtibori va yordamini qidiradi. U yangi jismoniy koʻnikmalaridan sizga yoki boshqa tanish kishisiga yaqinlashishda foydalanishi mumkin. Tabassum qilganda esa qanday javob berishingizni kutadi. Agar xonadan ozgina vaqtga boʻlsa ham chiqsangiz, bola tashvishlanishi mumkin. Agar u bundan yoki boshqa narsadan xafa boʻlsa, uni quchoqlab ovuntiring.
Qanday yordam bera olasiz?
Yodingizda boʻlsin, bu hozirgi yoshdagi odatiy xulq-atvordir. Bola oʻz dunyosidagi eng muhim odamlar kimligini va sizga qay darajada qaygʻurishini koʻrsatadi. Baʼzan qiyin kechsa ham, sabr-toqatli boʻling va farzandingiz yangi odamlar bilan uchrashganda oʻzini xavfsiz his etsin. Bolaning yangi vaziyatlarga va odamlarga qanday munosabatda boʻlishiga eʼtibor bering, chunki uning javob harakatlari haftadan haftaga oʻzgarishi mumkin. Agar yangi odamlar uning dunyosining bir qismiga aylanib qolsa, bolangiz ularga asta-sekin koʻnikishiga yordam bering, shunda u oʻzini qulay his etadi. Farzandingizda sezgan his-tuygʻularingizni nomlang: “Ha, koʻrib turibman, qoʻrqyapsan. Lekin xavotirga oʻrin yoʻq. Hammasi yaxshi boʻladi. Men shu yerdaman. Koʻraylik-chi, oʻzingni yaxshiroq his qilishing uchun nima yordam bera olarkanman?
Agar siz farzandingizdan doimiy ravishda uzoqda boʻlishga majbur boʻlsangiz, bola parvarish qilish dasturida qatnashsa (bola massajga borayotgan boʻlishi mumkin), farzandingizning yonida baʼzi sevimli narsalari borligini va parvarish qiluvchi bilan tanishligini tekshiring. Ilojingiz boʻlsa, bola har kuni bir xil parvarish qiluvchi bilan qolishini taʼminlang.
Tafakkur qilish
Nima yangiliklar?
Farzandingiz emaklay boshladi va hatto yordamingiz bilan tik tura olyapti. Shu bois u uchun dunyoning yangi qismi ochiladi. Oʻziga qiziqarli narsalarga yetib borishi, ularni aniq tutib olib, ularni juda sinchkovlik bilan tekshirishi mumkin. Agar biror narsani mato bilan yashirsangiz, u oʻsha narsani oxirgi marta koʻrgan joyidan qidiradi. U mato bilan yopadigan oʻyinchoqni qidirib koʻrishi mumkin. Biron-bir narsani tashlasa, qayerga yoʻnalganini kuzatadi va tushgan joyini qidiradi.
Qanday yordam bera olasiz?
Bekinmachoq yoki “yashirish va topish” kabi oʻyinlarni oʻynang. Masalan, kichkina oʻyinchoqni mato yoki yopinchiq ostiga qoʻyib, oʻyinchoqni topishi uchun farzandingizni matoni tortib olishga undang. U fikrlash qobiliyatini va hissiy xavfsizligini oshiradigan ushbu turdagi oʻyinlarni takrorlashni yaxshi koʻradi. Bundan tashqari, u mayda narsalarni idishga solib, ularni yana qayta olish va buni yana va yana takrorlashni yaxshi koʻradi (Yaxshilab kuzatib boring, chunki bu yoshdagi bolalar narsalarni ogʻziga solib ham oʻrganishadi). U mayda narsalarni otib, toʻpchalarni oldinga va orqaga yumalatishiga imkon bering. Bola oʻynayotganida oʻz xatti-harakatlari baʼzi bir voqealar sodir boʻlishiga (sabab / natija) – muhim kashfiyotga sabab boʻlishi mumkinligini tushuna boshlaydi.
Harakatlar
Nima yangiliklar?
Ushbu oylar hayajonli oʻzgarishlarni keltirib chiqaradi. Ushbu davrda farzandingizda atrofdagi dunyoning jozibasini kashf etishiga imkon beradigan koʻplab yangi harakat koʻnikmalari rivojlanadi. Har bir bola oʻziga xos jadval asosida alohida rivojlanadi, biroq bu yoshdagi bola katta ehtimol bilan endi nafaqat mustaqil oʻtirishni, balki emaklab yoki sudralib yurishni ham boshlaydi. Bundan tashqari, u mayda narsalarni barmoqlari bilan ushlab turishda tobora mahoratli boʻlib boryapti. U narsalarni qoʻllari yordamida mohirlik bilan tekshiradi, ularni koʻpincha bir qoʻldan ikkinchisiga uzatadi. Ammo narsalarni ogʻziga solish – hali ham uning asosiy oʻrganish usuli. Bu va boshqa sohalarda farzandingizning mustaqilligi oʻsib boradi. Bu davrda anʼanalaringizga qarab bolangizni quyuq ovqatlarga ham oʻrgatishingiz mumkin.
Qanday yordam bera olasiz?
Farzandingizni qiziqarli narsa-buyumlarning yoniga qoʻying, ular bolaga xavf tugʻdirmasligiga eʼtibor bering. Atrof-muhit xavfsiz va zarur payti yordam berishingiz mumkin boʻlgan sharoitda bolangiz xona boʻylab erkin harakatlanishiga ruxsat bering. Boʻgʻilish, tiqilib qolish xavfining oldini olish uchun bolangiz qoʻlga olayotgan narsalarning hech biri juda mayda emasligiga ishonch hosil qiling. Sizning vazifangiz – oʻrganishga yetarli darajada ragʻbatlantiradigan, ammo turli xavf-xatardan xoli muhit bilan farzandingizni taʼminlashdir. U nimanidir kashf etganida uning kashfiyotini tabassum bilan qarshi oling yoki izohlang (“Qara, nima topding – piyola-ku! Men ham koʻrsam boʻladimi?”). Shu tarzda bola oʻzida qiziquvchanlikni rivojlantirishni oʻrganadi, bu jarayonda oʻzini xavfsiz va himoyalangan his qiladi.
Agar u quyuq ovqat yeyishni boshlasa, har xil taʼmlarni oʻrganishi va yangi taomlarni sinab koʻrishiga imkon bering. Ushbu yoshdagi bolalarning aksariyati ovqatni mustaqil yeyishga harakat qiladi (ovqat boʻlaklarini yigʻish va oʻzi yeyish orqali).
Oʻyin orqali bola rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashning koʻplab boshqa usullarini topish uchun “Birgalikda oʻynaymiz” boʻlimiga oʻting.
Ota-onalarning bola 7 oydan 9 oygacha boʻlgan davrdagi rivojlanishidan xavotirlari
Har bir bola oʻziga xos tarzda rivojlanib borgani sababli farzandingiz qachon yoki qanday qilib maʼlum bir malakani takomillashtirishini aniq taxmin qilish mumkin emas. Ushbu davrda kutilgan va sanab oʻtilgan qobiliyatlar (rivojlanish bosqichlari) bolangiz oʻsishi va kutishingiz mumkin boʻlgan oʻzgarishlar haqida umumiy maʼlumot beradi, xolos. Uning rivojlanishi biroz boshqacharoq kechsa, tashvishlanmang.
Ammo bolangizda rivojlanishning kechikishiga oid quyidagi alomatlar kuzatilsa, farzandingiz ilgari egallagan baʼzi koʻnikmalarini yoʻqotib qoʻygandek boʻlsa yoki tashvishlanishning boshqa sabablari mavjud boʻlsa, pediatringiz [yoki boshqa tibbiy yordam koi boshqa tibbiy yordam koʻrsatuvchi] bilan suhbatlashing.
Xavotir olishning boshqa sabablari:
- chaqalogʻingiz siz bilan koʻz orqali aloqa qilmasa yoki koʻzlari bilan harakatlanadigan narsalarni kuzatmasa;
- gugulamasa (“oyi”, “dada” va boshqalar);
- boshini tovush manbai tomon burmasa;
- qayerga ishora qilayotganingizga qaramasa;
- tarbiyachilariga munosabat koʻrsatmasa – ularga tabassum qilmasa;
- oʻz ismiga javob bermasa;
- yaqin odamlarni tanimasa;
- dumalamasa;
- koʻtarganingizda boʻshashgan yoki juda qattiq tirishgan boʻlsa;
- hatto yordamingiz bilan ham oʻtirolmasa;
- quyuq taom yeyishga qiynalsa.
Reference:
https://raisingchildren.net.au/babies/development/development-tracker-3-12-months/7-8-months
https://raisingchildren.net.au/babies/development/development-tracker-3-12-months/8-9-months
https://raisingchildren.net.au/babies/development/development-tracker-3-12-months/9-10-months
Laura E. Berk (2006), Child development (7ht edition), Allyn & Bacon
Dr sci Nirvana Pištoljević (2016), Rani razvoj deteta: šta treba znati, Udruženje pedijatara Srbije, Beograd.