Ikkinchi oy – oʻzaro moslashish va kun tartiblarni oʻrnatish

Qaniydi, sizga aytolsam... “Menga biron narsa kerak boʻlganda siz shu yerdasiz. Och qolsam, chanqasam, sizni koʻrishni, meni quchogʻingizga olishingizni xohlasam yoki uyqum kelsa, siz buni qandaydir tarzda sezasiz. Baʼzan yigʻlay boshlayman yoki boshqa tovushlarni chiqaraman va siz zum oʻtmay yetib kelasiz. Bu men uchun juda katta ahamiyatga ega. Menga gapirganingizda javoban biron-bir narsa aytishni istayman. Butun vujudim quvonchga toʻladi. Atrofimdagi chehralarga qarashni yaxshi koʻraman, qoʻllarimga qarashni ham yoqtiraman – ular juda ajoyib. Bu – ajoyib dunyo, lekin baʼzan hayajon juda kuchli boʻladi. Shu sababli dam olish va uxlash uchun tinch vaqtlar ham kerak. Ammo men oʻzimni xavfsiz his qilaman, chunki siz yonimdasiz”.

    Muloqot

Nima yangiliklar?

Ushbu davrda sezishingiz mumkin boʻlgan birinchi narsa farzandingiz  tugʻilgandan keyingi dastlabki kunlarda odatdagidan koʻproq yigʻlashidir. Bu rivojlanishning ikkinchi oyida yuz beradi va uchinchi oyda ham davom etadi.  Bu aslida farzandingiz siz bilan muloqot qilishni oʻrganayotganini anglatadi. Hozir uning yigʻlashi aniqroq – ochlik, bezovtalik yoki charchoqni koʻrsatadigan har xil yigʻlashlar. Siz uning guv-guvlagan tovushlar (“ooh” yoki “aah” boʻlishi mumkin) va gugular chiqarayotganini payqay boshlaysiz.

Qanday yordam bera olasiz?

 Uning muloqot usulini tushunayotganingizga ishonch hosil qilishi uchun bolaga biroz vaqt kerak, shu bois farzandingizning yigʻlashiga har safar javob berish muhimdir. Tovush chiqarganida bolangiz bilan aniq va sekin gaplashing, yuzingiz va ovozingizda quvonchni ifoda eting, uning tovushlarini takrorlang.

Hissiyotlar

Nima yangiliklar?

Bolangiz siz bilan munosabat oʻrnatib oldi va sizning hidingiz, ovozingizni tanidi. U sizni va boshqa tanish odamlarni qidirishga harakat qiladi. Bu davrda u sizga allaqachon birinchi tabassumi bilan javob berishi mumkin – bu sehrli lahza. 

U odatda ikkinchi oy davomida tovushlarga nisbatan sezgir boʻlib qoladi – u siz bilan gaplashganda nafaqat sizni taniydi, balki yuzingizga qarab ovozingizga javob ham beradi. U hali ham tasalli birib turishingizga muhtoj, lekin oʻzini tinchlantirishga qodir. Buning uchun, masalan, mushtini ogʻziga solishi mumkin.

Qanday yordam bera olasiz?

Har safar farzandingizning ehtiyojini qondirish bilan javob bersangiz – uni ovqatlantirish, nam kiyimlarini almashtirish paytida yoki ovozingiz va teginishingiz bilan unga murojaat qilish chogʻida u oʻzini qulay va xavfsiz his qiladi. Har doim yumshoq ovozda gapirish, muloyim siypash, tebratish yoki qoʻshiq aytish bilan bolangizni tinchlantiring. Bolangizga yoningizda boʻlish yoqadi. U atrofga qarashni va tinglashni yaxshi koʻradi.  Uni tebrating, qoʻshiq ayting, u bilan bola tilida gaplashing, tez-tez birga oʻynang. Unga yoqadigan va uni tinchlantiradigan narsalarga eʼtibor bering. U oʻzini tinchlantirishni oʻrganishiga yordam bering – u buning uchun, masalan, barmoqlarini soʻrishi mumkin.

Tafakkur qilish

Nima yangiliklar?

U koʻzlari bilan koʻp narsalarni oʻrganmoqda. Masalan, qiziqarli narsalarni kuzatib boradi. Bola oʻzi uchun yangi maʼlumotlar manbai boʻlmish odamlarni koʻrishga qiziqadi. Agar faoliyat turi oʻzgarmasa, bola zerikib, bezovtalanadi. Aksincha, yangiliklar juda koʻp boʻlsa, bola haddan ortiq taʼsirlanadi.

Qanday yordam bera olasiz?

Bolangiz qorni bilan yotganida uning oldiga yorqin rangli oʻyinchoqlar qoʻyishingiz va uni bir tomondan ikkinchi tomonga oʻtkazishingiz mumkin. Agar farzandingiz shikoyat qila boshlasa, oʻynash paytida boshini yon tomonga oʻgirsa yoki yigʻlasa, bu haddan ziyod taʼsirlanish belgisi boʻlishi mumkin. Oʻyinni biroz sekinlatish yoki tanaffus qilish kerak.  U biroz zerikkanmi-yoʻqmi, yangi mashgʻulotdan zavqlanyaptimi yoki uni xonaning boshqa qismiga olib borish kerak-kerakmasmi – bularni ham kuzatishingiz mumkin. Farzandingizni eng yaxshi biladigan odam sizsiz! Farzandingizga qarashi, tegishi va qoʻlida ushlab turishi mumkin boʻlgan turli xil narsalarni taklif qilishingiz mumkin. U chalqancha yotganda oʻyinchoq yoki shaqildoqni boshi atrofida, koʻzi balandligida tuting va unga yetib borishga undang. Bu bola uchun yangi va qiziqarli topshiriq boʻladi.

Harakatlar

Nima yangiliklar?

Ikkinchi oyning oxiriga kelib farzandingizning harakat qobiliyatlari tobora yaxshilanadi. Bolalar turli vaqt darajasida rivojlanadilar, lekin bu davrda bola qornida yotgan holda boshini mustaqil koʻtarib yon tomonlarga qimirlatadi.  Uning qoʻl va oyoq harakatlari yangi tugʻilgan chaqaloqqa qaraganda yumshoqroq va muvofiqlashgan. Oʻz tanasini kashf qilish unga qiziq, shuning uchun ham qoʻllar va barmoqlar, ehtimol, bu davrda uning uchun eng yaxshi ermak boʻladi. Masalan, u qoʻllariga qarab, ularni birlashtirib, ajratib qoʻllarini oʻrganadi va sizning yordamingiz bilan qoʻlida biror narsani ushlab tura oladi.

Qanday yordam bera olasiz?

 Bolangiz uygʻoq paytida uni qorni bilan yotqizing, yoniga qiziqarli va xavfsiz oʻyinchoqlar, buyumlarni qoʻying. Bolani silang va massaj qiling – bu bilan uning harakatchanligi rivojlanishini ragʻbatlantirasiz.  Shu bilan birga, u bilan bogʻlanasiz. Agar farzandingizning kayfiyati yoʻq boʻlsa, uni tinchlantira olasiz. 

Oʻyin orqali bola rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashning koʻplab boshqa usullarini bilish uchun “Birgalikda oʻynaymiz” boʻlimiga oʻting.

Ota-onalarning bola ikki oyligida rivojlanishidan xavotirlari

Har bir bola oʻziga xos tarzda rivojlanib borgani sababli farzandingiz qachon yoki qanday qilib maʼlum bir malakani takomillashtirishini aniq taxmin qilish mumkin emas. Ushbu davrda kutilgan va sanab oʻtilgan qobiliyatlar (rivojlanish bosqichlari) bolangiz oʻsishi va kutishingiz mumkin boʻlgan oʻzgarishlar haqida umumiy maʼlumot beradi, xolos. Uning rivojlanishi biroz boshqacha kechsa, tashvishlanmang.

Ammo bolangizda rivojlanishning kechikishiga oid quyidagi alomatlar kuzatilsa, farzandingiz ilgari egallagan baʼzi koʻnikmalarini yoʻqotib qoʻygandek boʻlsa yoki tashvishlanishning boshqa sabablari mavjud boʻlsa, pediatringiz [yoki boshqa tibbiy yordam koʻrsatuvchi] bilan suhbatlashing.

Xavotir olishning boshqa sabablari:

  • chaqaloq tez-tez va koʻp yigʻlasa, siz esa uni tinchlantira olmasangiz; 
  • odamlarning yuzlariga qisqa vaqtga boʻlsa ham qaramasa;
  • yorqin nurga yoki baland tovushlarga javob bermasa;  
  • ishtahasi yoki uyqusi yomon boʻlsa (yoki kuniga 16 soatdan ortiq uxlasa);
  • qoʻllarini yoki oyoqlarini umuman qimirlatmasa;
  • qoʻllarini ogʻziga keltirmasa;  
  • odamlarga tabassum qilmasa. 
References and comments

Reference:

https://raisingchildren.net.au/newborns/development/development-tracker/1-2-months

Laura E. Berk (2006), Child development (7ht edition), Allyn & Bacon

Dr sci Nirvana Pištoljević (2016), Rani razvoj deteta: šta treba znati, Udruženje pedijatara Srbije, Beograd.